“Obod qishloq” dasturidan so‘ng Nurafshon haqiqiy nurafshonga aylanadimi?
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani 2 – Bahoriston va Nurafshon mahallalarida “Obod qishloq” dasturi doirasida keng ko‘lamda qurilish obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Nurafshon mahallasida bo‘ldik.
Mahalladagi 897 xonadonda 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahalla fuqarolar yig‘ini hududi 6ta ko‘chadan iborat bo‘lib, 42ta ikki qavatli, 51ta bir qavatli kotedj tipidagi, qolganlari yakka tartibdagi aholi hovli joylari, shuningdek, 2ta umumta’lim maktabi, 1ta maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 1ta qishloq oilaviy poliknilikasi mavjud.
“Obod qishloq” dasturi doirasida Nurafshon mahallasida qurilish, rekonstruksiya, mukammal va joriy ta’mirlash ishlariga 7 milliard 309 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda ushbu mahalla hududida fuqarolar tomonidan qurilgan 17ta noqonuniy, tartibsiz qurilma buzilib, chiqindilar “Toza hudud” davlat unitar korxonasi Mirzaobod tumani filiali tomonidan belgilangan joyga olib chiqilgan. Mahalladagi har bir ko‘cha bo‘yicha arxitektura va qurilish bo‘limi tomonidan eskiz loyiha ishlab chiqilgan. Qurilish, ta’mirlash ishlari avjida.
MNU-2 mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mahalla hududidagi 1,5 kilometr uzunlikdagi ko‘chaga shag‘al yotkazilib, betonlash ishlari boshlangan.
Bahoriston va Nurafshon mahallalariga jami 13,5 tonna suyultirilgan gaz balonlari yetkazib berilgan. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan mavjud transformatorlar yangilanib, ayrimlari mukammal ta’mirlandi. 2,6 kilometr uzunlikdagi ochiq simlar yopiq kabellilarga almashtirildi. Havo tarmoqlariga xalaqit beryotgan 2,7 metr uzunlikda joylashgan daraxt shoxlari kesilib, fazalari teng taqsimlandi.
Yutuqlar o‘zimizniki, uni bizdan hech kim tortib olaolmaydi. Lekin yig‘ilib qolgan muammolarni bartaraf etish, aholiga qulay sharoitlar yaratib berish bugungi kunning eng dolzarb masalasidir.
...Nurafshon mahalla hududiga kiraverishda zovurdan katta suv tortadigan motor yordamida maydon sug‘orilayotganiga ko‘zimiz tushdi. “Oqar suv tarmog‘i qishloqda yo‘g‘mi?”, degan savol xayolimizdan o‘tdi. Bu savolga javobni sal keyinroq qishloq aholisidan eshitdik.
Mahallaga kirib borar ekanmiz, pishiq g‘ishtdan qurilgan hayhotdek, ammo tashlandiq holatga kelib qolgan, atrofini yantoq bosib ketgan bino ko‘zga tashlanadi. Mahalladagilarni aytishicha, bu yerda ilgari gullab-yashnagan choyxona bo‘lgan. Qo‘shni qishloqdan Qozoqboy Sulaymonov degan tadbirkor xususiylashtirib olgan ekan. Olgan chog‘ida katta va’dalar bergan tadbirkor nimagadir binoni o‘z holicha tashlab qo‘ygan.
Mahalla ichkarisiga kirganimizda yer osti drenajlaridan suv tortayotgan kishini ko‘rdik. U nima maqsadda “o‘lik” suvni tortayotgani bilan qiziqdik.
– Bolalar bog‘chasining daraxtlarini sug‘ormasam, bu issiqda daraxtlar nobud bo‘ladi, – dedi mahalladagi 14-maktabgacha ta’lim muassasasi qoravuli Marqaboy Shoyusupov. – Bu “o‘lik” suvligini bilaman, ammo qishlog‘imizga mana bir necha yillardan buyon oqar suv kelmaydi. Daraxtlar esa qovjirab qolmoqda.
– Hovlimizda bir tup ko‘kargan giyoh yo‘q, – deydi fig‘oni falakka ko‘tarilib, shu mahallada istiqomat qiluvchi Rahmonqul Subonov. – Vodaprovodni suvi bilan bo‘lsa ham ko‘kartirardim. U ham yo‘qda. Mahallamiz aholisining asosiy qismi ichimlikka yaroqsiz, deb topilgan bashniyadan chiqayotgan sho‘r suvni ichadi. Sariq kasallik ko‘payib ketmoqda.
– Sobiq ittifoq davrida 10 yildan ortiq brigada boshlig‘i, mustaqillikka erishganimizdan so‘ng fermer bo‘ldim, keyin hammasini topshirib nafaqaga chiqdim, – deydi mehnat faxriysi Abdumo‘min Norboyev. – Nafaqada bo‘lsam ham ishlayverardim, lekin qishloq atrofini sobiq militsiya xodimi, prokuror, qozi, raykom bo‘lganlar bo‘lib oldi. Baliqchilik xo‘jaliklari ochildi. Yerimiz sho‘rlandi, sug‘orish tizimi ishdan chiqdi. 1996 yili qishloq ahli pul yig‘ib, tabiiy gaz olib keldik. 5-6 yil foydalandik. Keyin viloyatdan gazni kattakonlari kelib: “Sizlarni qishloqlaring proyektda yo‘q” deb xalq puliga kelgan quvurlarni kesib, mashinaga yuklab olib ketdi. Mahallaga gaz quvurini qaytib tortish haqida gap-so‘z ham bo‘lgani yo‘q. Bunga o‘zimiz ham ishonmaymiz.
Ustiga-ustak mahallani oqar va ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida biror kishini kelib, loyiha chizmalari tayyorlaganini ham ko‘rmadik.
Mahallaning Nodira ko‘chasida joylashgan 90 o‘ringa mo‘ljallangan 14-maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati joriy yil 10 iyundan vaqtincha to‘xtatilib, “Xozarasp ideal servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan kapital ta’mirlanayotgan ekan. Ayni paytda bog‘cha binosining eski tom qismi, eshik va derazalari hamda pol qismlari to‘liq olib tashlanganu shu bilan ish to‘xtagan.
“Nega ishlamayapsizlar?” degan savolimizga quruvchi yigitlar: “Bizga buyurilgan ishni bajardik, yangi topshiriqni kutayapmiz” deb javob berishdi.
E’tiborimizni tortgan yana bir jihat. Bog‘chaning ort tomonidagi Yoshlar ko‘chasida yashovchi aholi o‘zlariga qulaylik yaratish maqsadida noqonuniy qurilish qilgan. Mahalladagi 8-umumta’lim maktabi o‘tgan yili ta’mirlangan ekan. Ammo 624 o‘ringa mo‘ljallangan 7- umumta’lim maktabida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan kapital ta’mirlash ishlari o‘lda-jo‘lda. “Xozarasp ideal servis” mas’uliyai cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan boshlangan qurilish ishlari negadir to‘xtab qolgan. Loyiha qiymati 1 milliard 390 million so‘mdan ortiq bo‘lgan maktab binosi qurilishi “Yangiyer qurulish redgold” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirilayotir.
– Ish boshlaganimizga 3 kun bo‘ldi, – deydi MCHJ xodimi Hamid Bekirov. – Qurilish ishlarini nima sababdan boshqa tashkilotdan olib bizga berilganini bilmaymanu ammo, ayni chog‘da 14 kishi mehnat qilmoqda. Bugun-erta qo‘shimcha kuchlarni jalb etamiz...
Ajablanarlisi, yangi o‘quv yili boshlanishiga bor-yo‘g‘i 2 oy qolgan bir vaqtda “yapyolong‘och” qilib tashlangan maktab binosini na “Xozarasp ideal servis” va na “Yangiyer qurulish redgold” yakunlay olishiga ishonish juda qiyin.
Xullas, Mirzaobod tumanidagi Nurafshon mahalla fuqarolar yig‘inida “Obod qishloq” dasuri bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar mana shulardan iborat. Tumandagi Bahoriston mahallasida bu borada qanday ishlar amalga oshirilayotgani xususida kelgusi maqolamizda to‘xtalamiz.
A.Qayumov, O‘zA