Gulistonda shunday maskan bor
Mamlakatimizda sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli Sirdaryo viloyatida 100 dan ortiq sport inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi. “Obod qishloq” dasturi asosidachekka qishloqlardagi maktablarda ham sport zallari, futbol maydonchalari, sport majmualari barpo etilayotir.
Guliston olimpiya zaxiralari kollejida 600 ga yaqin o‘g‘il-qiz sportning erkin kurash, yengil atletika, boks, taekvondo (WTF), suzish, dzyudo, stol tennisi, basketbol, voleybol, gandbol, futbol, badminton, badiiy gimnastika, velosport, baydarka va kanoeda eshkak eshish, akademik eshkak eshish, og‘ir atletika, yunon-rum kurashi, kurash va belbog‘li kurash kabi turlari bo‘yicha mahoratini oshirmoqda. Ularga 69 nafar malakali murabbiy-o‘qituvchi ta’lim berib, sport sirlaridan saboq berayotir.
2018-2019 o‘quv yilidan boshlab kollejga birinchi marta 17 sport turi bo‘yicha 6-7-sinf o‘quvchilari uchun 100 nafar qabul o‘rni ajratildi.
– Boshqa kollejlardan farqli o‘laroq, o‘quvchilarimiz avgust oyiga qadar ta’tilga chiqmaydi, – deydi Guliston olimpiya zaxiralari kolleji direktori vazifasini bajaruvchi Ilhom Madazimov. – Chunki, yosh sportchilar uzoq muddatli ta’tilda bo‘lsa, ularning jismoniy va ruhiy holati talab darajasida bo‘lmaydi, aniqrog‘i yo‘qoladi. Shu bois ham shogirdlarimiz yotoqxonada yotib, kuniga ikki mahal o‘quv-sport mashg‘ulotlarida ishtirok etadi. Turli musobaqalarga tayyorlanadi.
Aytish kerakki, ushbu kollejdan ko‘plab Osiyo va jahon chempionati, kubogi va turnirlari g‘oliblari yetishib chiqqan. Jumladan, “Paxtakor” futbol klubining 1979-yilgi jamoasi a’zosi, marhum Xalqaro toifadagi sport ustasi Nikolay Kulikovni ko‘pchilik yaxshi biladi. Shuningdek, ayni paytda sportning armrestling turi bo‘yicha yoshlarga saboq berib kelayotgan bir necha bor Osiyo va jahon chempionligiga erishgan Umidjon Ahmedov, karate bo‘yicha jahon chempioni Sevara Abdusaidova, shashka bo‘yicha jahon chempioni Bahriya Berdiqulova, shaxmat bo‘yicha Xalqaro grossmeyster Sarvinoz Qurbonboyeva, Osiyo chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritgan erkin kurashchilar Jamshid Ma’rupov, Rustam Jo‘rayev, Gulnoza Jumaboyeva va boshqalar shular jumlasidandir. Ana shu sportchilarning davomchilari bugun Guliston olimpiya zaxiralari kollejida malakali murabbiylar rahbarligida toblanmoqda.
Muassasada olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlari va milliy sportimizga alohida e’tibor qaratiladi. Bu yerda o‘quvchilarning zamonaviy bilim olishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Maxsus o‘quv va sport jihozlari, qattiq va yumshoq mebellar, kompyuter va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlangan o‘quv binosi, ma’naviyat xonasi, kutubxona, 2 maxsus va moslashtirilgan sport zali o‘quvchilar ixtiyorida. Ming tomoshabinga mo‘ljallangan futbol maydoni, basketbol, gandbol, voleybol hamda nayza, yadro uloqtirish, uzunlikka sakrashga ixtisoslashgan sport sektorlari va yugurish yo‘lakchalari, yotoqxonalar, oshxona yosh sportchilar xizmatida.
Kollej o‘quvchilari 2014-2018 yillarda o‘tkazilgan viloyat va mamlakat birinchiligi, Osiyo chempionati va turli xalqaro turinirlarda ishtirok etib, 92 oltin, 98 kumush, 180 bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bu yutuqlarda “Do‘stlik” ordeni sohibi, kollejning sport ishlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari A.Egamberdiyev, erkin kurash bo‘yicha bosh murabbiy D.Ismoilov hamda suzish bo‘yicha bosh murabbiy Sh.Shokirov kabilarning xizmati katta.
Prezidentimizning 2017-yil 9-martdagi “O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida kollejda 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilgan.
Yaratilgan zamonaviy sharoit va malakali murabbiylar mehnati samarasida bugungi kollej o‘quvchilari orasidan qit’a va jahon chempionlari, Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari yetishib chiqishiga ishonamiz.
Abdujalol Qayumov, Furqat Toshmatov (surat) O‘zA