May 11, 2025

CHARLATAN

Author: Arlian Harveston

Epizod I

— Voqea badiiy to‘qima asosida yozilgan. Ba’zi ruhiy tushunmovchiliklar qahramonlarning ichki kechinmalarida aks etadi. —
28-mart, 2023-yil
Palata derazasidan bahorning xira nurlari ichkariga tushar, xonaning sokin havosi esa tibbiy hid bilan to‘lib turardi. Doktor Burjua, yoshi bir hayli ulg‘aygan bo‘lsa-da, ko‘zlaridagi diqqat bilan bemorining har bir so‘zini, har bir imo-ishorasini kuzatardi. U Arlianga qarab, biroz oldinga egildi.
— Ha, hammasi joyida, janob Burjua, — u ovozini pastlatib, jilmaygancha davom etdi. — Ochiq aytsam, hattoki uyg‘onishni istamayapman.
Doktor bir lahza jim qoldi. Arlian so‘zlaridagi og‘irlikni u his qilgandi.
— Agar qo‘rqinchli tushlar bezovta qilmayotgan bo‘lsa, bu bizning yutug‘imiz, — dedi u ohista. — Qo‘llaringizni harakatlantira olyapsizmi?
— Ha, hatto yana rasm chizishni boshladim, — dedi qiz yengil jilmayib. Uning ovozida ancha ilhom va hayotga qaytish istagi bor edi.
Doktor Burjua mamnun bosh irg‘adi, ammo qattiq ogohlantirishni unutmasdi.
Doktor yengil xo‘rsindi. U allaqachon bunga tayyor edi. Shkafdan bir rasm olib, uni qizga uzatdi.
— Bu sizning turmush o‘rtog‘ingiz, Park Soonghun. Esladingizmi?
Arlian suratga qaradi. Uning lablarida tushunarsiz jilmayish paydo bo‘ldi, ko‘zlari esa beixtiyor yerga qaratildi. Bir necha soniya o‘tib, u yengil bosh silkidi va yana doktorga nigohini tikdi.
— Menda hammasi joyida, — dedi u ohangida qandaydir sir saqlagancha. — Lekin, iltimos, bundan keyin unga "erim" demang.
Doktor Burjua qoshlarini biroz chimirdi.
— Yo‘q, biz hech qachon er-xotin bo‘lmaganmiz. U shunchaki… qachonlardir yonimda edi. Holatim og‘ir bo‘lganda, u menga umr yo‘ldoshimdek tuyuldi. Lekin biz shunchaki tanishlar edik.
— Tushunarli… Mayli, o‘zgartirishlarni hisobga olib, dori dozalaringizni ham qayta ko‘rib chiqamiz.
— Rahmat, doktor. Kuningiz hayrli o‘tsin, — dedi Arlian va sokin qadamlar bilan xonani tark etdi.
Ortidan esa shifoxonaning xira yorug‘lik bilan yuvilgan devorlari jimjit kuzatib qoldi…

Arlian de Yanelle Luis Hybrid

Arlian yo‘l bo‘ylab ketar ekan, qo‘llari sezilar-sezilmas titrardi. Bu g‘alati edi, ammo o‘zi buni anglamasdi. Uning ongini kechagi tush qamrab olgan, u yigitni yana ko‘rish istagi butun vujudini egallagan edi.
— Bir soat o‘tib...
U uyiga yetib keldi. Yo‘l bo‘yi tasavvurida gavdalanib turgan qiyofaning real shaklini yaratish ilinjida darhol rasm chizadigan xonasiga kirdi. Xona burchagida kecha tugatgan rasmiga ko‘zi tushdi. Unga termulib o‘tirgan yigit birdan tilga kirdi:
— Yana rasm chizyapsan, bu yaxshi...
Arlian chuqur nafas oldi.
— Men doim ham rasm chizganman... Lekin hozir qo‘lim avvalgidek ishlamaydi. Baribir, chizmaslik hayotni maqsadsiz yashash bilan tengdek tuyuladi.
Yigit muloyim jilmaydi.
— Sen har qanday holatda ham rasm chiza olasan. Chunki bu seni xatolaringni va tashvishlaringni unutishga yordam beradi.
Arlian nigohini pastga tushirdi.
— Lekin ba’zan gunohlar shunchalar og‘ir bo‘ladiki, ularni bo‘yoqlar bilan ham yashirib bo‘lmaydi…
— Shifokor huzuridan qaytyapsanmi?
— Federallar sendan ruhiy holating bo‘yicha hujjat so‘rashdi…
— Ba’zan odam aqldan ozmaganini isbotlash uchun baqirib, qichqirib, o‘zining hushyorligini isbotlamoqchi bo‘ladi… Lekin men… men ayni damda bunday deyolmayman…
Yigit jim qoldi. Xonada noxush sukunat hukm surdi.
— Shu ish hali ham yopilmadimi? Axir, ikki oy bo‘ldi… O‘sha ayol nega sening orqangdan tushib oldi? Eri vafot etdi, endi hayotini davom ettirsa bo‘lmaydimi?
— Bu shunchaki oddiy narsa emas… Ba’zan odamlar o‘zlari nima istayotganlarini bilishmaydi. Ba’zan bir ish boshlangan bo‘lsa, uni oxirigacha yetkazmaguncha qo‘ymaydilar…
Arlian yengil xo‘rsindi.
— Lekin u erini o‘ylamayapti. Uning yagona maqsadi — meni qamatish. Sababini esa juda yaxshi bilaman…
Yigit yelkasini qisdi.
— Endi nima qilasan? Bu yerda qolsang, vaziyat yanada yomonlashadi.
— Bilmayman… Nimadir o‘ylab topaman. Ertagacha…
— Mayli, men ketdim. Bir-ikki ishlarim bor edi.
U eshik tomon yurdi, ammo birdan to‘xtadi.
— Soonghun…
U yigitning ortidan jilmayib qaradi.
— Ayt-chi, nega har doim o‘zingni hammaga mening erim sifatida tanishtirasan?
Soonghun biroz jim qoldi. Keyin esa mayin jilmayib, sekin pichirladi:
— Chunki… shunisi maqulroq.

Park Sunghoon

— To‘rt soatdan so‘ng —
Soonghun og‘ir tanasini divanga tashladi. Qo‘lidagi chiptalarni stol ustiga qo‘ydi, lekin ular qo‘liga yopishib qolgandek, bir lahza bo‘lsa ham ularni qo‘yib yuborgisi kelmadi. Har safar ko‘zlari chiptalarga tushganida yuragida qandaydir bosim his qilar, ko‘ksida tugun bo‘g‘ilar edi.
“Ertaga Koreaga qaytishim shart… zarur. Lekin Arlianni tashlab qanday ketaman? Qolsam—o‘zim, ketsam—Arlian. Nima qilsam ekan?”
U chuqur nafas olib, boshini orqaga tashladi. Ko‘zlarini yumgancha shiftga termuldi. Yelkalari og‘ir edi, xuddi ularni bosayotgan bu qaror og‘irligi ostida ezilayotgandek.
— Arlianning uyi —
Arlian qalamni barmoqlari orasida mahorat bilan qimirlatdi va oxirgi bo‘yoq tomchisiga rasmda jon ato etganday bo‘ldi. Tuzilgan shakllar, soyalar, chizgilar
—barchasi mukammal edi. Go‘yo kamera orqali olingan suratga qarayotgandek his uyg‘otardi.
U bir qadam orqaga chekindi va ishiga razm soldi. Keyin ko‘zlarini qisib, past ovozda shivirladi:
“Sen… sening ko‘zlaring, chag‘dor yanoqlaring, tabassuming… Men seni hech qachon uchratmaganman, lekin bir oydirki, tushlarimdan ketmaysan. Nega aynan sen? Qayerdasan o‘zi?”

Asar

U xayollar og‘ushida rasmga tikildi, keyin asta-sekin derazaga yaqinlashdi. Shu tobda hayoti qanday burilish yasashini, qanday qaror to‘g‘ri bo‘lishini bilmayotgandi.
Shu payt telefoni jiringladi.
— Eshitaman.
— Senga bitta taklifim bor.
— Qanday taklif?
— Ertaga men bilan Koreyaga uchishga nima deysan?
— Nega birdan?
— Shunchaki… Agar ketsak, ikkalamiz ham bu yerdagi muammolardan yiroq bo‘lamiz. Agar istamasang…
— Men roziman.
— Chindanmi?
— Ha.
— Ikki kundan keyin ertalabgi reys.
— Tushunarli.
Suhbat tugadi. Telefoni jimib qoldi.
Arlian esa yana derazaga qaradi. Uzoqqa, bir nuqtaga… Go‘yo u yerdan o‘zining kelajagini izlayotgandek...
— 30-mart, 09:00 —
Qiz va yigit jamadonlarini olib, samolyot saloniga kirdi. Soonghun chamadonlarni joylashtirayotganida, kichik sumkaning ochilib qolgan joyidan bir surat sirg‘alib tushayozdi. U beixtiyor suratga ko‘z yugurtirdi va ko‘zlari sezilar-sezilmas pirpiradi.
Arlian buni sezib qoldi va tezda sumkani olib, yopib qo‘ydi.
— Qachondan beri odamlarni chizishni boshlading? — dedi Soonghun kinoyali ohangda.
Arlian unga hayron bo‘lib qaradi va bir qoshnini ko‘tardi. Soonghun esa jiddiy qiyofada oldinga yurib ketdi.
— Samolyot ichida —
Arlian deraza ortidagi osmon uzra yuradigan oppoq bulutlarga mahliyo bo‘lib, chuqur o‘yga tolgan edi. Ko‘ngli allanechuk bezovta… Go‘yo u hayotida qandaydir katta o‘zgarish bo‘lishini sezayotgandek.
Soonghun esa sukutni buzib, unga bir necha qog‘oz uzatdi.
— Bu nima? — Arlian qog‘ozlarni qo‘liga olib, sahifalarni ochdi.
— O‘qib ko‘r.
— "Turmush qurganlik haqida guvohnoma… Park Soonghun va… Jung Hyeong?" — u hayrat bilan ovoz chiqarib o‘qidi va nigohini Soonghunga tikdi. — Bu hazilmi?
— Yo‘q, — dedi Soonghun sokinlik bilan. — U yerda hech kimimiz yo‘q, yolg‘iz bo‘lsak, shubha uyg‘onishi mumkin. Hech bo‘lmasa, birga yashashimiz tushunarli bo‘ladi. Bu yer Parij emas, esingda bo‘lsin.
— Kim aytdi, men sen bilan yashayman deb? — Arlian uning qog‘ozni uzatgan qo‘lidan sirg‘alib chiqdi.
— Bas qil, shunday qilmasak bo‘lmaydi. Sen o‘zingni eplay olmaysan.
— Men yosh bola emasman, — dedi Arlian qattiq ohangda. — O‘zimni eplay olaman.
— Qaysarlikni bas qil, shunchaki imzo chek.
— Menga buyruq berma! Men istagan narsani qilaman! Soxta nikohsiz ham o‘zimni eplay olaman!
Soonghun chuqur xo‘rsindi. U Arlianni ko‘ndirish imkonsiz ekanini tushundi va qog‘ozlarni sekin yig‘ishtirib qo‘ydi.
— Janubiy Koreya, Seul —
Havo bekatida, odamlarning shovqini orasida yosh yigit sabrsizlik bilan qo‘llarini musht qilib, past ovozda allanimalarni ming‘irlab turardi. Uning nigohi London-Seul reysidan kelayotgan samolyotni kuzatar, ich-ichidan yirtqichdek sabrsizlik bilan qaltirardi.
Shu payt yoniga kimdir kelib, past ovozda shivirladi:
— O‘n daqiqadan so‘ng Ren Heilin shu yerda bo‘ladi. Menga qara, ishingni muammosiz bajar. Yoki…
— Har daqiqa kelib, menga ming‘irlash shart emas, — yigitning ovozi g‘azab aralash sovuq jarangladi. — Shundoq ham nima qilishimni bilaman.
— Shunga umid qilaman… Tezroq bo‘l, ortiqcha iz qoldirishni istamaymiz.
Ren Heilin kotibi bilan aeroport eshiklaridan chiqib kelardi. Hei hech narsadan shubhalanmasdi… lekin unga o‘tkir xavf yaqinlashayotgan edi.

Park Heilin

— Soonghun va Arlian —
— Unutma, bu yerda isming Jung Hyeong. Shubha uyg‘otmaslik uchun, — dedi Soonghun va Arlianga yangi pasportni uzatdi.
— Yaxshi… — Arlian pasportni qo‘liga olib, unga qarab qo‘ydi.
Shu payt yonidan kimdir o‘tdi. Qora libos kiygan, yuzini maska bilan bekitgan yigit…
Arlian bir lahza to‘xtab qoldi. Nimadir unga tanish tuyuldi. Yuragi tez urib ketdi. Ko‘zlarini kattaroq ochdi va boshini keskin burdi.

Bu… u?
U to‘satdan yigit ortidan yugurib ketdi.
— Arlian! — Soonghun ortidan shoshdi.
— Hal qiluvchi lahza —
Heilinning kotibi nimadandir chalg‘ib, undan uzoqlashdi. Hei esa shunchaki kutib turardi… xavfdan bexabar.
Qora libosli yigit sekin yurib kelib, pichoqni mahkam ushladi. U yaqinlashdi. Bir qadam… ikki qadam… pichoqni to‘g‘irladi.
Shu payt…
Kimdir uning bilagidan ushlab qoldi.
Qattiq, kuchli bosim ostida yigit bir lahza titrab ketdi. Nigohi ortiga burildi va…
Arlian!
U hech ikkilanmay oldinga chiqdi va yigitning ko‘zlariga tikildi.
Samolyot dvigatellarining shovqini, shoshayotgan odamlarning ovozlari… Barchasi orqaga chekindi. Shu tobda, faqat ular bor edi.
Arlian va qotil.