December 6, 2024

GʻOYA, TAKLIF VA TASHABBUS

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 20-noyabr kungi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifi bilan 2025-yil Oʻzbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilindi.Hukumat yil nomida belgilangan eng muhim vazifalar boʻyicha davlat dasturini ishlab chiqishi belgilandi.
Ushbu dasturda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, koʻkalamzor hududlarni keskin koʻpaytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etishi zarurligi taʼkidlandi.
Prezident soʻzining davomida bugun nafaqat Oʻzbekiston, balki dunyodagi koʻplab mamlakatlar iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilayotganini, havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, choʻllanish, qazilma yoqilgʻilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning koʻpayishiga olib kelayotgani, atrof-muhit va aholi sogʻligʻiga zarar yetkazayotganini qayd etdi.

Oʻzbekistonda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangan. Qoʻshni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishilgan. Poytaxtimiz Toshkentda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish universiteti tashkil etilgan. Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori boʻldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylanmoqda.

Mazkur tashabbus va islohotlarga hamohang tarzda universitetimizda ham bundan ikki yil oldin “Ekobogʻ” barpo etildi va ushbu bogʻ ayni paytda gullab-yashnamoqda. Ushbu tashabbus va islohotlarni biz, yaʼni universitet yuridik fakulteti jamoasi, professor oʻqituvchilari va talabalarida qoʻllab-quvvatlaymiz hamda yil dasturida belgilanadigan tashabbuslar, gʻoyalar va chora-tadbirlarni amalga oshirilishi jarayonini bevosita ishtirokchilari boʻlamiz.
Shu bilan birga biz ham mazkur islohotlarning faol ishtirokchisi boʻlish bilan bir vaqtda taʼlim yoʻnalishimiz va ihtisosligimiz doirasidan kelib chiqib, quyidagi taklif, gʻoya va tashabbuslarni berishni lozim topdik.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks VIII-bobi, 65-96-moddalarida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik;
shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksini “Ekologiya sohasidagi jinoyatlar” deb nomlangan toʻrtinchi boʻlimi, XIV bobdagi 193-204-moddalarida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Biz ushbu huquq nomlarini har birini universitet talabalari, jamoasi va xalqimizga sodda va tushunarli shaklda yetkazish uchun bukletlar, broshyuralar, tarqatma materiallar koʻrinishida, shuningdek axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilikka yetkazish uchun audio-video roliklar koʻrinishida tayyorlab, taqdim etishni taklif etamiz.
Bundan tashqari, taklif etilayotgan yoʻnalishlarda sovrinli tanlovlar, ekologik toza atrof – muhitda sogʻlom turmush tarzini targʻib etish boʻyicha musobaqalar va shu kabilarni oʻtkazishni maqsadga muvofiq deb bilamiz.
Bundan koʻzlangan maqsad: keng jamoatchilikka ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatlar uchun javobgarlik asoslarini, oqibatlarini, fuqarolar va mansabdor shaxslar uchun belgilangan jazo choralari, javobgarlikning yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlarini, javobgarlikdan va jazodan ozod qilish shartlari va asoslarni yetkazishdan iboratdir.
Natijada, jamoamiz va xalqimizni huquqiy bilim va madaniyatini oshishiga mazkur yil nomidan kelib chiqib oʻz hissamizni qoʻshamiz degan umiddamiz.


Namangan davlat universiteti, Yuridik fakulteti katta oʻqituvchisi Mansur Artikmashrabovich Ibragimov