July 2, 2018

E'TIBOR VA G'AMXO'RLIK

👉 https://t.me/Sirdaryo

O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Sirdaryo viloyat Kengashi raisi vazifasini bajaruvchisi Xolbek Jalolov Xalq deputatlari viloyat Kengashiga deputat etib saylangan kundan boshlab tinib-tinchigani yo'q. U doimo xalq bilan yanada yaqinroq bo'lishga, mamlakatimiz hayotida yuz berayotgan ijobiy o'zgarish va yangilanishlarni amalga oshirishda shaxsiy namuna ko'rsatishga harakat qilib kelmoqda. Jumladan, joriy yil boshidan shu kungacha unga o'ndan ziyod fuqarodan turli xil masalalarda yozma va og'zaki murojaatlar kelib tushgan bo'lsa, ulardan ettita masala ijobiy hal etildi. Qolganlari tegishli tartibda hal bo'lish arafasida turibdi.

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat va shahar Kengashlari xayrli tashabbus bilan chiqqanlari viloyatda faoliyat yuritayotgan ko'pgina jurnalistlarni behad suyuntirdi. Viloyat Kengash raisi vazifasini bajaruvchisi Xolbek Jalolov, shahar Kengashi raisi Vohidjon Xasanov boshchiliklarida bir gurux partiya faollari o'zlarining bir kunini ana shunday ezgu va savobli ishlarga bag'ishladilar. Ular dastlab O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi mas'ul kotibi, O'zbekiston Jurnalistlar Ijodiy uyushmasi a'zosi, keksa jurnalist Hayotxon Ortiqboevani bayram bilan tabriklab, unga anvoyi guldasta sovg'a qildilar.

Hayotxon Ortiqboeva kutilmaganda partiya faollarining tashrifidan behad quvonib, ularga 1989 yilda “Guliston yangiliklari” - “Gulistanskie novosti” gazetalarining ochilishi, O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi dastlabki oyoqqa turish tarixi haqida to'lqinlanib gapirdi. Shundan so'ng, mehnat faxriylari Abdujalil Umarov hamda Elmurod Mavlonovlarning xonadonlariga tashrif buyurilib, ularga bayram dasturxoni uchun oziq-ovqat mahsulotlari sovg'a qilindi.

— E'tibor uchun rahmat, deydi mehnat faxriysi Abdujalil Umarov. Biz keksalarni yo'qlab kelganingiz uchun behad mamnunman. Ilohim, Yurtimiz tinch, Yurtboshimiz omon bo'lsinlar.

Shuningdek, marhum, keksa jurnalistlar Saminjon Sultonov, Ergash Xalilov hamda Abdurahmon Eshpo'latovlar xonadonlarida bo'lishib, o'tganlar ruhini shod etish maqsadida ularning oilalari holidan xabar olindi va Qur'on tilovat qilindi.

Qaranki, 25 – iyun ustoz jurnalist Saminjon Sultonov vafot etgan kun ekan. Shu munosabat bilan mana besh yildirki, xuddi shu sanada ustozni tanigan, u kishining ikki og'iz shirin so'zidan bahramand bo'lgan insonlar ushbu xonadonga tashrif buyurib, tilovat o'qib ketishni o'zlariga odat qilib olishgan.

— Jurnalistlik kasbi sharafli, ammo mashaqqatlidir. Otam Saminjon Sultonovni shu sohada umrining oxirigacha mehnat qilgan. U kishini xotirlab kelganingiz uchun ming bor tashakkur, deydi qizi Nodira Sultonova. Bu xayrli tadbir doimo saqlanib qolishini istayman.

Ha, bugun hayotimizni, davr taraqqiyotini ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Buni yaxshi anglagan O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat va shahar Kengashi 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida ham bir guruh fidoiy jurnalistlarni kasb bayrami bilan tabriklab, ularga sovg'a-salomlar ulashdilar.

Jamol ANDAQULOV,

O'zbekiston XDP Sirdaryo viloyat kengashi bo'lim boshlig'i.