Havaskor san’atsevarlar bellashuvi
Guliston shahridagi “Do‘stlik” madaniyat uyida Sirdaryo viloyati mehnatkashlari o‘rtasida “San’atim senga, obod yurtim!” mavzuidagi ijodiy ko‘rik-tanlovning hududiy o‘tkazildi.
Ushbu ko‘rik-tanlovning dastlabki bosqichida viloyatimizdagi korxona va tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari va boshqa muassasalarning 1000 nafarga yaqin vakillari – havaskor ijrochilar ishtirok etdilar. Ular an’anaviy ijrochilik, estrada qo‘shiqchiligi, yakka va ansambl cholg‘u ijrochiligi, yakka va jamoa raqsi ijrochiligi bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
Tadbirni ochib bergan viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi o‘rinbosari Qarshiboy Eshnazarov Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan korxona, tashkilot va muassasalar ishchi-xodimlarining bandligini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy muhofazasini oshirish borasida qabul qilinayotgan qarorlar, kasaba uyushmalari tomonidan ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari ma’naviyatini yuksaltirish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish orqali mazmunli hordiq chiqarishi uchun sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida so‘zladi. Xususan, mehnat jamoalarida o‘zligimizni, qadr-qimmatimizni anglash, Vatanga sadoqat mavzularida ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda. Mehnatkashlar uchun Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarimizga jamoaviy sayohatlar tashkil etilayotir. Faqatgina 1 yarim yillikda turizm bo‘yicha mehnat jamoalariga qo‘yilgan yillik reja ortig‘i bilan uddalandi.
Bu yilgi “San’atim senga, obod yurtim!” ijodiy ko‘rik-tanlovining o‘tkazilayotgani ham mehnat jamoalaridagi ijodiy va ishchanlik muhitini mustahkamlash, havaskor ijrochilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijodini xalqimizga kengroq tanishtirishga xizmat qilmoqda.
-Men Respublika Shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialining jonlantirish bo‘limida hamshira bo‘lib ishlayman. Raqs –mening jonu dilim. Mehnat jamoasida o‘tkazilgan har bir tadbirda faol qatnashaman. Yaqinda bo‘lib o‘tgan “Hamshira 2018” ko‘rik-tanlovida ham faxrli 2-o‘rinni egallagan edim. Bugungi tanlovning ”Yakka raqs ijrochiligi” yo‘nalishida “Men tomonga qarab qo‘y” qo‘shig‘iga raqs tayyorlab keldim va ijro etdim, – deydi ko‘zlari porlab Nargiza Oqbo‘tayeva.
– Shuni ham ta’kidlash lozimki, ushbu tanlovda yosh chegaralanmagan, mana, ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz, sahnaga otilib chiqqan san’atsevar ishchi-xodimlar orasida pensiya yoshiga yaqinlashib qolganlari ham bor. Ayniqsa, Guliston tumanidagi 8-umumta’lim maktabi o‘qituvchi ayollari tomonidan tayyorlangan jamoaviy raqs, viloyat IIB ga qarashli 15 MTM tarbiyachisi Nigora Abdumuminova tomonidan ijro etilgan “Ayol” raqsi menda katta taassurot qoldirdi, – deydi hay’at a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan baletmeyster Oyshaxonim Aytmaganbetova.
Tanlov yakuniga ko‘ra, beshta yo‘nalishda – “An’anaviy ijrochilik” yo‘nalishida Xovos tumani 23-umumta’lim maktabi kutubxonachisi Rahima Xudoyberdiyeva, “Estrada qo‘shiqchiligi” yo‘nalishida Guliston shahar Ko‘zi ojizlar jamiyati a’zosi Odil Rajabboyev, “Yakka va ansambl cholg‘u ijrochiligi” yo‘nalishida Guliston tumani 8 umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Abduvali O‘rolov, “Yakka raqs ijrochiligi” yo‘nalishida Guliston shahar IIBga qarashli 15 MTM tarbiyachisi Nigora Abdumo‘minova, “Jamoaviy raqs ijrochiligi” Guliston tumani 8–umumta’lim maktabi o‘qituvchi ayollarining “Mehnat” guruhi birinchi o‘ringa loyiq topildilar. Shuningdek, tanlovda turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
– Mazkur ko‘rik-tanlovning maqsadi mehnatkashlarning bo‘sh vaqtlarini sermazmun o‘tkazish, ular o‘rtasida badiiy havaskorlik ijodiyotini, milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan munosabatlarni rivojlantirish, yurt obodligi va farovonligini, istiqlolimizga shukronalik tuyg‘ularini madh etish, mehnat jamoalaridagi san’atga ishtiyoqmand bo‘lgan, iqtidorli ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, badiiy havaskorlikni keng targ‘ib etishdan iborat edi, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi mudiri X. Aminov. –Ko‘zlangan maqsadga to‘la erishildi, havaskorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, raqslar mehnatkashlarimizning san’atga ishtiyoqi balandligini ko‘rsatgan bo‘lsa, ularning mazmuni milliy qadriyatlarimiz va vatanparvarlik tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan, g‘oliblarning munosib taqdirlanganligi ularning kayfiyatini ko‘tarib, ish faoliyatlari unumdorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, albatta.
Zebo Haydarova