October 18

Iroda ZOKIR qizi. Duduq (hikoya)

...Tilga kir, Nechundir uvushgan Duduqdir ko‘nglimning lahjasi. Bu bahor, bahormi chindan ham Va yoki o‘tmishning sharpasi? (Madina Norchayeva)

– S...suvvv – dedim ingrab, ovozimni hech kim eshitmadi, eshitsa ham tushunmasdi balki, chunki tilim titrab, so‘zlarni to‘liq talaffuz qilolmadim. Qiziq, shuncha yillar davomida duduq tillarni davolab kelgan shifokor navbat o‘ziga kelganda ojiz qolgandi. Endi payqadim, shu lahzada tishlarim orasidagi bir burda et doim so‘zlagan tilida emas, bolaligim bilan qo‘shilib unutilib ketgan ona tilimda gapirib ketgandi.
To‘satdan quloqlarim ostida onamning ovozi keza boshladi:

Oymomoning kulchasi, allayo-alla
Gulzorimning gulchasi, allayo-alla

Alla ortidan kimdir ismimni aytib chaqirdi:
– Oyqiz...
Peshonamda onamning qadoq qo‘llarini sezib, uyg‘ondim. Ko‘zimni ochsam qarshimda onam turibdi, biroz dag‘al ammo issiq kaftlari bilan to‘zg‘igan sochlarimni silayapti.
– Oyqiz, tura qol. Otangga tushlik eltib ber. O‘zim olib boray desam xamirim ko‘pib qoldi.
– Uyga qanday kelib qoldim, ona?! Qachondan beri bu yerdaman yoki tush ko‘ryapmanmi? Axir men... qanaqasiga???
Irg‘ib o‘rnimdan turdim. Qishloqdagi pastak uyimizda turibman, ochiq derazadan tomorqaga tutash hovlimiz, etakdagi tovuq kataklari va og‘ilxona yaqqol ko‘rinib turibdi. Nazarimda, bularning bari tush edi. Axir kuni kecha Stokgolmda, butunjahon logopedlar konferensiyasida qatnashayotgandim. Qanaqasiga yerning bir nuqtasida uxlab, boshqa nuqtasida uyg‘onish mumkin?! Bu reallikka zid, ishonish qiyin, demak ko‘rayotganim – tush, ha, tush. Shunday deya bilagimni chimchilab ko‘rdim, og‘riq sezildi. Yana-yana chimchilab o‘zimni uyg‘otmoq harakatiga tushdim: yo‘q, bor harakatlarim besamar ketdi. U yoqdan bu yoqqa yurib, yuz bergan bu sinoatning tagiga yetolmay halak bo‘la boshladim.
– Yo‘q bu aniq tush, men tush ko‘ryapman. Ma’ruzadan charchab qaytgan Ayka hozir mehmonxonadagi issiq o‘rnida maza qilib uxlayapti. Men atigi bir necha daqiqa uning tushida yashab bersam bo‘ldi. Atigi bir necha daqiqa...
Biz qo‘shni davlatlik ikki nafar hamkasbim bilan Shvetsiyada o‘tkaziladigan anjumanda Markaziy Osiyodan vakil bo‘lib ishtirok etish uchun Stokgolmga kelgandik. Tadbirga dunyoning turli nuqtalaridan logoped va foniatrlar taklif etilgandi, biz ishtirokchilar bilan sohaning muhim muammolari haqidagi ilmiy munozaralarda qatnashdik, tajribali olimlarning ma’ruzalarini tingladik. Tadbir besh kun davom etdi. Anjumanning oxirgi majlisidan keyin ishtirokchilarga Sergelstorgdagi restoranlardan birida ziyofat berildi. Hammasi zo‘r ketayotgandi, o‘zimdan shod, mamnun edim. Go‘yo dunyo ko‘z-o‘ngimda yal-yal zarga burkangancha ming turfa jilvalar qilib atrofimda aylanardi. Egnimdagi olifta liboslar, xorijlik hamkasabalarimning allambalo shevasiga taqlid qilib til “burab” gapirishim meni o‘zim tug‘ilib o‘sgan mana bu odmi muhitdan qanchalik uzoqlashtirgandi.

– Chayqatmay olib bor. To‘kilmasin. – O‘zimga kelgunimcha bo‘lmay, onam ichkaridan tuguncha olib chiqib, qo‘limga tutqazib qo‘ydi.
– Ona, men uyga qachon keldim, axir otamning vafot etganiga ancha bo‘ldi-ku, nega unga ovqat olib borishimni so‘rayapsiz?
Onam meni rostan eshitmadimi yoki eshitsa ham parvo qilmadimi, bilmayman, indamay ichkariga kirib ketdi.
Qo‘limda ovqat va non tugilgan tugun, bo‘shashib ko‘chaga chiqdim. Kun iliq, oftob qoq peshonada tursa ham tafti zaif, nazarimda erta bahorga o‘xshardi. Nimalar bo‘lyapti o‘zi, bu qanday sinoat bo‘ldiykin?! Badanimdan sovuq ter chiqib ketdi. Qaniydi bu tushdan tezroq uyg‘onib ketsam, derdim nuqul.
O‘sha kuni kechki ovqat vaqtida Amerika vakili bo‘lib qatnashayotgan professor Rashid Omonov bilan yonma-yon o‘tirib qoldim. Bu mening tadbir bahona erishgan yana bir yutug‘im bo‘ldi, chunki keksa olimning foniatriya sohasida butun dunyo bo‘ylab dovruq qozongan nihoyatda salmoqli tadqiqotlari bor edi. Yoshi 60 lardan oshgan professor asli o‘zbekistonlik bo‘lib, ota-bobolari uzoq qatag‘on yillari ummon ortiga boshpana izlab ketishganu shu bo‘yicha yashab qolishgan ekan. Yurtdan ketayotganida professor o‘n ikki yosh bo‘lgan. O‘zga davlat fuqarosi bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston haqida gapirayotib, ko‘zlarida porlagan quvonch yolqinidan uning Vatanimizga bo‘lgan mehri va qiziqishi ulkanligini sezish qiyin emasdi. Suhbat bahonasida olimga o‘zimni qiziqtirgan hamma savollarni berib oldim. Keyin gap boshqa mavzularga o‘ta boshladi, professorning o‘sha dilxira gaplarini eshitgunimcha hammasi yaxshi edi-yu, keyin gapimiz sira qovushmay qoldi, sovuq xayrlashdik va men xonamga chiqib uxlashga yotdim. Qattiq charchagan ekanman, boshim yostiqqa yetar-yetmas uyqu meni o‘z domiga tortib ketdi. Ko‘zimni ochsam, bu manzara: qishloqdagi uyimizda yotibman. Kimgadir bu haqda aytsam, meni jinniga chiqarsa kerak. Bu qanday hol axir?! Savolimga javob bera oladigan kimdir bormi, shunchasi kamday, onam sas chiqarishga qo‘ymay manavi allambalolarni qo‘limga tutqazib tashladi. Otangga olib bor dedimi, agar bu tush bo‘lsa, demak, otam hali hayot. Meni uni qidirib topishim kerak, balki qachon va qanday uyga kelganim, nega bunday bo‘layotgani haqida u bilar. Axir azaldan nimaiki savolga javob topolmay qolsam, menga o‘sha javobni topishga turtki beradigan birdan-bir inson – otam-ku.
Ushbu chigallikni yechishimda yordam beradigan yagona najot farishtasi – otamni qidirib yo‘lda jadalladim. Ichiga o‘ralgan issiq ovqat yoqimli iliq taft berib turgan tugunni quchoqlab ketib boryapman. Ko‘chalar sokin, jimjit. Ozroq yo‘l yurganimdan keyin ko‘nglimdagi xavotir xotirjamlik bilan almasha boshladi. Go‘yo otamni topsam hammasi hal bo‘ladigandek, yana o‘z hayotimga qaytadigandek edim. Otam katta ehtimol bilan o‘z dalasida ishlayotgan bo‘lsa kerak. Axir yana qayerga tushlik olib borish mumkin?!
Va nihoyat uzoqdan tutzor ko‘zga tashlandi. “Xayriyat”, dedim chuqur tin olib, o‘tgan yili bu yerlarni sotish uchun narxlatganimizda bilganman: otamning “hududi” shu yerdan boshlanadi. Tushim o‘tmishda sodir bo‘lyapti, demak bu dalalar halicha otamniki. Yetib borganimda otam tutlar soyasida shundoq maysalar ustiga qiyiq to‘shab, peshingi ibodatni ado etayotgan ekan. Bir chekkada turib, otamning ikki yelkasiga salom berishini kuta boshladim.
Mayin yel esyapti, endigina to‘piqqa ura boshlagan maysalar shamolda bilinar-bilinmas tebranib qo‘yadi. Atrofdan yoqimli tuproq hidi anqiydi. Dimog‘imda tuproq isini tuyishim bilan olis xotiralar yopirilib kela boshlaydi. Negadir har safar tuproq hidini tuysam, otam yodimga tushadi, otamni eslasam tuproq hidi. Men yerning isini otam isi deb bilaman. Bu hid uning kiyimlariga ham urib ketgan...
Esimda, shahardagi yagona o‘zga tilli maktabda xolamnikidan qatnab o‘qirdim. Haftaning har shanba kuni otam kelib, meni avtobusda uyga olib ketardi. Ulovdan tushishimiz bilan charchash “kasalim” qo‘zg‘alib qolsa, otam meni opichib olar, uning barvasta yelkalaridan yumshoq yostiq yo‘q edi men uchun. Ikkimiz qishloq manzaralarini kuzatgancha jim ketardik. Quloqlarim ostida yerga ship-ship urilgan qadam tovushlari va otamning bir maromda chuqur va tekis nafas olishi eshitilar, dimog‘imga bilinar-bilinmas tuproq hidi urilardi. Zum o‘tmay meni uyqu eltar, shu bilan ko‘zimni ochganimda uyda yotgan bo‘lardim.

Onamning aytishicha, oy to‘lib turgan kechada tug‘ilgan ekanman. Shuning uchun menga Oyqiz deb ism qo‘yishibdi. Men otamning o‘n bir yillik armonini ushatib, dunyoga kelganim uchun bolalikdan og‘zimdan chiqqani qarshimda paydo bo‘lishiga o‘rganib o‘sgandim. Atrofimdagilarga go‘yo hayotimdagi har bir inson, har bir narsa mening istaklarimni bajo keltirish uchun yaratilganday qarardim. Ota-onam mendan juda ko‘p narsa kutardilar, shuning uchun ular yaxshi joylarda o‘qishim uchun hamma narsani muhayyo qilib berardi. Shahardagi rus maktabiga borib qolishim ham, undan keyin tibbiyot bilim yurtida o‘qishim ham, keyingi faoliyatim ham, hatto o‘sha xalqaro anjumanda qatnashishim ham ota-onam tufayli edi. Bu haqda professor Omonovga so‘zlab berarkanman, u:
– Ota-onalar – hayot dengizida yo‘limizni topishda yordam beradigan mayoq kabidir, - deya fikrimni ma’qulladi, - ular bo‘lmasa, bilmadim, bu bepoyon bahrda yo‘l topolmay qancha tentirardik.
– Haqsiz, – dedim bosh irg‘ab. – Sakkiz yil avval otam dunyoni tark etdi. Hozir qishloqdagi uyimizda onam yolg‘iz o‘zi turadi. Onam juda ajoyib ayol, sodda, samimiy. Safar oldi ham fotiha olgani qishloqqa borgandim. Jomadonimga bir xaltacha tuproq solib qo‘yibdi. Ha desam, begona yurtga ketyapsan, shu tuproq seni vatanga bog‘lab turadi deydi. Lekin men bunaqa irimlarga ishonmayman. U shunchaki bir siqim jonsiz tuproq bo‘lsa, qanday qilib insonni bog‘lay oladi?!
– Yaqinroqdan qarasangiz bu yerda boshqa ma’no ham bor. – dedi professor jilmaygan qiyofasiga jiddiylik yugurtirib, – Qur’oni Karimning Rum surasida Alloh odamlarni tuproqdan yaratgani haqida so‘z boradi. Aslida bizning tuproqdan yaralib, basharga aylanib tarqalishimizning o‘zi Uning barkamol sifatlar sohibi ekaniga dalildir. Xudo insonni tuproqdan yaratgan. Inson atalmish bu ulkan mo‘jizaning asli ana shu siz aytgan bir siqim jonsiz tuproq. Darvoqe, suraning keyingi oyatlarida tillarimiz va ranglarimizning turlichaligi haqida ham aytiladi. Inson bolasi bir osmon osti va bir yer ustida yashaydi-yu, har xil tilda gaplashadi. Nima, ular bir tilda gaplashishsa bo‘lmasmidi?!
Professorga beradigan tayinli javobim yo‘q edi, shuning uchun gapini davom ettirishini jim kuta boshladim.
– Mana, siz – davom etdi u, – aytaylik, dunyoning nariga burchagiga borib qoldingiz, tilini bilmasangiz ham o‘zingizga o‘xshagan odamlar bilan til topisha olasizmi, olasiz, chunki zaboniy tafovutlar sizga to‘siq bo‘lolmaydi. Ko‘pchilik bu hodisaning qanchalik murakkabligi va sinoatga boy ekaniga e’tibor bermaydi. Aslini olganda, bularning bari ulkan moʻjiza.
– Sizga bir savol bersam maylimi, – kutilmaganda gap mavzusini boshqa tomonga burdi professor, – Nega ismingizni Ayka deb qo‘yishgan. O‘zbekchada bunday ism yo‘q shekilli?
Professorni allaqachon ona tilimizni unutib yuborgan deb o‘ylagan ekanman. Keksa olimning to‘satdan o‘zbek tilida gapirib yuborganidan ajablandim.
–– Asl ismim Ayka emas, Oyqiz. Xorijiy tillarda q harfini talaffuz qilish qiyin. Shuning uchun o‘zimni Ayka deb tanishtiraman hammaga. Tanishlarim meni Ayka deb bilishadi, faqat ota-onam uchun Oyqizman, xolos.
– Nega men o‘zbek tilida savol bersam ham, o‘zbekcha javob bermayapsiz? Nazarimda tilni ham ismga qo‘shib tokchaga olib qo‘ygansiz chog‘i?! – dedi u ma’noli kulib.
– O‘qish, ish, hayot – menda hammasi rus tilida. O‘zbekchada faqat kundalik muloqot gaplarini bilaman xolos, professor.
Professor xo‘rsindi. Uning jiddiy tortgan qiyofasida suhbat avvalidagi qiziqish va hayrat butkul yo‘qolgandi.

– Men Vatanimda bor-yo‘g‘i o‘n ikki yil yashaganman. Shunday bo‘lsa ham, uyda ota-onam o‘zbek tilida gaplashgani uchunmi, mendan keyin tug‘ilgan ukalarimning tillari ham o‘zbekchada chiqqan. Bu til – mening onam tili, otam tili, bobom tili. Menga hamisha ularni eslatib turadigan rishta. Ba’zan atrofimga chetdan nazar solib, ajnabiy tilning tanamni chirmovuqday o‘rab tashlaganini sezaman. Shunchaki, bu oqimda til bilmaslik, suzishni bilmagan odamning hovuzga tushishidek gap. Albatta, o‘zga tilni bilish yaxshi. Lekin odam suvda suza boshlaganidan keyin yerda yurishni ham unutmasligi kerak-da. Mana atrofga bir qarang. Hamma qizg‘in gurung bilan band. Ammo bu davrada o‘ylaringiz o‘z tilingizda nutqqa ko‘chishi mumkinmas, vassalom. Yantog‘u ajriqqa sudrab bo‘lsa ham begona tilda gapirishingiz kerak. Yo‘qsa, sizni tushunishmaydi, soqov odamning holiga tushasiz. Kulgili-ya, o‘zingiz duduqlarni davolaydigan do‘xtirsiz-u, duduqqa chiqasiz. Qo‘pol o‘xshatish uchun uzr, lekin kasbimiz ravon tilsiz xastalarga til ato etish bo‘la turib, o‘z tilimizda duduqlanib tursak, g‘alati emasmi? Meni bir savol qiynaydi: nega qosh-u ko‘zi tuqqanimday o‘xshash sizday qorako‘z millatdoshimga o‘z tilimda gapirsam, menga boshqa tilda javob qaytaradi, nega odamlar o‘z tilida nutqi yaxshi emasligidan faxrlanadi, jamiyatda bunday odamlarni nega duduq hisoblamaymiz, axir eng katta duduq shular emasmi?! Nega bugun ko‘chada biror ayolga tegajog‘lik qilgan kimsani jazolashga kelganda ikkilanmaymiz-u, ona tilni ochiqdan-ochiq xor qilgan, zo‘rlagan “aqlli”ning jinoyati haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz... Qizishib ketganim uchun uzr, men sizning shaxsiy tutumlaringizga aralashmoqchi emasman, bunga haqqim ham yo‘q, ammo o‘zbek tilida gapiruvchi bir inson sifatida sizning til borasidagi qarashlaringizda o‘zimga nisbatan hurmatsizlik sezdim. Ming bor uzr, Aykaxonim, nazarimda siz kechgan o‘sha Oyqiz sizdan ko‘p narsalarni olib ketganga o‘xshaydi.
“Tavba, bu odam juda g‘alati ekan. Kimning nima tilda gapirishi bilan birovning necha pullik ishi bor?! Ilmi to‘lib-toshgan olimlar keksaygan sari injiq bo‘lib, arzimagan narsadan ham kelishmovchilik izlaydi deyishgani rost shekilli.” – o‘ylardim ichimda. Shundan keyin professor bilan gapimiz sira qovushmadi. Ziyofat tugab, xayrlashar chog‘da professor qo‘limni mahkam siqib:
– Xayr, Oyqiz, Xudo siz bilan yana diydor ko‘rishishni nasib qilsin, – dedi jilmayib. Atrofdagilar bizga bir muddat savol nazari bilan tikilib qolishdi, chunki professor o‘zbekchada gapirgandi.
– Rahmat – deya oldim arang to‘ng‘illab...
Otam ikki yelkasiga salom berib, qo‘llarini duoga ochdi. Lablari bilinar-bilinmas qimirlay boshladi. Qimirlagani sari otamning tilidan sirg‘alib chiqa boshlagan jimir-jimir nurlar hovuchlarini limmo-lim to‘ldiraverdi. Qiziq, duoning ham rangi bo‘larkan-da? Nur-duolar otamning hovuchlaridan toshib, tizzalariga, undan esa yerga tushdi-da, urug‘lik ekish uchun tayyor qilib qo‘yilgan dalalar uzra o‘rmalab ketdi, tuproqqa urug‘ o‘rniga duo ekildi go‘yo... Bu duolarda nimalar bor, ulardan nelar unadi bilmayman. Axir men faqat tuproqni bilaman, yashil maysalarni va otamni. Balki yashayotgan umrimning har bir lahzasi avval duolar bilan shu tuproqqa ekilgandir. Otam otash saratonda yelkalari kuyib chopiq qilgan shu bug‘doylardan yanchilgan undan erta sahar onamning qadoq barmoqlarida xamir bo‘lib qorilgandir qismatim. Keyin o‘sha bag‘ri otash ona tandirning qornida pishib yetilgan nonga aylangan. Bu hayot nafasi shular orqali keyin menga o‘tgandir...
Darvoqe, bag‘ri otash ona-tandir rivoyatini bolaligimda otamdan eshitganman. O‘shanda ham otam shu dalada ketmon chopar, men otamning atrofida momiq tuproq ustida hakka o‘ynab, otamni tinimsiz savolga ko‘mardim.
– Ota, odam tuproq yeyishi mumkinmi?
– Hamma narsa bo‘lishi mumkin, Oyqizim, axir odam tuproqdan yaralgan.
– Men-chi? Menam tuproqdan yaralganmanmi?
– Albatta. Shuning uchun ham ko‘p yig‘lama deyman-da, yo‘qsa, loyga aylanib qolasan, – otam kuladi.
– Ko‘p yig‘lasa shunday bo‘ladimi?
– Tuproqqa suv qo‘shsang loy bo‘ladimi axir?! Eshit, senga bir rivoyat aytib beraman, – hikoyasini boshlaydi otam: – Bir ayolning yolg‘iz o‘g‘li bo‘lgan ekan. Ayol o‘g‘lini juda qattiq yaxshi ko‘rar, yer-u ko‘kka ishonmaskan. Bir kuni mamlakatda urush boshlanib, ayolning o‘sha yakka-yu yolg‘iz o‘g‘li ham urushga jo‘nabdi. Ona farzandini yig‘lagancha kuzatib qolibdi. Afsuski, oradan ko‘p o‘tmay o‘g‘ilning halok bo‘lgani haqida xabar kelibdi. Ayol qattiq kuyinibdi, farzand dog‘iga chidolmay, tinmay Xudoga nola qilib, o‘zining ham jonini olishini so‘ray boshlabdi. Uning bu ishi Tangrining qahrini keltirib, ayolni tuproqqa aylantirib qo‘yibdi. Ayol shunda ham ko‘z yosh to‘kishdan to‘xtamasmish. Tuproq-ayol yig‘layverganidan loy bo‘lib qolibdi. Shu atrofda bir usta kulol yashar ekan. O‘sha kulol tuproq axtarib yurib, haligi loyga duch kelib qolibdi. Qarasa, silliq va yumshoq qorilgan loy. Usta kulol loyni uyiga olib kelishga olib kelibdi-yu, undan nima yasash to‘g‘risida bir to‘xtamga kelolmabdi. Keyin tavakkal bilan loy yetganicha kattalikda biror nima yasashga qaror qilib, ishga kirishibdi. Aytishlaricha, tandir shunday paydo bo‘lgan. Farzand dardida bag‘ri qon bo‘lgan ona Xudoga isyon qilib qo‘ygani uchun, shu tarzda butun umr bag‘ri yonib yashashga mahkum ekan.
Otam hikoyasini tugatib, menga mayin jilmayadi.
– Shuning uchun, Oyqizim, sen ham biror qiyinchilikka duch kelsang, undan norizo bo‘lma, yig‘lama ham.
Bu so‘zlar otamning ovozida hali-hamon quloqlarim ostida jarang sochadi. Garchi hayotimning keyingi dovonlarida men tilimni butkul unutgan esam-da, otam bilan bo‘lgan shu suhbat sira yodimdan ko‘tarilmasdi.
Otam salom berib o‘rnidan turdi. Do‘ppisi ustidan bog‘langan qiyiqni yechdi-da tut soyasiga to‘shadi. – Bu yerga olib kel.
Tugunni ochib ichidagilarni bir-bir chiqardim.
Otam avzoyidan kayfiyati yo‘qqa o‘xshardi, buni ko‘rib yo‘l bo‘yi tayyorlab kelgan gaplarim yodimdan chiqib ketdi. Qo‘limdagilarni qiyiq ustiga qo‘yishim bilan otam shart o‘rnidan turdi-da, tutga osilgan xaltasidan bir kitob oldi.
– Ortimdan yur.
Otam shunday deya dala ichkarisi tomon yurib ketdi. So‘zsiz unga ergashdim. Dalaning qoq o‘rtasiga yetganimizda, otam qo‘lidagi kitobni menga tutqazdi.
– O‘qi, ovoz chiqarib, baland ovozda o‘qi!
– Ota, axir men...
– Gapimni tushunmadingmi??? – shunday deya otam qo‘liga ketmon olib, ishini davom ettirmoqqa kirishdi.
Tushunib-tushunmay kitobni ochdim: Abdurauf Fitrat, “Hind sayyohi qissasi”. Bu yerga yetib kelgunimcha meni qiynagan savollar qolib, endi otamning nega meni bu tarzda “jazolayotgani” qiziqtirardi. Otam jim ishini davom ettirar, men shundoq dalaning qoq o‘rtasida tik turgancha ovoz chiqarib o‘zbekcha kitob o‘qirdim. Kun qizdirgandan-qizdiradi, og‘irligimni bir oyog‘imdan ikkinchisiga, ikkinchisidan birinchisiga olaveraman, badanimdan hovur chiqayotganday bo‘ladi, suv ichgim keladi. Lekin otam suv ichishga ham, qiroatdan to‘xtashga ham izn bermaydi. Chanqoq zabtidan ovozim bora-bora pastlab ketadi.
– Balandroq o‘qi, – qat’iy buyuradi otam.
– Axir charchadiiim, buning ustiga so‘zlari qiyin ekan – deyman yig‘lamsirab.
– Buni qara-ya, chirmovug‘u ajriq so‘zlarni burro gapirgan tiling o‘zbekchi kitob o‘qishga kelganda toyilib qoldimi. Tilingdan o‘sgan u ajriqlarni olib tashlamasa bo‘lmaydi, bo‘lmasa ildizi g‘ovlab ketadi. O‘qi!
Quyosh tobora yondirar, tomog‘im qurib, shilinguday og‘riq berar, men esa shu holatda ham hindistonlik sayyohning ko‘rgan-kechirganlarini otamga hikoya qilardim. Tilimdan chiqayotgan so‘zlarning ma’nosini ongim anglamasdi. Ko‘zimga faqat nariroqda, tut shoxiga ilib qo‘yilgan jabduq ko‘rinardi. Bilmadim, oradan qancha vaqt o‘tdi, bir payt oyoqlarim bo‘shashib, dunyo atrofimda chirpirak bo‘lishni boshladi.
– Tilingda shunday unumdor tuprog‘ing bor, – derdi otam ketmon chopganicha menga parvo ham qilmay, – Sen bo‘lsa ajriq o‘stiryapsan. Bu kitob bug‘doy ekyapti o‘sha tuproqqa. Esingda bo‘lsin, sen o‘z tuprog‘ingda faqat yaxshi narsalar o‘stirishing kerak.
Keyin nima bo‘ldi, bilmayman. Ko‘zimni ochsam, mehmonxonada yotibman.
– S...suvvv – dedim ingrab, ovozimni hech kim eshitmadi, eshitsa ham tushunmasdi balki, chunki tilim titrab, so‘zlarni to‘liq talaffuz qilolmadim. Qiziq, shuncha yillar davomida duduq tillarni davolab kelgan shifokor navbat o‘ziga kelganda ojiz qolgandi. Endi payqadim, shu lahzada tishlarim orasidagi bir burda et doim so‘zlagan tilida emas, bolaligim bilan qo‘shilib unutilib ketgan ona tilimda gapirib ketgandi.
Yarim ochiq derazadan shaharning ayuhannos shovqini eshitilib turibdi. A’zoyi badanim olov bo‘lib yonar, tomog‘im qurib ketganidan achishib og‘rirdi. Nariroqda turgan grafindan suv quyib ichishga ham holim yo‘q, faqat ko‘rgan tushim haqida o‘ylardim. Keyin hammasi bir-bir yodimga tushishni boshladi: sakkiz yil oldin otamni tuproqqa qo‘yganimiz, onamning roziligisiz otamdan meros dalalarni sotib yuborganim, puliga turmush o‘rtog‘im bilan shahardan klinika ochganimiz, o‘z ishlarim bilan bo‘lib oyda bir marta bo‘lsa ham onamni yo‘qlolmaganim – hamma-hammasi.
Men kim bo‘ldim, ota-onam mendan shuni kutgan edimi, professor aytganidek, nahot ismim va tilim bilan qo‘shib o‘zligimni ham unutgan bo‘lsam. Kimman endi?! Meni kim deb atasinlar, o‘zi tug‘ilib-o‘sgan tuproqqa xiyonat qilgan bir nobakor farzandmi? Darvoqe, tuproq. Onam solib bergan tuproq. Qo‘llarim titrab, jomadonimni titkilashga tushdim. Xayriyat, tuguncha darrov topila qoldi. Tugunni yechishim bilan, yumshoq, iliq tuproq polga duv to‘kildi. Endi ko‘ribman, onam tuproqni otamning belbog‘iga tugib bergan ekan. Bir siqim tuproqdan hovuchimga oldim. Mana o‘sha, otam isi kelib turgan tuproq, serbaraka, pok, faqat yaxshi narsalar o‘stiradigan tuproq. Men esa o‘zimda faqat ajriq o‘stirdim, otam aytganiday yaxshilik undiradigan tuproq bo‘lolmadim. Shuncha o‘rgangan kazo-kazo bilimim bir pul bo‘ldi. Ko‘zlarimdan duv-duv oqqan yosh hovuchimdagi tuproqqa tomib, tomgan joyida halqa-halqa loy hosil qilardi. Loy tuproqni kapalab-kapalab og‘zimga soldim. Shu paytgacha sira bilmagan ekanman, tuproqdan bug‘doy non ta’mi kelarkan...

Iroda ZOKIR qizi