December 5

Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari va xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan turli tadbir va loyihalar, mahorat va sayyor darslar dayjesti

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Bank ishi fakulteti "Baholash ishi va investitsiyalar" kafedrasi tomonidan "Yangi Konstitutsiya mening taqdirimda" mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti "Davlat boshqaruvi" kafedrasi professor-o‘qituvchilari D. Azimova va A.Kenjaev ma’ruzalar bilan qatnashdi.

Davra suhbatida Bank ishi fakulteti dekani, dekan muovinlari, tyutorlar, "Baholash ishi va investitsiyalar" kafedrasi professor-o‘qituvchilari va fakultet talabalari ishtirok etdi.

Tadbir so‘ngida talabalar o‘rtasida Konstitutsiyaning yangi tahriri bo‘yicha blits-so‘rov o‘tkazilib, eng faol ishtirokchilarga sovg‘alar berildi.


TDYU O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, dotsent N.Ramazonov, professor G.Gulyamova hamda dotsent Sh.Ziyamuxamedova tomonidan buyuk rus yozuvchisi F.M.Dostoyevskiyning 203 yilligi munosabati bilan ma’naviy tadbir tashkil qilindi.

Tadbirda yozuvchining hayoti, qator asarlari, jumladan, “Jinoyat va jazo” asari tahlil qilindi.


TDYU Xususiy huquq fakulteti talabalari uchun “Huquq tamoyillari va funksiyalari” mavzusida Zangiota tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sud raisi Soxiba Zayniyeva tomonidan mahorat dars o‘tildi.


Toshkent davlat yuridik universiteti va N.I. Lobachevskiy nomidagi Nizhegorod davlat universiteti o‘rtasida amalga oshirilayotgan hamkorlik dasturi doirasida tahsil olayotgan talabalar uchun Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining yuridik maslahatchisi Marat Aminov tomonidan ma’ruza o‘tkazildi.

O‘z nutqida Marat Aminov Xalqaro qizil Xoch Komitetining faoliyatining asosiy jihatlarini yoritib, xalqaro gumanitar huquqning asoslari haqida so‘zlab berdi.


TDYU "Xalqaro huquq va inson huquqlari" kafedrasi professori M. Rahimova tashabbusi bilan Bosh prokuratura muzeyida Toshkent davlat yuridik universiteti Xususiy huquq fakulteti hamda Jinoiy odil sudlov fakultetlari talabalari uchun “Xalqaro jinoyat huquqi” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.

Mashg‘ulot davomida talabalar O‘zbekiston prokuraturasi faoliyatining tarixiy bosqichlari va bugungi kunidagi muhim vazifalar bilan yaqindan tanishdi. Ularga amaliyot doirasida prokuratura organlari faoliyati, vazifalari va majburiyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Talabalarning savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi, shuningdek, ular prokuratura sohasi bo‘yicha amaliy bilimlarni to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.


TDYU Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchilari Asilbek Mo‘minov va Farrux Nurullayev tashabbusi bilan “Diplomatik va konsullik huquqi moduli” bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi. Ushbu mahorat darsi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, xorijdagi vatandoshlar bilan o‘zaro hamkorlik va migratsiya masalalari boshqarmasi 1-kotibi Taxir Aripov tomonidan olib borildi.

Mutaxassis tomonidan talabalarga konsullik faoliyatini olib borish jarayoni, konsullik idoralarini ochish hamda ularning rahbarlarini tayinlash tartibi, konsullik muassasalari xodimlariga beriladigan turli immunitet va imtiyozlar haqida ma'lumotlar berib o‘tildi.


Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi Sarbinaz Rasbergenovaning tashabbusi bilan onlayn-ma’ruza o‘tkazildi. Unda Moldova Respublikasi Parlamentining tenglik masalalari bo‘yicha Kengash a’zosi hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda inson huquqlari va diskriminatsiyaga qarshi mustaqil maslahatchi Yevgeniy Goloshapov ishtirok etdi.

Ma’ruzada “BMT Konvensiyasining nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini amalga oshirish va uni milliy darajada amalga oshirish” mavzusi muhokama qilindi.

Tadbir davomida Yevgeniy Goloshapov nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari haqida so‘zlab, shu sohadagi xalqaro standartlar bilan ishtirokchilarni tanishtirdi.

Shuningdek, ekspert Konvensiyaning nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini milliy qonunchilikka joriy qilish borasidagi tajribasi va amaliyoti bilan o‘rtoqlashdi.


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligi munosabati bilan Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan 2-sonli Talabalar turar joyida “Konstitutsiya — huquq va erkinliklarimiz kafolati” mavzusida huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda kafedra professor-o‘qituvchilari Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, hayotimizda tutgan o‘rni va ahamiyati bo‘yicha talabalar bilan yaqindan suhbatlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qonun ustuvorligini, uning barcha fuqarolar uchun tengligini, shuningdek, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishining huquqiy prinsipini belgilab beruvchi asosiy qonunimiz ekanini ta’kidlab o‘tdi.


TDYU Fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual huquqi kafedrasi tomonidan "Fuqarolik protsessida alohida tartibda ish yuritish" mavzusida FIB Toshkent shahar sudi sudyasi Baxodir Saidmuratov ishtirokida seminar-trening tashkil etildi.

Mashg‘ulotdaTalabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.


Davlat va huquq nazariyasi kafedrasi mudiri, professor Maxmut Utemuratov tomonidan Jinoiy odil sudlov fakulteti Davlat va huquq nazariyasi moduli doirasidagi Huquq normalari mavzusida ma’ruza dars mashg‘ulotlarini tashkil etishda kafedraning yuridik sohada faoliyat olib borayotgan amaliyotchilarni jalb etish rejasiga binoan Ommaviy huquq fakulteti dekani, yuridik fanlar nomzodi, professor Saydullayev Shaxzod Alixanovich ishtirokida mahorat darsi tashkil etildi.