June 27, 2018

Xovosobod – havasni tortadigan mahallaga aylanmoqda

👉 https://t.me/Sirdaryo

Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi Xovosobod mahallasida “Obod qishloq” dasturi doirasida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan sektorlar rahbarlari tomonidan aholi bilan bevosita muloqotlar o‘tkazilayotir. O‘rganishlar natijasida Xovosobod mahallasini 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” asosida hududda keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda.

Qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh hududda joylashgan Xovosobod mahallasida 2 ming 500 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahalladagi 4-umumta’lim maktabini qayta, oshxonani tubdan ta’mirlash uchun mahalliy byudjet hisobidan 380 million so‘m mablag‘ ajratilib, ishlar boshlab yuborildi. Yangi o‘quv yiliga qadar maktabda badminton sport to‘garagini tashkil etib, sport jihozlari bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Shu o‘rinda qishloqda kutubxona tashkil etish va doimiy ravishda yangi kitoblar bilan boyitib borishga ham alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash joiz.

– Xovosobod mahallasi yillar davomida e’tibordan chetda bo‘lgani bois bu yerda ko‘plab muammolar to‘planib qolgan edi,deydi Xovos tumani hokimi o‘rinbosari B.Murodov.Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Obod qishloq” dasturi ijrosi doirasida birinchi galda hududda bandlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Tumandagi temir yo‘l korxonasi, Yangiyer shahridagi temir-beton ishlab chiqarish zavodi, mahallada tashkil etilgan madaniy, maishiy va savdo shoxobchalariga 100 dan ortiq fuqaro doimiy ishga qabul qilingan bo‘lsa, 80 ga yaqini haq to‘lanadigan jamoat va mavsumiy ishlarga jalb etildi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini binosi zamonaviy ko‘rinishda kapital ta’mirdan chiqarilib, ko‘chalar qayta nomlandi, har bir xonadonga raqam qo‘yildi. Hududdagi ko‘p qavatli 12 ta uy ta’mirlanib, temir eshiklar o‘rnatildi. Uylarning old qismidagi yo‘laklar ta’mirlandi, homiylik yordami bilan bolalar o‘yin maydonchasi, o‘choq, tandirxona qurildi. 26 kilometr yo‘l asfaltlanib, aholi tomonidan qurilayotgan yangi turar joylarning tuproq yo‘llariga tosh-shag‘al yotqizish ishlari olib borilmoqda.

Aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 250 kVA quvvatli 5 transformator ta’mirlangan bo‘lsa, yangidan yana ikkitasi o‘rnatildi va xavfsizlik nuqtai nazaridan ularning atrofi o‘rab qo‘yildi. 50 yaroqsiz simyog‘och beton ustunlarga almashtirildi, ko‘chalarga tungi yoritgichlar o‘rnatildi. Yangi qurilayotgan aholi turar joylariga elektr o‘tkazgich simlar tortilib, beton ustunlar o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

Xonadonlarga 20 kilogramm sig‘imdagi 220 ta suyultirilgan gaz ballonini uzluksiz yetkazib turish maqsadida maxsus transport vositasi ajratilib, kuz-qish mavsumiga 60 tonna ko‘mir zaxirasi yaratish rejalashtirilgan. Mahalladagi 120 xonadonni ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 2,3 kilometrlik suv quvuri tortildi.

– Xovos tumanini 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, Xovosobod mahallasi tuman ichki ishlar bo‘limiga biriktirilgan, – deydi tuman IIB boshlig‘i, podpolkovnik A.Egamnazarov.Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida Xovosobod mahallasida ham oilaviy biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha manzilli dasturlar asosida aholiga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. 324 xonadon ixtiyorida bo‘lgan 36 gektar tomorqada issiqxonalar tashkil etildi.

Yetti artezian qudug‘i kapital ta’mirdan chiqarilib, oqova suv ta’minoti yaxshilandi. Yer osti sizot suvlari ko‘tarilishining oldini olish maqsadida ishlamay turgan tik suv qudug‘i – drenajlarni ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda. Parrandachilik, chorvachilik, bog‘dorchilik kabi oilaviy tadbirkorlik yo‘lga qo‘yilib, xovosobodlik yoshlar ish bilan ta’minlanishiga zamin yaratildi.

Mahallaning kirish qismida joylashgan “Xovos lochinlari” va “Xovos oq oltini” fermer xo‘jaliklarining ball boniteti past bo‘lgan yer maydonlarida bog‘dorchilik va dehqon xo‘jaliklari tashkil etilgani ham qishloq ahli uchun ayni muddao bo‘ldi.

Tumanga sayyohlarni jalb etish va turizmni rivojlantirish maqsadida “Xovos tepa” ziyoratgohini va mehmonxona binosini kapital rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborilgan. Ta’mirlangan mahalla idorasi binosining ikkinchi qavatida tikuvchilik sexi tashkil etilib, 19 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Yangi go‘zallik salonida ham bir necha kishi ishli bo‘ldi.

Bo‘sh turgan binolardan samarali foydalangan xovosobodlik tadbirkor Ikrom Alishev davlat sherikchiligi asosida 80 o‘rinli zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etmoqda.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nogiron va yoshi ulug‘ insonlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalladagi 13 oilaning uy-joyi ta’mirlandi. Og‘ir kasallikka chalingan, davolanishga muhtoj bemorlarga sog‘lig‘ini tiklashi uchun yurtimiz shifoxonalarida muolaja olishi, sanatoriy va boshqa davolanish maskanlariga yo‘llanmalar berildi.

Mahalla aholisi salomatligini saqlash maqsadida qishloq vrachlik punkti qayta ta’mirlanib, zarur dori-darmon va tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Xovosobod – Karvonsaroy – Xovos – Yangiyer yo‘nalishiga xizmat qiluvchi avtobekat zamon talablari asosida qayta ta’mirlanayotir.

Muxtasar aytganda, bugun Xovosobodga kelgan kishi, mahalla o‘z nomiga monandobod bo‘layotgani guvohiga aylanadi. Xovosobodga havas qiladi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA