June 27, 2018

Yangiyer shahar 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2018-2019 o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari yuzasidan seminar o‘tkazildi

👉 https://t.me/Sirdaryo

2018 yil 23 iyun kuni Yangiyer shahar 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2018-2019 o‘quv yiliga tayyorgarlik yuzasidan viloyat miqyosida seminar o‘tkazildi. Seminarda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari I.Ermatov, viloyat xalq ta’limi sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i X.Yodgorov, viloyatdagi shahar va tuman XTB mudirlari, metodistlar, o‘quv-tarbiyaviy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ishtirok etdilar.

Seminardan ko‘zlangan maqsad o‘zaro tajriba almashish va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holatini namoyish etishdir. Maktab 1990 yilda qurilgan bo‘lib, 624 o‘ringa mo‘ljallangan. 2007 yilda kapital ta’mirdan chiqarilgan. Hozirgi kunda 524 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Maktabda 32 nafar pedagog faoliyat olib boradi. Maktabni yangi 2018-2019 o‘quv yiliga tayyorlash yuzasidan harakatlar dasturi ishlab chiqildi. Dastur 6 bo‘limdan iborat bo‘lib, 51-bandlardan iborat. 1-bo‘lim yuzasidan rejaga kiritilgan quyidagi ishlar amalga oshirildi: sinflar kesimida nuqsonli dalolatnoma tuzildi. Reja asosida 755 kv/m pol qismi bo‘yoqdan chiqarildi, 60 kv/m linoliumlar almashtirildi, 17 kv-m oynalar almashtirildi. Sinf xonalariga 172 dona tejamkor lampalar o‘rnatildi. Maktabning foye, koridor va sinf xonalari joriy ta’mirdan chiqarildi. 8 ta boshlang‘ich sinf xonalarining faqat pol qismi bo‘yoq qilindi. Ona tili va adabiyot fan xonasining linoliumi yaroqsiz holga kelgani sababli almashtirildi. Matematika, tarix, ingliz tili, rus tili, informatika va biologiya fan xonalarining linoliumlari qayta ta’mirlandi. Foye va koridorlar devorlariga rang berildi. Maktab oshxonasi, sport va faollar zali, maktab hojatxonasi joriy ta’mirlandi. Maktab hududini obodonlashtirish yuzasidan begona o‘tlardan tozalandi, daraxtlarga shakl berildi, oqlandi, Maktabning kirish qismiga landshaft dizayni asosida shakl berildi. O‘rindiqlar almashtirildi. Maktab sport maydonchasi tartibga keltirildi, begona o‘tlardan tozalab, yugurish maydonchasi tayyorlandi. Maktab foyesi va koridorlar, sinf xonalari XTVning 2016 yildagi tavsiyasi asosida belgilangan tartib asosida jihozlandi. Prezident burchaklari yangilandi. Tavsiya asosida bannerlar yaratildi. Barcha sinf xonalariga LED lampalar o‘rnatildi. Kimyo xonasidagi yaroqsiz holga kelib qolgan jihozlar va asboblar uchun shahar hokimligi tomonidan mablag‘ ajratildi va ta’mirlandi. Yaroqsiz holga kelgan labaratoriya jihozlari hisobidan chiqarildi va yangi laboratoriya jihozlari uchun ShXTBga buyurtma berildi. Faollar zalida 2ta konditsioner o‘rnatildi. Jalyuzi pardalar qo‘yildi va o‘rindiqlar g‘iloflar bilan qoplandi.

Maktabda 32 nafar pedagoglar faoliyat olib boradi. Pedagoglarnig barchasi oliy ma’lumotli. Oliy toifali 1ta, 1-toifa 4ta, 2 toifa – 12, mutaxassis pedagoglar 15 nafarni tashkil etadi. 2018-2019 o‘quv yiliga pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj quyidagicha: informatika, kimyo, rus tili fanlari uchun mutaxassis kadrlar yetishmaydi. Kasb-hunar kollejidan qaytgan o‘qituvchilar hisobiga qoplandi. Pedagoglarning ish faoliyati o‘rganib chiqildi va XTV tomonidan tavsiya etilgan mezon asosida baholandi. 13 nafari past ko‘rsatkichni oldi. Past ko‘rsatkichlarga erishgan pedagoglarga hayfsan berildi va malakali pedagoglarga biriktirildi.

Pedagoglarning salohiyatini oshirish maqsadida yangi o‘quv yilida «Bilim. Iqtidor va innovatsiya», «Men yaratgan g‘oya» kabi turli mavzularda seminar-trening va ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish rejalashtirildi. Maktabda 2 ta sinf komplekti kompyuter jamlamasi mavjud.

O‘quv jarayonida AKTdan samarali foydalanishni aniqlash maqsadida pedagogik jamoaning axborot kommunikatsion texnologiyalar bo‘yicha savodxonlik darajasi so‘rovnoma asosida aniqlanganda 32 nafar pedagogdan 21 nafarida AKT bo‘yicha savodxonlik darajasi yetarli, 11 nafarida AKT bo‘yicha savodxonlik darajasi yetarli emasligi aniqlandi. 5 tasi boshlang‘ich sinf, 6 tasi yuqori sinflarni tashkil etadi. 1-4 sinflarda AKTdan foydalanish saviyasi yetarli emasligi uchun berilgan elektron darsliklardan foydalanish jarayoni qoniqarli emasligi sababli mazkur reja ishlab chiqildi. Maktab pedagogik jamoasining axborot kommunikatsion texnologiyalar bo‘yicha savodxonlik darajasini oshirish bo‘yicha avgust oyida qisqa muddatli kurslar tashkil etish rejalashtirildi.

Shuningdek, fan o‘qituvchilarining AKTdan malakasini shakllantirish maqsadida informatika xonasidan foydalanish dars jadvali va AKTda foydalangan holda ochiq darslarni o‘tish rejasi ishlab chiqildi. Har chorak yakunida AKTdan foydalanish mahoratini aniqlash maqsadida sinov o‘tkazilishi rejalashtirildi. Harakatlar dasturi o‘rganib chiqilganda ta’lim sifatini oshirishda bir qator muammolar borligi aniqlandi. Mazkur muammolar yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. 2018-2019 o‘quv yilida ta’lim sifatini oshirish yuzasidan quyidagi ishlarni amalga oshiramiz:

- Maktab pedagog kadrlarining 8 nafari malaka oshirish kurslariga yuboriladi;

- Har oyda pedagoglarning mahoratini oshirish borasida maktab miqyosida metodbirlashmalarda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar o‘tkazish, ilg‘or ish tajribaga ega bo‘lgan pedagoglarning ish tajribasini shahar,viloyat va respublika miqyosida ommalashtirish;

-Pedagoglarning mahoratini oshirish maqsadida fanga oid elektron darsliklar yaratish;

-Fan xonalarining tavsiya asosida jihozlanishini baholash maqsadida “Eng namunali kabinet mudiri” tanlovini o‘tkazish;

-5-10 sinflarda fanlar bo‘yicha iqtidorli bo‘lgan o‘quvchilarni aniqlash, ularni yakka tartibda fan olimpiadalari va «Bilimlar bellashuvi»ga tayyorlash;

-O‘quvchilarning kasb-hunarga qiziqishlarini orttirish yuzasidan psixologik so‘rovnoma va testlar o‘tkazish;

-Jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish masadida “Pedagog – ibrat namunasi” mavzusida seminar tashkil etish;

-O‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida to‘garaklarda o‘quvchilarning ishtirokini baholash yuzasidan nazorat rejasini ishlab chiqish;

-O‘quvchilarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish maqsadida “Kitobxon oila” tanlovini o‘tkazish;

-Iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida “Mening biznes g‘oyam” mavzusida ko‘rik-tanlov o‘tkazish;

G.Raximov,

Yangiyer shahar 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori