Ko‘p tarmoq – ko‘p daromad
Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi 21 ming gektar ekin maydonining 8 ming gektariga g‘alla, 6 ming 800 gektariga paxta yetishtirilmoqda.
Gulistonning serhosil dalalarida bog‘dorchilik, poliz va sabzavot mahsulotlari yetishtirishda ham o‘ziga xos tajriba to‘plangan. Tumanda baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, yilqichilik, parrandachilik rivojlanayotgan tarmoqlardan sanaladi.
– Mirishkorlarimiz davlatga 22 ming 300 tonna g‘alla, 22 ming tonna paxta sotish shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajarish uchun astoydil mehnat qilmoqda, – deydi tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Umurzoq Umarov. – Tumanda g‘alla yetishtirishda, g‘o‘za parvarishida “Beshbuloq”, “O‘zbekiston”, “Yangi hayot” suv iste’molchilari uyushmalari yetakchilik qilmoqda. Hududdagi “Orol ne’matlari”, “Burgutli Uchqun”, “Nurli bo‘ston fayz” kabi fermer xo‘jaliklari davlatga g‘alla sotish shartnoma rejasini ortig‘i bilan uddaladi.
Hududda qishloq xo‘jaligining keng qamrovli o‘sib borishida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining alohida o‘rni bor.
– Joriy yilda 30 gektarga g‘alla, 20 gektarga paxta ekdik, – deydi “Orol ne’matlari” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Begmatov. – G‘allamiz hosildorligi o‘rtacha 80 sentnerni tashkil etdi. Natijada davlatga g‘alla sotish shartnoma rejasini 127,4 foizga uddalab, 85,5 tonna o‘rniga 110 tonna sara don topshirdik. Ayni paytda somonni maxsus texnika yordamida preslab, qishga jamg‘arib qo‘ymoqdamiz.
Ushbu xo‘jalikda 450 bosh qoramol, 300 bosh qo‘y-echki, 150 bosh yilqi boqilmoqda. Joriy yil 20 gektarlik havzada baliqchilik tashkil etildi. Sun’iy ko‘l yil boshida sazan, oq amur, do‘ng peshona kabi baliq chavoqlari bilan baliqlantirildi.
Fermer xo‘jaligida 13,2 gektar bog‘, 2 gektar tokzorda ham mo‘l hosil yetishtirildi. E’tiborlisi, bugun 45 tonna olxo‘ri eksport qilish uchun tayyor.
Xo‘jalikda parvarishlanayotgan 3 ming 500 o‘rdak soni yaqin vaqt ichida 10 mingtaga yetkazilishi rejalashtirilmoqda. O‘tgan yilning kuzida tashkil etilgan 10 sotixli issiqxonada yetishtirilgan pomidor, bodring va turli ko‘katlardan 20 million so‘m daromad qilingani e’tiborlidir.
Doimiy 70, mavsumda 130 kishi ish bilan ta’minlangan xo‘jalikning yillik daromadi ham qilinayotgan mehnatga yarasha salmoqli. O‘tgan yili qishloq xo‘jaligi va chorva mahsulotlaridan hamda fermer xo‘jaligiga qarashli to‘yxona, maishiy va savdo obyektlaridan jami 1 milliard 500 million so‘m daromad qilindi.
Daromad bor joyda yangi loyihalar qilishga, tarmoqni kengaytirishga harakat bo‘lishi tabiiy.
– Bu yil ishchilarni moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlarimizni ta’minlab, jamg‘arilgan ortiqcha mablag‘ni 200 tonna sig‘imga ega sovutgich-omborxona qurishga yo‘naltirganmiz, – deydi deydi Bahodir Begmatov. – Bu katta mablag‘ talab qiladigan ish, shuning uchun bankdan yana 1 milliard so‘m kredit oldik. Kelgusida o‘zimiz va hududdagi boshqa fermerlar yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uzoqroq muddatga sifatli saqlash imkoniga ega bo‘lamiz.
Fermerning paxta dalalarini oralab, nihollarining o‘sish avji ko‘ngildagidek ekaniga guvoh bo‘lasiz. G‘o‘za 60-70 santimetrdan bo‘y bergan. Har tupida o‘rtacha 12-14 ta shona, 3-4 tagacha ko‘sak hosil bo‘la boshlagan.
Quvonarlisi, tumanda “Orol ne’matlari” kabi ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari soni yildan yilga ortib bormoqda. Ko‘p tarmoq –ko‘p daromad berishini “Orol ne’matlari“ fermer xo‘jaligi faoliyati misolida ko‘rish mumkin.
A. Qayumov, O‘zA