July 2, 2018

Qayta ko‘rib chiqilgan soliq stavkalarida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

👉 https://t.me/Sirdaryo

O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi.

“Huquqiy axborot” kanalii bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur Farmonga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan boshlab:

a) mehnatga haq to‘lash fondiga soliq yuki quyidagilar orqali kamaytiriladi:

barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish, shundan 0,1 foizini shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo‘naltirish. Bunda, fuqarolarning ayrim toifalari uchun eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdoridagi daromadlarini soliq solishdan ozod qilishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi;

fuqarolarning mehnatga haq to‘lash turidagi daromadlaridan byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallarini bekor qilish;

byudjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda ularning tarkibiy tuzilmalari uchun yagona ijtimoiy to‘lov miqdori 25 foiz etib, qolgan yuridik shaxslar uchun 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirilgan stavkada belgilash;

b) ikkinchidan, aylanmadan (yalpi tushumdan) soliqlarni optimallashtirish bilan umumbelgilangan va soddalashtirilgan soliqlar to‘lovchilarni soliqqa tortish, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan tartibiga o‘tish mezonlari quyidagilar orqali takomillashtiriladi:

davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning aylanmasidan (yalpi tushumidan) undiriladigan majburiy ajratmalarni bekor qilish;

yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasini 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun – 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirish, shuningdek, mobil aloqa xizmati ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) uchun, rentabellik darajasidan kelib chiqib ular uchun qo‘shimcha foyda solig‘i hisoblash tartibini bekor qilgan holda 14 foizdan 20 foizgacha oshirish;

dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha to‘lov manbaidan ushlab qolinadigan foyda solig‘i stavkasini 10 foizdan 5 foizgacha pasaytirish;

o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik aylanmasi (yalpi tushumi) 1 milliard so‘mdan oshgan yoki joriy yil davomida ushbu belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazish. Bunda, yillik aylanmaning (yalpi tushumning) 1 milliard so‘m etib belgilangan chegaraviy miqdori har 3 yilda kamida bir marta qayta ko‘rib chiqiladi;

barcha tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, aylanmasi (yalpi tushumi) 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni joriy etish;

qo‘shimcha foyda solig‘ini hisoblash va to‘lash tartibini, shu jumladan, royalti to‘lashni joriy etish orqali takomillashtirish;

v) uchinchidan, soliq solishning soddalashtirilgan tartibi bo‘yicha soliq to‘lovchilarga soliq siyosatini takomillashtirishning salbiy ta’sirini kamaytirish choralari quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini, bino va inshootlardan, shu jumladan, ilgari xususiylashtirilgan obyektlardan samarasiz foydalanayotgan yuridik shaxslar uchun yuqori stavkada soliq hisoblash tartibini saqlab qolgan holda 5 foizdan 2 foizga pasaytirish;

yillik aylanmasi (yalpi tushumi) 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan soliq to‘lovchilar uchun aylanmadan (yalpi tushumdan) soliqni 4 foiz miqdordagi bazaviy stavkadan kelib chiqib hisoblash va to‘lash tartibini hamda ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash imkoniyatini belgilash;

yagona yer solig‘i to‘lovchilari uchun amaldagi soliq solish tartibini saqlab qolish.

g) to‘rtinchidan, qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘ini hisoblash va to‘lash tartibi quyidagilar orqali takomillashtiriladi:

qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘liq hisobga olish tizimini joriy qilish, soliq solish bazasini aniqlashtirish va imtiyozlar sonini kamaytirish, shuningdek, 2019 yil yakuni bo‘yicha mazkur soliq stavkasini pasaytirish orqali qo‘shilgan qiymat solig‘ining 20 foiz miqdordagi amaldagi stavkasini saqlab qolish;

hozirgi vaqtda sotib olinadigan asosiy vositalar, qurilishi tugallanmagan obyektlar va nomoddiy aktivlar narxiga kiritiladigan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish summalariga kiritish huquqini berish;

tegishli tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablag‘larni respublika byudjetiga o‘tkazish yo‘li bilan alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning xar bir ishlab chiqariladigan mahsulot birligiga o‘rnatilgan aksiz va yig‘imlarni birlashtirish.

Farmon bilan shuningdek yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish va samarasiz soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalarini bekor qilish bo‘yicha ishchi komissiya tarkibi tasdiqlandi.

Komissiyaga:

2018 yil 1 noyabrga qadar samarasiz soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalarini bekor qilish, Soliq va Bojxona kodekslariga muvofiq doimiy amalda bo‘ladigan soliq hamda bojxona imtiyozlarini taqdim etish tartibini joriy qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

2018 yil 1 dekabrga qadar yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va boshqa tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda ishlab chiqish yuklandi.

Farmonda qayd etilishicha yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilishiga ruxsat etilgan faoliyat turlarini tanqidiy ko‘rib chiqiladi va qisqartiriladi.

Mutasaddi tashkilotlarga 2018 yil 1 avgustga qadar 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozini ishlab chiqishni ta’minlash topshirildi. Ta’kidlab o‘tish lozimki shu paytgacha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar faqat 1 yilga mo‘ljallab tuzib kelinar edi.

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga 2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda davlat mulki bo‘yicha ijara to‘lovlarining minimal stavkalarini har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish yuklandi.