April 11, 2020

Namoz o‘qish tartibi

Bir kunda besh vaqt (bomdod, peshin, asr, shom va xufton) namoz o'qish har bir musulmonga farzdir.

BOMDOD NAMOZI

Bomdod namozi ikki rakat sunnat, ikki rakat farz – jami to'rt rakatdan iborat.
Bomdod namozining ikki rakat sunnati quyidagicha o'qiladi:

1. «Alloh rizoligi uchun qibla tomonga yuzlanib, bugungi bomdod namozining ikki rakat sunnatini o'qishni niyat qildim», deb ko'ngildan o'tkaziladi.

2. «Allohu akbar», deb iftitoh takbiri aytiladi. Bu takbirda erkaklar qo'llar kaftini qiblaga qaratib, bosh barmoqlarining uchini quloqlarining yumshoq joyiga tekkizishadi. Ayollar qo'llarini yelka barobarida ko'taradilar.

3. Qo'llar bog'lanadi. Erkaklar o'ng qo'l kaftini chap qo'l ustiga qo'yishadi. O'ng qo'lning bosh va kichik barmoqlari bilan chap qo'l bilagini ushlashadi.
Ayollar o'ng qo'lni chap qo'l us-tida tutib, qo'llarini ko'krakka qo'yadilar. Bu hol «qiyom» deyiladi. Qiyomda (tik turgan holda) sajda qilinadigan joyga qarab, navbati bilan, quyidagilar o'qiladi.

SANO DUOSI

Subhanakallouhumma va bihamdika va tabarokasmuka va taa’la jadduka va la ilaha g‘oyruk.
Ma'nosi: «Allohim! Sening noming muborakdir. Shon-sharafing ulug'dir. Sendan o'zga iloh yo'qdir».

FOTIHA SURASI

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَٰنِ الرَّحِيمِ

الْحَمْدُ لِلَّهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ

الرَّحْمَٰنِ الرَّحِيمِ

مَالِكِ يَوْمِ الدِّينِ

إِيَّاكَ نَعْبُدُ وَإِيَّاكَ نَسْتَعِينُ

اهْدِنَا الصِّرَاطَ الْمُسْتَقِيمَ

صِرَاطَ الَّذِينَ أَنْعَمْتَ عَلَيْهِمْ غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلَا الضَّالِّينَ

A’uzu billahi minash shaytonir rojiym. Bismillahir rohmanir rohiym. Al hamdulillahi robbil ‘alamiyn. Ar-rohmanir rohiym. Maliki yavmiddiyn. Iyyaka na’budu va iyyaka nasta’iyn. Ihdinas sirotol mustaqiym. Sirotollaziyna an’amta ‘alayhim g‘oyril mag‘zubi ‘alayhim valazzolliyn.

"Fotiha" surasining qiroatini (MP3) ko'chirib olish uchun shuni bosing.

Mazmuni: Allohning dargohidan quvilgan shayton yomonligidan Allohning panohiga qochaman. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). Hamd olamlar rabbi Allohgakim, (U) mehribon, rahmli va hisob-kitob kuni (Qiyomat)ning egasidir. Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so'raymiz! Bizni shunday to'g'ri yo'lga boshlaginki, (U) Sen in'om (hidoyat) etganlarning (payg'ambarlar, siddiq va shahidlarning) yo'lidir, g'azabga uchragan (Muso qavmidan itoatsizlarining) va adashgan (Iso qavmining «Allohning farzandi bor» deydigan)larning emas!
Fotiha surasidan so'ng bir zam (qo'shimcha) sura o'qiladi.
Yangi o'rganuvchilar quyidagi kichik suralardan birini zam qilishsa bo'ladi:

KAVSAR SURASI

إِنَّا أَعْطَيْنَاكَ الْكَوْثَرَ

فَصَلِّ لِرَبِّكَ وَانْحَرْ

إِنَّ شَانِئَكَ هُوَ الْأَبْتَرُ

Inna a’toynakal-kavsar. Fa solli lirobbika vanhar. Inna shaniaka huval abtar.

"Kavsar" surasining qiroatini (MP3) ko'chirib olish uchun shuni bosing.

Mazmuni: «(Ey Muhammad,) darhaqiqat, Biz Sizga Kavsarni* berdik. Bas, Rabbingiz uchun namoz o'qing va (tuya) so'yib qurbonlik qiling! Albatta, g'animingizning o'zi (barcha yaxshiliklardan) mahrumdir».
(Kavsar — jannatdagi bir ajib daryo yoki hovuzning nomi. Uning suvi asaldan totli, qor va suvdan oq. Undan ichgan kishi abadiy chanqoqlik ko'rmaydi.)

IXLOS SURASI

قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ

اللَّهُ الصَّمَدُ

لَمْ يَلِدْ وَلَمْ يُولَدْ

وَلَمْ يَكُنْ لَهُ كُفُوًا أَحَدٌ

Qul huvallohu ahad. Allohus-somad. Lam yalid. Va lam yuvlad va lam yakullahu kufuvan ahad.

"Ixlos" surasining qiroatini (MP3) ko'chirib olish uchun shuni bosing.

Mazmuni: (Ey Muhammad,) ayting: «U — Alloh yagonadir. Alloh behojat, (lekin) hojatbarordir. U tug'magan va tug'ilmagan ham. Shuningdek, Unga teng biror zot yo'qdir».

FALAQ SURASI

قُلْ أَعُوذُ بِرَبِّ الْفَلَقِ

مِنْ شَرِّ مَا خَلَقَ

وَمِنْ شَرِّ غَاسِقٍ إِذَا وَقَبَ

وَمِنْ شَرِّ النَّفَّاثَاتِ فِي الْعُقَدِ

وَمِنْ شَرِّ حَاسِدٍ إِذَا حَسَدَ

Qul a’uzu birobbil falaq. Min sharri ma xolaq. Va min sharri g‘osiqin iza vaqob. Va min sharrin-naffasati fil ‘uqod. Va min sharri hasidin iza hasad.

"Falaq" surasining qiroatini (MP3) ko'chirib olish uchun shuni bosing.

Ma'nosi: «(Ey Muhammad,) ayting: "Panoh tilab iltijo qilurman tong Parvardigoriga yaratgan narsasi yovuzligidan, tugunchaga dam uruvchi ayollar yovuzligidan hamda hasadchining hasadi yovuzligidan"».

AN-NOS SURASI

قُلْ أَعُوذُ بِرَبِّ النَّاسِ

مَلِكِ النَّاسِ

إِلَٰهِ النَّاسِ

مِنْ شَرِّ الْوَسْوَاسِ الْخَنَّاسِ

الَّذِي يُوَسْوِسُ فِي صُدُورِ النَّاسِ

مِنَ الْجِنَّةِ وَالنَّاسِ

Qul a’uzu birrobin-nasi malikin-nasi ilahin-nasi min sharril vasvasil xonnas. Allaziy yuvasvisu fiy sudurin-nasi minal jinnati van-nas.

"An-Nos" surasining qiroatini (MP3) ko'chirib olish uchun shuni bosing.

Ma'nosi: «(Ey Muhammad,) ayting: "Panoh tilab iltijo qilurman odamlar Parvardigoriga, odamlar Podshohiga, odamlar Ilohiga yashirin vasvasachi (shayton) yovuzligidanki, (u) odamlarning dillariga vasvasa solur. (O'zi) jinlar va odamlardandir"».

4. Zam sura tugagach, «Allohu akbar», deb ruku qilinadi. Erkaklar tirsaklari va tizzalarini bukmasdan, barmoqlarini ochgan holda, tizzalarini mahkam changallab egiladilar.
Ayollar erkaklarga nisbatan ozroq egiladilar. Tizzalarini bir oz bukadilar. Barmoqlarini jamlab tizzalarini tutadilar.
Rukuda uch marta «Subhana robbiyal aziym» (Ey buyuk Robbim, Sen barcha nuqsonlardan poksan), deyiladi.

5. Rukudan «Sami'allohu liman hamidah» (Alloh Uni hamd etganlarni eshitguvchidir), deb qad ko'tariladi, bu holat «qavma» deyiladi.
Qavma holida: «Robbana lakal hamd» (Ey Robbimiz, har turli hamd-sanolar yolg'iz Sengadir), deyiladi.

6. «Allohu akbar» deb avvalo tizzalar, ke-yin qo'llar, so'ng peshona va burun yerga tekkizilib, sajda qilinadi. Sajda qi-linayotganda oyoq panjalari qiblaga qaratiladi, erkaklarning tirsaklari yerga tegmaydi. Ayollar tirsaklarini yerga qo'yadilar. Sajdada uch marta: «Subhana robbiyal a'la» (Ey ulug' Robbim, Sen butun nuqsonlardan poksan), deyiladi.

7. «Allohu akbar» deb sajdadan bosh ko'tariladi va tiz cho'kkan holda bir oz o'tiriladi, bu holat «jalsa» deyiladi. Jalsada qo'llar, barmoqlar o'z holicha tutilib, songa qo'yiladi. Barmoq uchlari tizza bilan teng bo'lishi lozim.

Erkaklar chap oyoqlari ustiga o'tiradilar. O'ng oyoq panjalari qiblaga qaratiladi. Ayollar oyoqlarini o'ng tarafdan chiqarib o'tiradilar.

8. «Allohu akbar», deb ikkinchi marta sajda qilinadi. Sajdada uch marta: «Subhana robbiyal a'la», deyiladi. Shu bilan birinchi rakat tugaydi.

9. «Allohu akbar», deb qiyomga (tikka) turiladi.

10. Qiyomda «Bismillahir rohmanir rohiym»dan boshlab, Fotiha surasi, orqasidan bir zam sura o'qiladi.

11. «Allohu akbar», deb ruku qilinadi. Rukuda uch marta «Subhana robbiyal aziym», deyiladi.

12. «Sami'allohu liman hamidah», deb tik turiladi, ketidan «Robbana lakal hamd», deyiladi.

13. «Allohu akbar», deb sajdaga boriladi. Sajdada uch marta «Subhana robbiyal a'la», deyiladi.

14. «Allohu akbar», deb sajdadan bosh ko'tariladi va bir oz o'tiriladi.

15. «Allohu akbar», deb ikkinchi bor sajda qilinadi. Sajdada uch marta: «Subhana robbiyal a'la», deyiladi.

16. «Allohu akbar», deb sajdadan bosh ko'tarilib qa'dada o'tiriladi va quyidagilar o'qiladi:

«ATTAHIYYAT» DUOSI

Attahiyyatu lillahi vas-solavatu vattoyyibat. Assalamu ‘alayka ayyuhan-nabiyyu va rohmatullohi va barokatuh. Assalamu ‘alayna va ‘ala ibadillahis-solihiyn. Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan ‘abduhu va rosuluh.

Mazmuni: Mol, badan, til bilan ado etiladigan butun ibodatlar Alloh uchundir. Ey Nabiy! Allohning rahmati va barakoti Sizga bo'lsin. Sizga va solih qullarga Allohning salomi bo'lsin. Iqrormanki, Allohdan o'zga iloh yo'q. Va yana iqrormanki, Muhammad, alayhissalom, Allohning quli va elchisidirlar.

SALOVOT

Allohumma solli ‘ala Muhammadiv-va ‘ala ali Muhammad. Kama sollayta ‘ala Ibrohima va ‘ala ali Ibrohim. Innaka hamidum-majid. Allohumma barik ‘ala Muhammadiv-va ‘ala ali Muhammad. Kama barokta ‘ala Ibrohima va ‘ala ali Ibrohim. Innaka hamidum-majid.

Mazmuni: Allohim, Ibrohim va uning oilasiga rahmat etganing kabi, Muhammad va ul zotning oilasiga rahmat ayla, Sen hamdu maqtovga loyiq va buyuk Zotsan.
Allohim, Ibrohim va uning oilasiga barakotingni ehson etganing kabi Muhammad va ul zotning oilasi ustiga ham barakotingni ehson ayla. Sen hamdu maqtovga loyiq va buyuk Zotsan.

DUO

Robbana atina fid-dunya hasanatav-va fil axiroti hasanatav-va qina azaban-nar.

Mazmuni: «Ey Robbimiz, bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikni bergin va bizni do'zax olovi azobidan saqlagin».

17. Avval o'ng, keyin chap yelkaga qarab: «Assalamu alaykum va rohmatulloh» deb salom berilib namozdan chiqiladi.

17. Avval o'ng, keyin chap yelkaga qarab: «Assalamu alaykum va rohmatulloh» deb salom berilib namozdan chiqiladi.

Shu bilan bomdod namozining ikki rakat sunnati tugaydi.
Bomdod namozining ikki rakat farzi ham xuddi shu tartibda o'qiladi. Farqi — avvalo, erkaklar niyatdan oldin (boshqa farz namozlari oldidan ham) quyidagi iqomat takbirini aytishadi:

Allohu akbar, Allohu akbar,
Allohu akbar, Allohu akbar.
Ashhadu alla ilaha illalloh,
Ashhadu alla ilaha illalloh.
Ashhadu anna Muhammadar rosululloh,
Ashhadu anna Muhammadar rosululloh.
Hayya 'alas-solah, hayya'alas-solah,
Hayya 'alal-falah, hayya'alal-falah.
Qod qomatis-solah, qod qomatis-solah
Allohu akbar, Allohu akbar,
La ilaha illalloh.

Iqomat takbirining lafzlari azonnikiga o'xshaydi, farqi — bunisi tez aytiladi.
Bomdod namozining farziga quyidagicha niyat qilinadi: «Alloh rizoligi uchun bomdod namozining ikki rakat farzini o'z vaqtida o'qishni niyat qildim».
Qolgan qismi sunnat bilan bir xil davom etaveradi.