Iroda ZOKIR qizi. Sust xotin (hikoya)
Shamol turib, daraxt shoxlari maromsiz raqsini boshlaydi, yel dastidanmi yog'och darvoza g'iyqillab yopiladi. Qishloqda shivir-shivir:
- Falonchixonning qizi juda sust chiqdi-da, tunov kuni maraka qilganimizda qarashgani kelibdi, voy-bo'o', bitta kosani yuvib joyiga qo'ygunicha qosh qoraydi. Oftobro'yaga ko'lanka yoyilib, kun botdiyamki, tugatdim demaydi-ya.
- Sust chiqqani rost, teng-to'shlari allaqachon ikkinchi bolasini tetapoya qildiradi-yu, bu hali yuribdi. Sovchilarni nuqul qaytararmish. Bilmadim, u-bu yerda kutgani bormikin yo?! O'zi boshdan ma'lum edi ichidan pishgani.
Yog'och eshik yana chertiladi, bosib o‘tilaverib yeyilib ketgan ostonada ikki juft kovush paydo bo'ladi. Salom-alik, eson-omonlik, maqsad-muddao, xayr-xo'sh...
-Shunchasini qaytarganing yetadi. Bunisiga ko'nasan, odamlar nima deydi?!
Qiz xo'rsinadi, qo'llari bilan qulog'ini berkitadi. Odamlar deyarini deb bo'ldi, nima demagani qoldi o'zi? Koshki eshitmasa onasini, quloqlari chippa bitib qolsa ham mayli. Nega odam bolasi o'ziga berilgan hayotni jimgina yashab o'tmaydi, nuqul tandirdagi cho'g'day birovlarning hayotini kovlagani-kovlagan. Xuddi hovuriga o'zining baxti pishib qoladiganday.
Aytilgan kuni "birov" uni belgilangan joyda kutib turgan bo'ladi. Qiz bilgan ssenariylarda dilga tugilgan hamma niyatlar shu "birov"da jam bo'lishi kerak. Avvaliga ular birinchi martadayoq soatlab suhbatlashishlari zarur, xuddi uzoq yillik tanishlarday. Axir suhbatni ulab ketishga mavzular yetsa, bu ne muammo, hammasi mos tushgandan keyin. Lekin uning ssenariysi boshqacha bo'ldi. Suhbat uzoq cho'zilmadi. Salom-alik, hol-ahvol, xayr-xo'sh. Yog'i to'ngib qolgan sho'rvaday sovuq va betatim hislar keyin ham iliy demadi hech.
- Kim ko'ngli bo'lib rozi bo'lgan ekanki, sen bo'lsang. Biz ham yig'lab-yig'lab tegganmiz.
Nima ham desin, qiz ko'ndi: odamlar "sust qiz bo'ldi" demasliklari uchun, zora shu bilan dahanlari yopilsa.
Yomg'ir yog'dir ho'l bo'lsin, sust xotin,
Yeri jahon ko'l bo'lsin, sust xotin.
- Eshitdingizmi, anavi sust qiz uzatilibdi. Odamning qanaqaligi to'y-u aza kunida bilinadi deyishgani rost-da. O'sha kuni chunonam yomg'ir yog'ib berdiki, tavba, yaqin orada bunaqa jalani ko'rmovdik.
- Bahorgi yomg'irni dalalarga foyda deyishadi, ekinlarga yaxshi bo'ldi shekilli?
- Xudo ko'rsatmasin! Yaxshi odamning to'yiyam shunaqa bo'ladimi, dasturxonini ko'rdingizmi, qatqaloq yerday qurib yotibdi-ya...
Yomg'ir yog'dir ko'k bo'lsin, sust xotin
Qurg'oqchilik yo'q bo'lsin, sust xotin.
Qiz tushgan joyida ko'karib ketgach, qolgani silliq ketishi kerak edi-yu, lekin baxtni his qilmoqlikka u silliqlikning o'zi kifoya qilmadi. Aslida "tinib-tinchib ketish" unga o'zidan ham ko'ra, o'sha odamlarning nigohidan tezroq qutulishi uchun kerak edi. Qiz o'z dunyosida, e'tibordan holi yashashni orzu qilardi.
O'zining dunyosida o'zining odamlari bor. Birov birovi bilan ishi yo'q odamlar, qarorlaringni muhokama qilmaydigan odamlar, o'z baxti-yu, baxtsizligida bir-birlarini ayblamaydigan odamlar... va yana u olamda tosh haykallar ham bor. Yomg'ir yog'sa, xushqad go'zallar shakli berilgan bu haykallar tirilib, raqsga tushishni boshlaydi. Qiz har gal yomg'ir yog'ganda somonxonaga chiqib, uzoq kengliklarda yastangan Qiztog'ning bo'rtik, keskir tig'day uchli qoyalariga tikilib o'tirishni yaxshi ko'radi. Osmonni qoq ikkiga yorib o'tuvchi chaqmoq chaqishi bilan paydo bo'ladigan momaqaldiroq ovozi shu qoyalarda tug'iladi go'yo.
Arpa-bug'doy bosh tortsin, sust xotin
Kayvonilar osh tortsin, sust xotin.
Esida, hali maktabga chiqmagan vaqtlari buvisinikiga ko'p borardi. Bir gal borganda osmonni quyuq qora bulut qoplab, jala yog'di. Keyin buvi nevarasini zeriktirmaslik ko'yida bir rivoyat aytib berdi:
Qadim zamonda bir podshohning qirqta qizi bo'lgan ekan. Qirqtasi ham bir-biridan aqlli, bir-biridan xushro'y, oy desa og'zi, kun desa ko'zi bor, ilm-u husni komil qizlar ekan. Vaqti kelib, ular bo'y yetibdi. Tabiiyki, otasi qizlarini yaxshi kuyovlarga uzatish taraddudiga tushibdi. Ammo shunday kunlarning biri-da, mamlakatga yov bostirib kelib, qirg'inbarot urush boshlanib qolibdi. Podshoh lashkarlari bilan yovga qancha qarshilik ko'rsatmasin, dushmanning qo'li baland kela boshlabdi. Yengilishini sezgan podshoh qizlariga chopar yuborib, yashirinishni amr etibdi. Voqeadan xabar topgan qirq qiz tog'ga qarab qochibdi. Dushman esa ularni izma-iz ta'qib eta boshlabdi. Qizlar tog'ning eng tepasiga chiqibdi, undan u yog'iga yo'l yo'q ekan. Orqadan esa dushman lashkarlari bostirib kelardi, ilojsiz qolgan qizlar or-nomusini saqlab qolish uchun boshlarini qoyalarga urib, o'zlarini halok qilibdi. Ularning jasadlari o'sha zahoti toshga aylanib, qoyalar bo'lib qad rostlagan ekan. Aytishlaricha, har gal yomg'ir yog'sa, toshqoyalar qizlarga aylanib, raqs tusharkan... Bu rivoyat haqiqatga qanchalik yaqin, u yog'i hech kimga ayon emas, lekin tog'ning Qiztog' deb atalashiga shu afsonani asos qilishadi, chunki Qiztog'ning past-baland qoyalarini sanab chiqsangiz, naqd qirqta chiqadi.
Qizning oddiy bir cho'pchakka qo'ygan bola ishonchi hamon uni tark etgan emas. Qachon yomg'ir yog'ishni boshlasa, asriy sukutga berilgan vazmin qoyalarga tikilgani-tikilgan. Go'yo mo'jiza yuz berib, qizqoyalar raqsini boshlaydiganday. Aslida uning shu qizlarga qo'shilgisi, yomg'ir ostida qalbidagi bor g'uborini to'kib raqs tushgisi, keyin o'sha qoyalarning qirq birinchisi bo'lib, o'zi ham shu tog'larda qolib ketgisi bor.
Afsus, bu xayollar uzoqqa cho'zilmaydi. Adoqsiz yumushlar shunchaki to'xtab, derazadan turib tabiatni kuzatishga ham izn bermaydi. Nachora, iloj qancha. Sust kelin sustligini ko'rsatmaslik uchun, quyoshdan avval turishi, ish bo'lsa-bo'lmasa hovlida kuymalanib yurishi shart, aks holda odamlar ta'na qiladi. Sigir-buzoq, idish-tovoq, kiyim-yamoq... Aslini olganda bularni amallash sust kelinga cho't emas. Ammo o'sha yetishmaydigan kemtikning o'rni bir zum mamnun yashashga bermaydi. Bora-bora qiz atrofidagilardan butkul uzilib boradi. Hatto "birovi"dan ham. Ularni faqat karmik rishtalar bog'lab turadi. Faqat to'rt devor ichida qurilgan oilagina qizni hayot mezonlariga bo'ysunib yashashga mahkum etadi. Qolgan vaqtlarda esa sovuqlikdan junjikib yashashga mahkum, inidan ayro qolgan polapon kabi.
Yomg'ir yog'dir ho'l bo'lsin, sust xotin,
Yeri jahon ko'l bo'lsin, sust xotin.
- Sust kelin sustligiga bordi, baribir. To'yiga yil to'ladi, haliyam ko'ngli hech narsaga sust ketmapti. Bir balosi bor, onasi folbinga qatnab yurganmish. Dardi og'ir shekilli.
Ayolning bor-u yo'q shaxdi yanada sustlashadi, shamol ko'z ochib lovullashga izn bermayotgan shamday miltiraydi. Goh bir-birining ketidan quvib, goh bir-biri bilan kimo'zarga yugurib va goho madori qurigan bemor kabi ohista lo'killab yillar o'tadi. Ayol ko'nikadi: jerkishlarga, oshkora ta'nalarga, xiyonatga, shafqatsiz kaltaklarga, tosh luqmalarga, zaqqum dorilarga...
Yomg'ir yog'dir, ho'l bo'laylik, sust xotin.
Biz ham senga jo'r bo'laylik, sust xotin.
O'sha yili bahor xasis keldi. Dalalar bir qatra yomg'irga zor bo'ldi. Qishloq ahli kelishib, "Sust xotin" ayttirmoqqa qaror berdilar. Faqat "sust xotinlik" qilishga qahramon kerak edi. Rusumiga ko'ra, marosim qo'shig'i jo'rligida yoshi o'ttizdan katta, egiz tuqqan ayol aravaga o'tqazilib ko'chama-ko'cha kezdirib chiqilishi kerak. Qishloq ahli esa ixlos bilan ataganini "sust xotin"ning etagiga tashlaydi. Har gal tanga tashlanganda ayolning boshi ustidan suv sochiladi.
Bir paytlar hayotligida "sust xotin"likka qizning o'sha ertakchi buvisi tanlanardi faqat. Shuning uchunmi, kampir odamlar orasida "Sust momo" nomini olgandi. Sust momo laqabiga nomunosib ravishda, baquvvat, dangal kampir edi. To'rtta o'g'li bor, kattalari egiz edi. Tutganini kesmasdan qo'ymasdi. Shuning uchunmi, bahor quruq kelgan yillari Sust momo tez-tez yo'qlab turilardi. Bir galgi marosimda buvisi bilan qo'shilib, qiz ham aravaga chiqdi. O'shanda buvining o'ziga yarashmagan allaqanday keng kiyimlarda, usti shalabbo o'tirishini ko'rib, qiz qo'rqib yig'lagan edi. Keyin uni aravadan ayirib qoldilar. Ammo qizning quloqlari ostidan nolaga o'xshash "sust xotin, suzma xotin" xonishlari ancha paytgacha ketmay yurdi.
Kayvonilar surishtirib-surishtirib, qishloqning egiz tuqqan ikki-uch ayolini "sust xotin" qilmoqchi bo'lishdi-yu, ularning hech biri unamadi. Yomg'ir ob-havoning ishi bo'lsa, telbaga o'xshab qo'shiq aytib, qishloq kezgan bilan nimani o'zgartirib bo'ladi?! Qolaversa, hech kimning sovuq havoda suvga bo'kib, ko'chama-ko'cha yurgisi yo'q. Kayvonilar endi qo'shni qishloqlardan odam izlamoqqa kirishdilar. Befoyda bo'ldi. Egiz tuqqan ayolni topish bir muammo bo'lsa, uni "sust xotin" tushishga ko'ndirish ikkinchi muammo edi.
Ayol birinchi marta bu tafsilotni allaqaysi mehmondorchilikka yig'ilgan xotinlardan eshitganda, ichida miltirab turgan umid shu'lasi yarq etganday bo'ldi. Bu umid bir marta bo'lsa ham, "sust xotin" bo'lib berish, zora shu orqali o'zining ham niyatlariga yetish ilinji edi. Axir bahor oyoq qo'ygandan buyon osmondan bir qatra bo'lsin tomchi tushmadi. Ayol qish adog'idan beri yomg'irni kutyapti. Ancha bo'ldi, qoyalar raqsini tomosha qilmaganiga. Boz ustiga shu safar yomg'ir yog'sa, qizqoyalarga o'z oyoqlari bilan bormoqchi. Ayol shu umid bilan yurak yutib taklifini bildirishga qaror qildi.
- O'sha "sust xotin"ni men o'ynab bersam qanday bo'larkin...
Xotinlar g'ala-g'ovur gurungdan bir pasga to'xtab, bir-birlariga lab burib alangladilar. Ayrimlar ayolga esing joyidami degan istehzo bilan tikilsa, ayrimlar shunchaki mazxaraomuz hiringlab qo'yishdi.
-Siz avval bittasini eplab tug'ib, katta qilib oling. "Sust xotin" bo'lish sizga havasmas!
Ayolning boshi quyi egildi, alamdan tizzalari titray boshladi, lablari pirpiradi. Ko'zlariga jimir-jimir yosh to'ldi-yu, sizib chiqmay turib qoldi. Nima desin, umr bo'yi ko'ksiga qamab kelgan ojizligi hozir ham bir so'z demoqqa yo'l qo'ymasdi. Ayol lablarini jim tishladi. Hech narsa bo'lmaganday to'xtagan joyidan davom etib ketgan g'ala-g'ovur oralab davrani tark etdi. Ketib borardi-yu, oyoqlari qaltirar, tizzalari bukilib-bukilib ketardi. U o'zini hech qachon bunchalik zaif his qilmagan. Yaqinlarining to'g'ri gap aralash ochiq kinoyalari, erining kaltaklari, ko'chaga haydalgan tunlari ostonada ottirgan tonglarida ham bunchalar ojizlik sezilmagandi. Egiz bolang yo'q deyishdi, axir uning armonlari egiz emasmi, ichida bolalab yotgan kuyuklari, o'n besh yildan beri gazaklab ketgan yaralari egizmasmi?! Har kecha musht ostida eziladigan qovoqlari, tunlari ovoz chiqarmay deb ro'molini kapalab yig'lagan ko'zlari egizmasmi? Nega unga "Sust xotin"lik havasmas? Axir eng ulkan sustligi shular emasmi?!
Ayol xayol bilan qanday qilib toshqoyalar qarshisiga kelib qolganini bilmadi. O'ziga kelib qarasa, to'rt tarafi tosh. Qiztog'ning haybatli bag'rida, biri qiyshiq, bir to'g'ri qoyalari qurshovida turibdi.
- Va nihoyat, meni topibsizlar-da - jilmaydi u, - meni davrangizga qabul qilasizmi? Qirq birinchingiz bo'lib, shu yerda qolsam, mayli bir umr yomg'irni kutib yashashga mahkum etilsam ham men chidayman. Axir odam bo'lib yashash azobi oldida tosh bo'lib yashash nima bo'libdi?!
Shu onda vazmin qoyalarning asriy sukuti noma'lum qizlar shiviri bilan almashganday bo'ladi. Qizlar uni "kel, kel" deganday imlaydilar go'yo.
Ayol ular tomon bir qadam bosadi. Yana ikki qadam qo'ysa yetarli. Boshi qoyalarga tega oaldi, undan u yog'i esa...
Ammo shu payti uzoqdan kimdir uning ismini aytib chaqirdi.
-Bu kimning ovozi? - seskandi ayol, - juda tanish...
-Nima qilyapsan bu yerda?! Uyga ketamiz, yur men bilan!
Shu tariqa qolgan hamma narsalar nazoratdan chiqib ketadi.
Ko'klamda o'ynab-kulaylik, sust xotin.
Ham sho'x-u ham zo'r bo'laylik, sust xotin
Bu orada nima ham bo'lib, ayolning gapi kayvonilarning qulog'iga yetib boradi-yu o'sha zahoti ayolning eshigini yo'qlab kelishadi.
-Mard ketibsiz, qizim, hech kimning jur'ati yetmagan jasoratni bo'yningizga olmoqchi bo'libsiz, sizga rahmat. Bema'ni gaplarni ko'nglingizga olmang...
Ertasi kuniyoq marosim taraddudi boshlandi. Ayolning egniga ko'rkam liboslar kiydirdilar, sochlari mayda o'rilib, boshiga katta oq shohi ro'mol tashlandi. Hamma baxtiyor, hamma bir-birdan mamnun edi negadir. Oppoq ot qo'shilgan aravaga yozilgan qavat-qavat ko'rpachalar ustida ayol boshi yarim egik, yarim ko'tarilgancha ketib borar, atrofida nimalar bo'layotganini tamoman unutgan, hissiz, quruq nigoh bilan odamlarni kuzatardi faqat. Ot jilovini bir o'spirin tutib ketar, odamlar arava izidan yurib, "sust xotin" qo'shig'iga jo'r bo'lishadi, ayolning etaklariga yaltiroq tangalar sochishadi. Har gal tanga tashlanganda ayolning boshidan suv sochiladi. Shohi ro'mol shokilalaridan chak-chak suv tomadi. Suv sovuq, muzday. Hali erta bahor emasmi, izg'irin zabti havodan ketmagan, etni junjiktiradi. Bora-bora ayolning badani dir-dir titrashni boshlaydi, ustidagi yupqa kamzuli sovuqni to'sishga ojizlik qilib qoladi. Odamlar qo'shiq aytishda davom etishadi.
Sust xotin, suzma xotin
Ko'lankasi maydon xotin!
Ayolning ko'karib ketgan lablari faqat bir so'zni pichirlaydi. Odamlar unga xuddi kelinchakka qaraganday havas va qiziqish bilan boqadilar. Ayol esa atrofidagi manzarani deyarli unutgan, xayolidagi qirq sherigi bilan uchqur qoyalarda raqs tushmoq bilan band bo'ladi. Ana, osmondan mayin, xush yoquvchi yomg'ir yog'ib turibdi, qizlar shunday go'zal raqs tushmoqdalarki, go'yo osmon hofiz-u, ular raqqosalardek, ona tabiat esa ularni zavq bilan tomosha qiladi. Ayol ham qizlar orasida, qulochlarini keng yozib, yuzini yomg'irga tutadi, ko'zlarini yumadi. Mayin tomchilar uning yuzini yengil savalab o'tadi, ko'ksiga urilgan shabada lablari shivirlab aytgan o'sha bir so'zni uzoq-uzoqlarga, o'sha o'zining odamlari yashaydigan o'zining olamiga olib ketadi...
Yomg'ir yog'di, do'l bo'ldi
Yeri jahon ho'l bo'ldi
Shaftolilar barg yozdi
Dunyo to'la gul bo'ldi.
Kayvonilar to'g'ri aytgan ekan. Odamning qandayligi to'y-u azasida bilinarkan. O'sha kungi marosim tugar-tugamas sust xotinning ahvoli og'irlashib qoldi. Uni shu zahoti shifoxonaga olib ketishdi. Sust xotin sustligini qildi baribir. Tez yordam mashinasi ko'zdan yo'qolishi bilan chunonam yomg'ir yog'ib berdiki, dalaman deganning hammasi suvga to'ydi. Osmonga tikilib, ko'zi teshilayozgan dehqonlarga Xudo berdi, arpa-bug'doylar uch karra bosh tortib oldi. Yomg'ir ketma-ket olti kun to'xtamadi. Yettinchi kun shifoxonadan xabar chiqdi.