Ilon Mask Twitter’ni 44 mlrd dollarga sotib oldi
25 aprel kuni Ilon Mask Twitter’ni 44 milliard dollar naqd pulga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi - kompaniya direktorlar kengashi uning taklifini qabul qilgan.
Ikki haftacha oldin Ilon Mask Twitter xo‘jayinlariga kompaniyani unga sotishni taklif qilib, bu ijtimoiy tarmoqda ro‘yobga chiqarilmagan ulkan salohiyat borligi va o‘zi buni amalga oshira olishini aytgandi.
Aprel oyida Mask 2,89 mlrd dollar evaziga Twitter aksiyalarining 9,2 foizini sotib olib, kompaniyaning eng yirik aksioneriga aylangandi.
Keyinchalik Twitter Maskka kompaniya boshqaruvida qatnashishni taklif qilgan, ammo bu taklif rad etilgandi. Aprel oyi o‘rtalarida Twitter Maskni aksiyalar bilan bog‘liq firibgarlikda ayblab sudga berdi.
Bir hafta muqaddam istiqboli noaniq bo‘lib turgan kelishuv o‘tgan hafta oxirida, Mask kompaniya aksiyadorlarini chaqirib, ular bilan bitimning moliyaviy tafsilotlarini bo‘lishganidan keyin tezlashib ketdi.
Aksiyadorlar bosimi ostida qolgan Twitter har bir aksiya uchun 54,20 dollar taklif qilgan Mask bilan muzokaralarga kirishdi. Bu haqda xabarlar paydo bo‘lganida birjada Twitter aksiyasi bahosi 6 foizga ko‘tarildi.
Hozirgi kelishuv Mask 9 foiz aksiyani sotib olganini e’lon qilgan kundagidan 40 foiz qimmatroqqa tuzildi.
Shu bilan birga bu o‘tgan yili Twitter belgilagan va savdolashgan 70 dollarlik narxdan ancha past.
Endi Twitter kompaniyasi rahbariyati aksiyadorlardan kelishuvni ma’qullash uchun ovoz berishni so‘raydi.
Ilon Mask allaqachon bir qancha o‘zgarishlarni taklif qilgan - nashr etilgan kontentga cheklovlarni yumshatishdan tortib soxta akkauntlarni yo‘qotishgacha.
Ilon Mask - sayyoraning eng badavlat odami hisoblanib, Forbes jurnali uning boyligini 273,6 mlrd dollarga baholagan, bu qiymat asosan o‘zi rahbari bo‘lgan Tesla kompaniyasi aksiyalari hisobiga. Mask nomi bilan bog‘liq yana bir mashhur firma - SpaceX aerokosmik kompaniyasidir.
«So‘z erkinligi — demokratiya shakllanishining asosi, Twitter esa raqamli shahar maydoni, bu yerda insoniyat kelajak hayoti uchun muhim masalalar muhokama qilinadi. Men Twitter’ni avval hech qachon bo‘lmagan eng zo‘r darajaga olib chiqmoqchiman. Twitter katta salohiyatga ega, uning yangi qirralarini ochish, foydalanuvchilar hamda kompaniya bilan hamkorligimiz boshlanishini intiq bo‘lib kutyapman», degan Mask kelishuv haqida e’lon qilarkan.
Oq uy kelishuv borasida munosabat berishdan tiyildi.
«Twitter’ga kim egalik qilishidan qat’i nazar, AQSh prezidenti anchadan buyon yirik ijtimoiy tarmoqlarning ulkan ta’siri, ularning kundalik hayot tarzida egallagan hokimligi borasida qayg‘urib keladi. Bu platformalar keltirayotgan zarari uchun javobgar bo‘lishi kerak. Prezident bu maqsadlarga erishish imkonini beruvchi fundamental islohotlar o‘tkazish tarafdori hisoblanadi...» - degan Oq uy rasmiysi Jyen Psaki.
Twitter’dagi akkaunti bloklangan AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp blok yechilgan taqdirda ham bu ijtimoiy tarmoqqa qaytmasligini aytgan.
«Men umid qilamanki, Ilon Twitter’ni sotib oladi, chunki u bu ijtimoiy tarmoqni yaxshilaydi, u yaxshi odam. Ammo men Truth’da qolaman», degandi Tramp fevralda o‘zi ochgan yangi ijtimoiy tarmoqni nazarda turib.
Ilon Mask - Twitter’ning eski va doimiy foydalanuvchisi. Uning tarmoqdagi folloverlari soni 80 milliondan oshadi, u Twitter’da nima yozmasin, bu gap shu zahoti butun internetga yoyiladi.
U Twitter’dan o‘z kompaniyalari, jumladan SpaceX va Neuralink haqidagi yangiliklarni bo‘lishish uchun doimiy tarzda foydalanadi. Bundan tashqari, u tez-tez memlar e’lon qiladi va bu unga biznes, kosmos yoki avtomobillarga qiziqmaydiganlar orasida ham mashhurlik keltiradi.