Shukur Xolmirzayev. Yashil «Niva» (hikoya)
Кирилл ёзувидаги матн пастда берилган
Avvalo, shuni aytishim kerakki, biz tomonning odamlari ancha serandisha keladi. Buning tarixiy ildizlari bor: biz kattalarga — xususan, yoshi ulug‘lar-u lavozimli shaxslarga ta’zim qilib o‘rganganmiz.
Yo‘g‘asam zamonga qaramaysanmi deng. Sotsializmdan putur ketgani aniq: Pribaltikada Mustaqillik uchun namoyishlar bo‘lyapti. Toshkent ham tinchini yo‘qotgan…
Bizda esa Bag‘doddagidek osoyishtalik.
To‘g‘ri, bizdayam «diktator arbob»larga qarshi chiqishlar bo‘p turardi: shundayam azob-u kamsitishlar jonidan o‘tib suyagiga yetganlar…
Qurbaqani bossang ham, «vaq» deydi-ku?
Biroq, ont ichib aytamanki, gap bunda ham emas.
Nimagaki, shaxsan menga o‘xshaydigan ziyoli hamma yerda bor. Va men tilga olmoqchi bo‘lgan (sadqai tilga olish ketsin!) «diktator amaldor» ham boshqa oblastlarimizdan topiladi. Pirovardi, yashil «Niva»ning ham urug‘i serob. Qolaversa, o‘sha baland — Oqdovonga o‘xshash dovonlar ham respublikamizda ko‘p.
Xullas, …ga borayotib edik — yurtga, shahrimizga. Mana shu qizil «Jiguli»damiz: xotinim, o‘g‘lim, qizim.
O‘zim ruldaman.
Yo‘limiz Oqdovondan o‘tishi kerak.
Dovon esa, haligiday bir «diktator»ning sovxoziga qaraydi.
Ilgarilari bu yoqqa yo‘lim tushsa ham, qaytishda ham dovonni chetlab, cho‘l orqali ketardim: u yoq tinch, yo‘li tekis, eng muhimi — «diktator» yo‘q.
Bu gal juda shoshib turgandik: soat 12 da institutda bo‘lishim kerak: darsim bor. So‘ngra ne bir xayol bilan: «Bahor-ku? Bolalar ham bir yayrasin, tomosha qilsin», deb ularniyam olvolgandim.
Ha-ha, dovonning yo‘li yaqin-da!
Xullas, shahardan chiqdik.
Tog‘ etagida kabob pishiradigan bitta kafe bor. O‘sha yerda to‘xtab, ikki sixdan kabob yedik. Bir piyoladan choy ichdik. Keyin yana yo‘lga tushdik.
Yo‘l deng, tog‘ bag‘irlab ketadi.
Hamma yoq yashnagan. Do‘lanalar oppoq gullagan. Na’mataklar ham rosa ochilgan. Butun dunyoning bul-buli shu yerlarga yig‘ilib kelganday: har shoxda chag‘-chag‘laydi.
Etakda soy bor, nari betlarda — qor.
Shunday qilib, atrofni tomoshalab, juda xushnud kayfiyatda ketayotib edik. Mashinaning tezligi o‘rta-cha— soatiga ellik-oltmish kilometr.
Ketayapmiz-u, ko‘nglimning ostida bir taxlika paydo bo‘ldi. «Diktator» uchrab qolmasin-da».
To‘g‘ri, u bizni yeb qo‘ymasdi. Ammo uning qilmishlari — dahshat! Anchayin salom bermay o‘tgan o‘smirni oyog‘idan ostirgan…
Xullas, burilishdan o‘tayotib edik, shunday qiyg‘os gullagan olmalar ichidan bitta yashil «Niva» lop etib chiqdi-yu, oldimizga tushib, sekin keta boshladi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xuddi o‘shaning mashinasi! Mashhur mashina!.. «Diktator direktor» deyapman-u, iltimos, uni jindak eslashib olaylik. Xo‘sh, u kimsa — o‘sha raykom sekretarlarini almashtirib yurganlardan biri… O‘z bilganingizni tasavvur qilavering. Ularning bari bir-biriga o‘xshaydi. Pul bilan mansabga chiqib olgan. Keyin davlat planlarini xalqni qulday ishlatib, tag‘in pripis-mripis bilan oshirib bajarib, geroy bo‘lgan. Keyin Markazqo‘mdan himoyachi — «aka» topgan. Balki o‘sha «aka» tufayli «geroy» bo‘lgan. Xullas, akaning «ochil dasturxon»iga aylangan, bu yokda o‘zlariga xon — o‘zlariga bek bo‘lgan kishi…
Bizga o‘xshagan odam — institutning oddiy o‘qituvchilari ham u kishim uchun bir chigirtka: chertsa, uchib ketamiz.
Darvoqe, bu odamning zulmi institutni ham zabt etgan, rektorimiz, — bechora bir yaxshi odam, — uning nomini eshitsa zirillar edi: uning qishlog‘idan yoki qarindoshlaridan bironta bola o‘qiyotgan bo‘lsa, avvalo o‘shaning ko‘nglini olish payida, o‘rgulib-o‘rtanib yurardi.
Lekin uning ustidan yoza-yoz ham ko‘paygan, qayerlardadir g‘alayonlar bo‘lgani haqidayam eshitardik.
Shunday qilib, yashil «Niva» yo‘lga tushib oldi-da, juda sekinlab keta boshladi. Albatta o‘shaning mashinasi bu. Yon-veridan antennalar chiqarilgan, demak, ichida ratsiyasi ham bor. Mashinaning o‘zi deng, yap-yangi. Lekin yon-bag‘irdan chiqib keldi-ku, orqa oynasi loy edi, shuning uchun ichkarida necha kishi o‘tirgani ko‘rinmasdi.
Juda imillab ketyapti.
Men ham tezlikni kamaytirdim. Nima qilay? O‘tib ketaymi? Be, o‘sha kuni institutdan dumimni tugdiradi: bunaqa voqealar bo‘lganda, ayrimlar ehtiyotsizlik qilib o‘tib ketib baloga yo‘liqqanlar.
O‘zi, men sizga aytsam, bundaqa o‘ziga xon — o‘ziga bek arzandalar ilgari hamma jamiyatlarda bo‘lgan va, qizig‘i shundaki, ular bari bir-biriga o‘xshagan. Biroq bizning jamiyatimizda ularning paydo bo‘lishi… istisno holdirki, bu kishini juda o‘ylatadi…
Biz ham «Niva»ning oyog‘iga qarab ketyapmiz.
Bir mahal o‘g‘lim injiqlik qila boshladi: «Ada, o‘taylik. O‘tib ketaylik!» Narigi tekis yo‘lda yurishimga o‘rgangan-da. Bu yerdagi bahor manzaralari uni yana ko‘tardi. «Xo‘p, — deiman. — Hozir o‘tamiz», deyman. Keyin xotinimiz ham xarxasha qila boshladi: «Nima bo‘ldi sizga? Munday imillab qoldingiz? Yo‘l keng-ku, abgon qila qoling, adasi».
Mening ham dardim ichimda: institutga tezroq yetib olishim kerak. Bu yurishda, kim biladi…
Xullas, ketyapmiz. Tavba, deyman. Goho «Niva» to‘xtab-to‘xtab qoladi. Go‘yo «o‘t, o‘taver», deganday. O‘tib bo‘pman: men ham «Jiguli»ni to‘xtatib qolaman.
Ketaverdik, ketaverdik.
Tabiatdan zavq olishning ham rasvosi chiqdi. O‘g‘il tag‘in xarxasha qiladi, xotin ming‘irlaydi. Qizaloq ham onasining gapini takrorlay boshladi.
Ana tomosha!
He, gapning qisqasini aytsam, bir yarim yoki ikki soatlar uning orqasidan ergashib yurdim: sal tezlasa-tezlayman, sekinlasa-sekinlataman, to‘xtasa-to‘xtab qolaman.
Barimiz bo‘lganimizcha bo‘ldik: o‘g‘il yig‘lay boshladi, xotin biz bilan gaplashmay qo‘ydi, qizaloq xo‘mraygan. O‘zim-chi? Menga zaril keptimi shu yurish?
Institutdagi dars ham barbod bo‘ldi: dovondan oshgandan keyin ham kamida ikki soat yurishim kerak.
Soat o‘n ikkiga yaqinlashganda, qo‘llarim qaltirab, mashinayam qizib ketib, dovonga chiqishimizga bir chaqirimlar qolgan edi, «Niva» birdan burilib, chap tarafga o‘tdi-da, shunday tik qirga zing‘illab chiqib ketdi. Xayol qildim: samolyotning motori o‘rnatilgan. Qirdan oshib goyib bo‘ldi.
Shukr qilib, yoqalarga «tuf-tuf»lab tezlikni oshirdim. Dovonga chiqdik.
Shunday chetda DAN posti bor. Qarasam, tanish inspektor yo‘lga chiqib kelyapti. Ola tayog‘ini shunday cho‘zdi. To‘xtadim. Xursand bo‘lgan chog‘da yana yurak urishini ko‘ring. «Yo‘lda biron nojo‘ya harakat qildimmi?» deb o‘ylayman. Inspektor ham — «diktator»ga qarashli odam-da! Ratsiya orqali bir nima degan bo‘lsa, pravaning o‘n joyidan teshadi. Bu yo‘lni bir umr orzu qilmaydigan bo‘laman.
Hujjatlarni olib chiqdim.
— Assalom alaykum.
Serjant chest berdi-da:
— Bularni joyiga sop qo‘ying, domla. Xo‘jayin «juda odobli bola ekan» dedilar, — dedi kulimsirab.
Karaxt bo‘lib qoldim.
Biz bolakay «odob yuzasidan» u kishini yo‘lda qoldirib o‘tib ketmagan ekanmiz!
Voy, muttaham-ye…
Ha, undan qutulganimizga ming bor shukr qilib, yo‘lda davom etdik. Hademay xotinning ham chehrasi ochildi, o‘g‘ilchamiz ham otasini taniganday bo‘ldi, qizaloq ham yig‘idan to‘xtadi. Lekin bizning ishimiz rasvo bo‘lgan edi: dars o‘tilmay qoldi…
Oradan ikki kun o‘tgan edi deng, bu yoqdan telefon bo‘lib qoldi. Ha? «Tezda yetib keling, Vilnyusga jo‘naysiz, o‘zbek san’ati tarixidan ma’ruza o‘qib kelasiz».
Bizning institut bilan ularning instituti orasida shunday — o‘qituvchilarni ayribosh qilish, bir-birining san’ati haqida ma’ruza o‘qish an’anasi bor edi.
Yana yo‘lga tushdik. Endi dovondan tushadigan bo‘ldik. Birinchidan, vaqtli yetib borishim kerak. Ikkinchidan, biz xo‘jayinga xiyla yoqib qolgan «odobli bola»miz. Bu gal o‘tgan galgidek qiynalmasmiz. Keyin, «xo‘jayin» har kuni shu yo‘ldan qatnayvermas…
Ko‘ngilga taskin berib dovonga yetib keldim. Qarasam, DAN posti berk. Inspektor yo‘q. Ha, «chaqirib olgandir-da», deb o‘yladim. Axir, melisalar, ham u kishining yugirdagi edi-da!
Nishab yo‘l. Anchagina tezlik bilan tushib ketyapman. Lekin butun vujudim ko‘z-quloq: tag‘in bir burilishda chiqib qolsa, bilasiz-ku, unday odam yeb turgan taomiga ham tupuradi…
Tushib ketyapman, ketyapman. Tinchlik. Bahor avjida. Yana bulbullar sayrab yotishibdi.
Yo‘lda imoratlari toshdan yasalgan kichkina bir qishloq bor edi, undan o‘tgach, kabob pishiriladigan kafe keladi. Shu qishloqqa yetdim deganda, o‘sha inspektorni ko‘rib qoldim. U meni ancha narida ekanimda ko‘rgan shekilli, tayog‘ini cho‘zib turibdi.
Mashinani to‘xtatdim. Har ehtimolga hujjatlarni olib chiqdim. Inspektor o‘rnidan jilmadi.
— Assalom alaykum, — deb oldiga bordim.
— Nega tez kelyapsiz? — dedi u. Chest berish qayoqda! Meni tanimaganday.
— Yo‘q-e, ana spidometrni ko‘ring, — dedim.
— Ko‘rib turibman. Uch so‘m, — dedi.
— Xo‘p-xo‘p. Pulni to‘lab:
— Xo‘jayin yaxshi yuriptilarmi? — dedim. U aftimga ensasi qotgandek qarab turdi-da:
— Xo‘jayin ke-yetdi, — dedi.
— Qayoqqa?
— Ketadigan joyiga… Tushundingizmi? Kecha partiyadan o‘chirildi. Bugun ishdan olindi.
— Sabab?
— Xalq… Hamma sizga o‘xshagan «odobli bola»mi?
Shu gap menga ta’sir etib ketdi deng: xuddi o‘sha kungi odobli ekanimni ta’na qilgan edi.
— O‘zlariyam odob masalasida kaminadan qolishmas ekanlar, — dedim. Va yana so‘radim: — Nahotki?
— «Aka»lari ketgan odam ketadi-da, — dedi u. — Boshqa «aka»larga yoqmay qoptilar. Bu yoqda xalq turibdi, tishini qayrab… Go‘yo xalqning yonini olishdi ular… Endi yo‘ldan qolmang, domla. Yo‘g‘asam, odobda sizdan qolishmasligimni…
U bir nima deb po‘ng‘illadi.
Men mashinani minib jo‘nadim. Ham xursandman, ham kulaman ham: «O‘l, — deyman o‘zimga. — Kuni bitgan ekan-ku? Nega o‘sha kuni muncha qo‘rqding? Xotining, bolalaring oldida sharmanda bo‘lding? Qancha asabing ketdi? Vang‘illatib o‘tib ketmaysanmi, nomard!» deyman.
Ul odamning partiyadan o‘chgani, ishdan olib, qamalganini eshitgandirsiz? Eshitmagan bo‘lsangiz, o‘zingiz bilgan shunday «diktator»ni eslang: ularning ham boshiga shunday kun tushadi? Balli… O‘zi bu hol — jamiyatimiz uchun istisno hol edi-da. Ammo bundan keyin ham o‘ylatadigan hol…
Endi bu yog‘ini eshiting: o‘zimni so‘kib, nomarddan nomardga solib, tabiiy ravishda endi o‘zimni mard chog‘lab ketayotsam, ishonasizmi, kafedan o‘tgan joydagi burilishdan shunday qayrilgan edim, shunday chap tarafdan — suv sizib oqayotgan qir oralig‘idan bitta… yashil «Niva» g‘uv etib tushdi-da, yo‘lning cheti bilan sekin keta boshladi.
Shunday tormoz beribmanki, boshim oynaga urildi.
«Xudo urdi, inspektor meni aldagan bo‘lsa-chi?», deb o‘yladim. Yana «Jiguli»mni sekin haydab, u bilan izma-iz keta boshladim. Boyagi mardligim qayoqqa ketdi deng?
Tezroq yursa — tezlashaman, sekinlashsa-sekin. Qadamiga qarab, ichimni mushuk tatalab, «Yana kechikadigan bo‘ldim-da!» deb borayotib edim, «Niva» birdan to‘xtadi-da, eshigi ochilib, bitta rus bolasi boshini chiqardi.
— Ha? — dedim. Mashinamni sal ilgari haydab, bu tomonning oynasini tushirdim.
— Chyo ti presleduyesh? — deydi.
Qotib qoldim.
— Izvenite, izvenite, — deb mashinasiga zehn solsam, ancha eski mashina.
O‘tib ketdim. Yana kulaman: «O‘l sen vahimachi! — deyman. — Qo‘rqqanga qo‘shaloq ko‘rinadi, degani shu ekan-da… Dadil bo‘l-e! Odamsan-ku, anavi «diktator»lar paydo bo‘lishidan oldin ham bor eding-ku? Xalqdan ibrat olmaysanmi? Xalq uyg‘onayotir-ku…»
Ana shunday qilib, yo‘lda davom etdim. Shaharga kirib keldim.
Lekin bir narsani yashirmay aytaman: hali-hamon shahar ko‘chalaridami, ovloq joylardami — yashil «Niva»ni ko‘rsam, yuragim orqamga tortib ketadi.
Nega bunday? Aqlim yetmaydi. Balki buyam o‘ylab ko‘riladigan holdir.
1987
Шукур Холмирзаев. Яшил «Нива» (ҳикоя)
Аввало, шуни айтишим керакки, биз томоннинг одамлари анча серандиша келади. Бунинг тарихий илдизлари бор: биз катталарга — хусусан, ёши улуғлар-у лавозимли шахсларга таъзим қилиб ўрганганмиз.
Йўғасам замонга қарамайсанми денг. Социализмдан путур кетгани аниқ: Прибалтикада Мустақиллик учун намойишлар бўляпти. Тошкент ҳам тинчини йўқотган…
Бизда эса Бағдоддагидек осойишталик.
Тўғри, биздаям «диктатор арбоб»ларга қарши чиқишлар бўп турарди: шундаям азоб-у камситишлар жонидан ўтиб суягига етганлар…
Қурбақани боссанг ҳам, «вақ» дейди-ку?
Бироқ, онт ичиб айтаманки, гап бунда ҳам эмас.
Нимагаки, шахсан менга ўхшайдиган зиёли ҳамма ерда бор. Ва мен тилга олмоқчи бўлган (садқаи тилга олиш кетсин!) «диктатор амалдор» ҳам бошқа областларимиздан топилади. Пироварди, яшил «Нива»нинг ҳам уруғи сероб. Қолаверса, ўша баланд — Оқдовонга ўхшаш довонлар ҳам республикамизда кўп.
Хуллас, …га бораётиб эдик — юртга, шаҳримизга. Мана шу қизил «Жигули»дамиз: хотиним, ўғлим, қизим.
Йўлимиз Оқдовондан ўтиши керак.
Довон эса, ҳалигидай бир «диктатор»нинг совхозига қарайди.
Илгарилари бу ёққа йўлим тушса ҳам, қайтишда ҳам довонни четлаб, чўл орқали кетардим: у ёқ тинч, йўли текис, энг муҳими — «диктатор» йўқ.
Бу гал жуда шошиб тургандик: соат 12 да институтда бўлишим керак: дарсим бор. Сўнгра не бир хаёл билан: «Баҳор-ку? Болалар ҳам бир яйрасин, томоша қилсин», деб уларниям олволгандим.
Ҳа-ҳа, довоннинг йўли яқин-да!
Тоғ этагида кабоб пиширадиган битта кафе бор. Ўша ерда тўхтаб, икки сихдан кабоб едик. Бир пиёладан чой ичдик. Кейин яна йўлга тушдик.
Йўл денг, тоғ бағирлаб кетади.
Ҳамма ёқ яшнаган. Дўланалар оппоқ гуллаган. Наъматаклар ҳам роса очилган. Бутун дунёнинг бул-були шу ерларга йиғилиб келгандай: ҳар шохда чағ-чағлайди.
Этакда сой бор, нари бетларда — қор.
Шундай қилиб, атрофни томошалаб, жуда хушнуд кайфиятда кетаётиб эдик. Машинанинг тезлиги ўрта-ча— соатига эллик-олтмиш километр.
Кетаяпмиз-у, кўнглимнинг остида бир тахлика пайдо бўлди. «Диктатор» учраб қолмасин-да».
Тўғри, у бизни еб қўймасди. Аммо унинг қилмишлари — даҳшат! Анчайин салом бермай ўтган ўсмирни оёғидан остирган…
Хуллас, бурилишдан ўтаётиб эдик, шундай қийғос гуллаган олмалар ичидан битта яшил «Нива» лоп этиб чиқди-ю, олдимизга тушиб, секин кета бошлади. Не кўз билан кўрайки, худди ўшанинг машинаси! Машҳур машина!.. «Диктатор директор» деяпман-у, илтимос, уни жиндак эслашиб олайлик. Хўш, у кимса — ўша райком секретарларини алмаштириб юрганлардан бири… Ўз билганингизни тасаввур қилаверинг. Уларнинг бари бир-бирига ўхшайди. Пул билан мансабга чиқиб олган. Кейин давлат планларини халқни қулдай ишлатиб, тағин припис-мрипис билан ошириб бажариб, герой бўлган. Кейин Марказқўмдан ҳимоячи — «ака» топган. Балки ўша «ака» туфайли «герой» бўлган. Хуллас, аканинг «очил дастурхон»ига айланган, бу ёкда ўзларига хон — ўзларига бек бўлган киши…
Бизга ўхшаган одам — институтнинг оддий ўқитувчилари ҳам у кишим учун бир чигиртка: чертса, учиб кетамиз.
Дарвоқе, бу одамнинг зулми институтни ҳам забт этган, ректоримиз, — бечора бир яхши одам, — унинг номини эшитса зириллар эди: унинг қишлоғидан ёки қариндошларидан биронта бола ўқиётган бўлса, аввало ўшанинг кўнглини олиш пайида, ўргулиб-ўртаниб юрарди.
Лекин унинг устидан ёза-ёз ҳам кўпайган, қаерлардадир ғалаёнлар бўлгани ҳақидаям эшитардик.
Шундай қилиб, яшил «Нива» йўлга тушиб олди-да, жуда секинлаб кета бошлади. Албатта ўшанинг машинаси бу. Ён-веридан антенналар чиқарилган, демак, ичида рацияси ҳам бор. Машинанинг ўзи денг, яп-янги. Лекин ён-бағирдан чиқиб келди-ку, орқа ойнаси лой эди, шунинг учун ичкарида неча киши ўтиргани кўринмасди.
Мен ҳам тезликни камайтирдим. Нима қилай? Ўтиб кетайми? Бе, ўша куни институтдан думимни тугдиради: бунақа воқеалар бўлганда, айримлар эҳтиётсизлик қилиб ўтиб кетиб балога йўлиққанлар.
Ўзи, мен сизга айтсам, бундақа ўзига хон — ўзига бек арзандалар илгари ҳамма жамиятларда бўлган ва, қизиғи шундаки, улар бари бир-бирига ўхшаган. Бироқ бизнинг жамиятимизда уларнинг пайдо бўлиши… истисно ҳолдирки, бу кишини жуда ўйлатади…
Биз ҳам «Нива»нинг оёғига қараб кетяпмиз.
Бир маҳал ўғлим инжиқлик қила бошлади: «Ада, ўтайлик. Ўтиб кетайлик!» Нариги текис йўлда юришимга ўрганган-да. Бу ердаги баҳор манзаралари уни яна кўтарди. «Хўп, — деиман. — Ҳозир ўтамиз», дейман. Кейин хотинимиз ҳам хархаша қила бошлади: «Нима бўлди сизга? Мундай имиллаб қолдингиз? Йўл кенг-ку, абгон қила қолинг, адаси».
Менинг ҳам дардим ичимда: институтга тезроқ етиб олишим керак. Бу юришда, ким билади…
Хуллас, кетяпмиз. Тавба, дейман. Гоҳо «Нива» тўхтаб-тўхтаб қолади. Гўё «ўт, ўтавер», дегандай. Ўтиб бўпман: мен ҳам «Жигули»ни тўхтатиб қоламан.
Табиатдан завқ олишнинг ҳам расвоси чиқди. Ўғил тағин хархаша қилади, хотин минғирлайди. Қизалоқ ҳам онасининг гапини такрорлай бошлади.
Ҳе, гапнинг қисқасини айтсам, бир ярим ёки икки соатлар унинг орқасидан эргашиб юрдим: сал тезласа-тезлайман, секинласа-секинлатаман, тўхтаса-тўхтаб қоламан.
Баримиз бўлганимизча бўлдик: ўғил йиғлай бошлади, хотин биз билан гаплашмай қўйди, қизалоқ хўмрайган. Ўзим-чи? Менга зарил кептими шу юриш?
Институтдаги дарс ҳам барбод бўлди: довондан ошгандан кейин ҳам камида икки соат юришим керак.
Соат ўн иккига яқинлашганда, қўлларим қалтираб, машинаям қизиб кетиб, довонга чиқишимизга бир чақиримлар қолган эди, «Нива» бирдан бурилиб, чап тарафга ўтди-да, шундай тик қирга зинғиллаб чиқиб кетди. Хаёл қилдим: самолётнинг мотори ўрнатилган. Қирдан ошиб гойиб бўлди.
Шукр қилиб, ёқаларга «туф-туф»лаб тезликни оширдим. Довонга чиқдик.
Шундай четда ДАН пости бор. Қарасам, таниш инспектор йўлга чиқиб келяпти. Ола таёғини шундай чўзди. Тўхтадим. Хурсанд бўлган чоғда яна юрак уришини кўринг. «Йўлда бирон ножўя ҳаракат қилдимми?» деб ўйлайман. Инспектор ҳам — «диктатор»га қарашли одам-да! Рация орқали бир нима деган бўлса, праванинг ўн жойидан тешади. Бу йўлни бир умр орзу қилмайдиган бўламан.
— Буларни жойига соп қўйинг, домла. Хўжайин «жуда одобли бола экан» дедилар, — деди кулимсираб.
Биз болакай «одоб юзасидан» у кишини йўлда қолдириб ўтиб кетмаган эканмиз!
Ҳа, ундан қутулганимизга минг бор шукр қилиб, йўлда давом этдик. Ҳадемай хотиннинг ҳам чеҳраси очилди, ўғилчамиз ҳам отасини танигандай бўлди, қизалоқ ҳам йиғидан тўхтади. Лекин бизнинг ишимиз расво бўлган эди: дарс ўтилмай қолди…
Орадан икки кун ўтган эди денг, бу ёқдан телефон бўлиб қолди. Ҳа? «Тезда етиб келинг, Вильнюсга жўнайсиз, ўзбек санъати тарихидан маъруза ўқиб келасиз».
Бизнинг институт билан уларнинг институти орасида шундай — ўқитувчиларни айрибош қилиш, бир-бирининг санъати ҳақида маъруза ўқиш анъанаси бор эди.
Яна йўлга тушдик. Энди довондан тушадиган бўлдик. Биринчидан, вақтли етиб боришим керак. Иккинчидан, биз хўжайинга хийла ёқиб қолган «одобли бола»миз. Бу гал ўтган галгидек қийналмасмиз. Кейин, «хўжайин» ҳар куни шу йўлдан қатнайвермас…
Кўнгилга таскин бериб довонга етиб келдим. Қарасам, ДАН пости берк. Инспектор йўқ. Ҳа, «чақириб олгандир-да», деб ўйладим. Ахир, мелисалар, ҳам у кишининг югирдаги эди-да!
Нишаб йўл. Анчагина тезлик билан тушиб кетяпман. Лекин бутун вужудим кўз-қулоқ: тағин бир бурилишда чиқиб қолса, биласиз-ку, ундай одам еб турган таомига ҳам тупуради…
Тушиб кетяпман, кетяпман. Тинчлик. Баҳор авжида. Яна булбуллар сайраб ётишибди.
Йўлда иморатлари тошдан ясалган кичкина бир қишлоқ бор эди, ундан ўтгач, кабоб пишириладиган кафе келади. Шу қишлоққа етдим деганда, ўша инспекторни кўриб қолдим. У мени анча нарида эканимда кўрган шекилли, таёғини чўзиб турибди.
Машинани тўхтатдим. Ҳар эҳтимолга ҳужжатларни олиб чиқдим. Инспектор ўрнидан жилмади.
— Ассалом алайкум, — деб олдига бордим.
— Нега тез келяпсиз? — деди у. Чест бериш қаёқда! Мени танимагандай.
— Йўқ-э, ана спидометрни кўринг, — дедим.
— Кўриб турибман. Уч сўм, — деди.
— Хўжайин яхши юриптиларми? — дедим. У афтимга энсаси қотгандек қараб турди-да:
— Кетадиган жойига… Тушундингизми? Кеча партиядан ўчирилди. Бугун ишдан олинди.
— Халқ… Ҳамма сизга ўхшаган «одобли бола»ми?
Шу гап менга таъсир этиб кетди денг: худди ўша кунги одобли эканимни таъна қилган эди.
— Ўзлариям одоб масаласида каминадан қолишмас эканлар, — дедим. Ва яна сўрадим: — Наҳотки?
— «Ака»лари кетган одам кетади-да, — деди у. — Бошқа «ака»ларга ёқмай қоптилар. Бу ёқда халқ турибди, тишини қайраб… Гўё халқнинг ёнини олишди улар… Энди йўлдан қолманг, домла. Йўғасам, одобда сиздан қолишмаслигимни…
Мен машинани миниб жўнадим. Ҳам хурсандман, ҳам куламан ҳам: «Ўл, — дейман ўзимга. — Куни битган экан-ку? Нега ўша куни мунча қўрқдинг? Хотининг, болаларинг олдида шарманда бўлдинг? Қанча асабинг кетди? Ванғиллатиб ўтиб кетмайсанми, номард!» дейман.
Ул одамнинг партиядан ўчгани, ишдан олиб, қамалганини эшитгандирсиз? Эшитмаган бўлсангиз, ўзингиз билган шундай «диктатор»ни эсланг: уларнинг ҳам бошига шундай кун тушади? Балли… Ўзи бу ҳол — жамиятимиз учун истисно ҳол эди-да. Аммо бундан кейин ҳам ўйлатадиган ҳол…
Энди бу ёғини эшитинг: ўзимни сўкиб, номарддан номардга солиб, табиий равишда энди ўзимни мард чоғлаб кетаётсам, ишонасизми, кафедан ўтган жойдаги бурилишдан шундай қайрилган эдим, шундай чап тарафдан — сув сизиб оқаётган қир оралиғидан битта… яшил «Нива» ғув этиб тушди-да, йўлнинг чети билан секин кета бошлади.
Шундай тормоз берибманки, бошим ойнага урилди.
«Худо урди, инспектор мени алдаган бўлса-чи?», деб ўйладим. Яна «Жигули»мни секин ҳайдаб, у билан изма-из кета бошладим. Бояги мардлигим қаёққа кетди денг?
Тезроқ юрса — тезлашаман, секинлашса-секин. Қадамига қараб, ичимни мушук таталаб, «Яна кечикадиган бўлдим-да!» деб бораётиб эдим, «Нива» бирдан тўхтади-да, эшиги очилиб, битта рус боласи бошини чиқарди.
— Ҳа? — дедим. Машинамни сал илгари ҳайдаб, бу томоннинг ойнасини туширдим.
— Извените, извените, — деб машинасига зеҳн солсам, анча эски машина.
Ўтиб кетдим. Яна куламан: «Ўл сен ваҳимачи! — дейман. — Қўрққанга қўшалоқ кўринади, дегани шу экан-да… Дадил бўл-э! Одамсан-ку, анави «диктатор»лар пайдо бўлишидан олдин ҳам бор эдинг-ку? Халқдан ибрат олмайсанми? Халқ уйғонаётир-ку…»
Ана шундай қилиб, йўлда давом этдим. Шаҳарга кириб келдим.
Лекин бир нарсани яширмай айтаман: ҳали-ҳамон шаҳар кўчаларидами, овлоқ жойлардами — яшил «Нива»ни кўрсам, юрагим орқамга тортиб кетади.
Нега бундай? Ақлим етмайди. Балки буям ўйлаб кўриладиган ҳолдир.