July 29

Keraksiz yuk 1-qism

Keraksiz yuk

Xonaning burchagidagi eski devor soatining chiqillashi Y/N uchun dunyodagi eng nafratli tovushga aylangandi. Bu tovush unga vaqt oʻtayotganini, ammo uning hayotida hech narsa oʻzgarmasligini eslatib turardi. U oʻzining nogironlik aravachasida oʻtirgancha, derazadan tashqariga, yomgʻir ostida shoshib ketayotgan odamlarga tikilardi. Ularning hammasi qayergadir ketmoqda, hammasining hayotida qandaydir maqsad bor. Y/N'ning maqsadi esa... shunchaki ertangi kungacha tirik qolish edi.U qoʻllari bilan aravacha gʻildiragini mahkam qisdi. Koʻzlarida toʻsatdan paydo boʻlgan qatʼiyat bilan u aravacha tormozini soldi. U yana urinib koʻrmoqchi edi. Har safar tanasi yerga urilib, suyaklari ogʻriganida "boshqa urinmayman" deb qasam ichardi, ammo ichidagi umidsiz yashash hissi uni yana majburlardi.Y/N aravacha suyanchigʻidan ushlab, bor kuchini titrayotgan, hech narsani his qilmayotgan oyoqlariga berdi. Tanasi sekin koʻtarila boshladi.

"Iltimos, atigi besh soniya turib beringlar..."

- pichirladi u koʻzlarini yumib. Ammo miyasidan oyoqlariga boradigan koʻrinmas iplar allaqachon uzilgan edi. Muvozanatni yoʻqotdi. Tana vazni uni pastga tortdi va Y/N qattiq gursillash bilan polga yiqildi.Aravacha chetga surilib ketdi. U polning sovuq parketiga yuzini bosgancha, nafas ololmay qoldi. Tizzalari urilgan edi, lekin u buni his qilmasdi - faqat yuragidagi chidab boʻlmas ogʻriq uning tomogʻiga hiqichoq boʻlib tiqildi.

— Yana boshlandingmi?!

Eshik ochilib, xonaga onasi kirdi. Uning yuzida na rahm-shafqat, na xavotir bor edi. Faqatgina charchoq va ensa qotishi aks etgandi. Onasi yerda yotgan qiziga yaqinlashib, uni turgʻizishga ham urinmadi. Shunchaki aravachani toʻgʻrilab qoʻydi.

—Qachon aqling kiradi sening? Shundoq ham yuking yetadi, senga qarab oʻtirishga vaqtim bormi mening? Turinglar, kiyintiringlar, hojatga olib chiqinglar... Charchadim, Y/N. Otang ham charchadi. Biz ham odamdek yashamoqchimiz!

Bu gaplar Y/N'ning qalbiga har qanday jismoniy zarbadan koʻra qattiqroq botdi. Onasi uni aravachaga zoʻrgʻa sudrab oʻtqizdi, ammo toʻshakka yotqizishni xayoliga ham keltirmay, xonadan chiqib ketdi. Y/N oʻsha kechani tonggacha aravachada, oʻtirgan holatda, belining chidab boʻlmas ogʻrigʻi bilan yigʻlab oʻtkazdi. U oʻz ota-onasi uchun shunchaki bir xato, tezroq qutilish kerak boʻlgan ogʻir yuk edi.