Ishga joylashayotgan talabaning qanday huquqlari bor? – mutaxassis javobi
Talaba nechta joyda ishlashi mumkin, ish beruvchi talabani qabul qilishdan bosh tortsa nima qilish kerak, kimlarga faqat bitiruvchi kursligida ishlashga ruxsat berilgan? Talabalarning ishga joylashish jarayonida bilishi kerak boʼlgan huquqlari haqida Toshkent davlat yuridik universiteti mehnat huquqi kafedrasi katta oʼqituvchisi Muhammadamin Karimjonov batafsil maʼlumot berdi.
Talaba ishlashi haqida qonunchilikda nima deyiladi?
Talaba oʼqishdan boʼsh vaqti bemalol ishlashi mumkin. Mehnat kodeksining 383-moddasiga koʼra, ish beruvchi mehnat shartnomasi boʼyicha ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʼqitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan oʼtayotgan, shuningdek ishlab chiqarish taʼlimini oʼtayotgan xodimlarga ish va oʼqishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.
“Oliy va oʼrta-maxsus taʼlim vazirining “Oliy taʼlim toʼgʼrisida”gi nizomida kunduzgi taʼlimdagi talabalar oʼqishdan boʼsh vaqtlarida kunning ikkinchi yarmida oliy oʼquv yurti va boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi tuzgan holda ishlashlari mumkinligi aytilgan. Lekin buni ish beruvchilar talabalarga faqat kunning ikkinchi yarmidagina ishlashga ruxsat berilgan deb tushunmasligi kerak. Chunki boshqa yuqori turuvchi va ustuvor qonun hujjatlaridagi umumnormalar har qanday shaxslarning, jumladan, talabalarning mehnat qilish huquqini ham birdek eʼtirof etadi.
Talaba nechanchi kursdan taʼlim olayotgan oʼz mutaxassisligi boʼyicha ishlashi mumkin?
Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 275-son qarori tegishli nizomiga koʼra, OTMning kunduzgi, kechki, sirtqi taʼlim shakllarining pedagogika yoʼnalishlarida oʼqiyotgan shaxslar 3-kursdan boshlab oʼqishiga xalaqit bermagan holda pedagoglik ishini amalga oshirish uchun umumtaʼlim muassasalarida asosiy ish joyi sifatida ishga qabul qilinishi mumkin va ularga oʼrta maxsus, kasbiy maʼlumotga ega boʼlgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 yanvardagi 10-son qarorida ham keltirib oʼtilgan.
Yuridik va sogʼliqni saqlash sohasi talabalari-chi?
Prezidentning 2017 yil 19 yanvardagi PQ-2733-son qaroriga koʼra, yuriskonsult yordamchisi lavozimida oliy yoki oʼrta maxsus yuridik maʼlumotga ega boʼlgan yoki Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar boʼyicha professional oʼqitish markazida yuridik mutaxassislik boʼyicha qayta tayyorlash kurslarini tamomlagan va belgilangan namunadagi diplomni olgan shaxs, shuningdek, oliy taʼlim muassasasining yurisprudentsiya mutaxassisligi boʼyicha tahsil olayotgan bakalavriat bosqichining bitiruvchi kursi talabasi yoki magistranti ishlashi mumkin.
Prezidentning 2023 yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʼyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi farmonida advokatura sohasiga yosh kadrlarni faol jalb qilish maqsadida 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab oliy taʼlim tashkilotlari yurisprudentsiya yoʼnalishida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga advokatlik tuzilmalarida mehnat qonunchiligiga muvofiq oʼqishdan boʼsh vaqtda advokat yordamchisi sifatida ish faoliyatini olib borishga ruxsat etilishi belgilandi.
Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 18 dekabrdagi 319-son qaroriga 2-ilova “Klinik ordinatura toʼgʼrisida”gi nizomiga koʼra, oʼqitishning ikkinchi yilidagi taʼlim dasturini muvaffaqiyatli oʼzlashtirgan klinik ordinatorlar rahbarlarining yozma tavsiyanomasi asosida mehnat shartnomasi boʼyicha soha boʼlimlarida tungi navbatchilik qilish yoki oʼqishdan tashqari vaqtda mutaxassisligi boʼyicha ishlash huquqiga egadirlar.
Buni faqat 3-kurs yoki bitiruvchi kurs talabalari ishlashi mumkin ekan-da, boshqa kurs yoki yoʼnalishlarda oʼqiyotganlar ishlay olmaydi deb tushunmaslik kerak. Yuqorida tahlil qilingan pedagogika va yurisprudensiya yoʼnalishi talabalari aynan 3-kurs yoki bitiruvchi kursdan taʼlim olayotgan oʼz mutaxassisliklari boʼyicha ishlashlari mumkin.
Qaysi kasbga qanday maʼlumot zarur ekanini qanday bilsa boʼladi?
Oʼzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori (XАLIKK-2020)” qarorida ishchi kasb va xizmatchilarning asosiy lavozimlariga maʼlumotning eng past darajasiga qoʼyiladigan talablar belgilangan. Demak, mana shu klassifikatordan kasblarga qoʼyilgan maʼlumotning eng past darajasini bilib olishingiz mumkin.
Bundan tashqari, vazirlik va idoralarning hujjatlarida ham tegishli sohalar boʼyicha malaka tavsiflari belgilab beriladi.
Ish beruvchi talabani ishga olishdan bosh tortsa nima qilish kerak?
Bu holatda siz rad etish sababini bilish huquqiga egasiz. Mehnat kodeksining 119-moddasiga koʼra, ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda, ish beruvchi ishga qabul qilish huquqiga ega boʼlgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan ishga qabul qilishni rad etish sabablarining yozma asosini ishga qabul qilinishi rad etilgan shaxsning talabiga koʼra 3 kunlik muddatda taqdim etishi shart. Yozma asosni berishni rad etish ishga qabul qilish qonunga xilof ravishda rad etilganligi ustidan shikoyat qilinishiga monelik qilmaydi.
Аgar ish beruvchi sizni asossiz ravishda ishga olmagan yoki ish oʼrinlarini yashirgan boʼlsa maʼmuriy, hattoki jinoiy javobgarlikkacha tortiladi. Shunday vaziyatga duch kelsangiz, 1000 yoki +99871 210 00 00 (Prezident virtual qabulxonasi), +99871 200 06 00 (Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik vazirligi) 1007 (Bosh prokuratura), 1008 (Аdliya vazirligi) ishonch raqamlariga telefon qilishingiz mumkin.
Talaba toʼliq 1 stavka ishlasa boʼladimi?
Yuqorida aytganimizdek, talaba faqat oʼqishdan boʼsh vaqtida ishlashi mumkin. Yaʼni talabaning oʼqishi ish kunining (smenaning) belgilangan davomiyligiga toʼgʼri kelmasligi lozim. Аgar qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etilsa, tashkilotdagi ish vaqti rejimi toʼgʼri kelsa talabaning toʼliq stavka ishlashiga hech qanday taqiq mavjud emas.
Shuningdek, MK 193-moddasiga koʼra, xodim va ish beruvchi oʼzaro kelishib moslashuvchan ish vaqti rejimini belgilab olishlari mumkin.
Diqqat! Bunda bir shartga rioya etilishi kerak! Ish oʼqishdan boʼsh vaqtda bajarilishi shart. Ushbu talabni mehnat shartnomasida yoki mehnat shartnomasiga doir qoʼshimcha kelishuvda mustahkamlash lozim.
Talaba faqat oʼrindoshlik asosida ishlaydimi?
Haqiqatan ham ayrim ish beruvchilar talabalarni faqat oʼrindoshlik asosida ishga olish kerak deb hisoblashadi. Bu mutlaqo xato. MK 432-moddasiga koʼra, oʼrindoshlik asosida ishlash xodimning oʼzining asosiy ishidan tashqari alohida mehnat shartnomasi shartlari boʼyicha asosiy ishidan boʼsh vaqtida boshqa muntazam haq toʼlanadigan ishni bajarishidir.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrdagi 297-son qarori ilovasiga koʼra, oʼrindoshlik asosida ishlash — xodimning oʼzining asosiy ishini bajarishidan tashqari asosiy ishidan boʼsh vaqtida mehnat shartnomasi asosida boshqa haq toʼlanadigan ishni bajarishi. Talabaning taʼlim olish jarayoni mehnat faoliyati hisoblanmaydi.
Demak, talaba mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan va mehnat daftarchasi yuritilayotgan tashkilot uning asosiy ish joyi hisoblanadi.
Talaba bir nechta joyda ishlasa boʼladimi?
Ha, yuqorida taʼkidlab oʼtilgan mehnat qonunchiligi talablariga rioya qilgan holda talaba oʼqishdan va asosiy ish joyidan boʼsh vaqti, boshqa tashkilotlarda oʼrindoshlik asosida ham ishlashi mumkin. Yaʼni qonunchilikda ish joylari soniga cheklov qoʼyilmagan, balki ish vaqtining davomiyligiga cheklov belgilangan. Yaʼni talaba oʼqishdan va asosiy ishini bajarishdan boʼsh vaqtda, nazariy jihatdan 2 ta tashkilotda 0.25 stavkadan ham ishlashi mumkin. Buning uchun esa oʼrindoshlik asosida ishga kirayotgan joyga asosiy ish joyidan maʼlumotnoma taqdim qilinadi.
Diqqat! Аgar talaba oʼn sakkiz yoshga toʼlmagan shaxs boʼlsa oʼrindoshlik asosida ishlashi taqiqlanadi.
Talabalik davri mehnat stajiga kiradimi?
Oʼzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʼgʼrisida”gi qonunining 37-moddasida ish stajiga qoʼshib hisoblanadigan mehnat faoliyati turlari sanab oʼtilgan. Mazkur qonunning “e” bandiga koʼra oliy taʼlim muassasalarida, aspiranturada, stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutida, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida, tayanch doktoranturada, doktoranturada va klinik ordinaturada kunduzgi oʼqish, shu jumladan chet elda oʼqish umumiy ish staji kamida 7 yil boʼlgan taqdirda ish stajiga qoʼshib hisoblanadi. Yaʼni erkaklar 60, ayollar 55 yoshgacha kamida 7 yil ish stajiga ega boʼlsa, shundagina oliy taʼlim muassasalarida oʼqigan davr ish stajiga qoʼshib hisoblanadi. Nogiron boʼlib qolgan shaxslar stajiga esa koʼrsatib oʼtilgan staj muddatidan qatʼi nazar qoʼshiladi.
Talabani sinov bilan ishga olish toʼgʼrimi?
MK 129-moddasi 3-qismiga koʼra, ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydigan toifalar koʼrsatilgan. Ular bilan bu yerda tanishish mumkin.
Аgar talaba qonunning shu qismidagi dastlabki sinov belgilanmaydigan xodimlar toifasiga kirmasa, ushbu talabaga dastlabki sinov belgilanishi mumkin.
Talaba bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi toʼgʼrimi?
Аgar muddatli mehnat shartnomasi MK 112 yoki 113-moddasi qoidalarini hisobga olgan holda tuzilgan boʼlsa, xodim bilan ushbu shartnomani tuzish asoslidir. Belgilangan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi buning uchun MK 112 yoki 113-moddasida nazarda tutilgan yetarli asoslar mavjud boʼlmaganda nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Masalan, MK 113-moddasiga koʼra, kunduzgi oʼqitish shakli boʼyicha taʼlim olayotgan shaxslar bilan xodim va ish beruvchi oʼrtasidagi kelishuvga koʼra muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin.
Talabaga ham dekret taʼtili va puli beriladimi?
Аgar talaba mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan boʼlsa, ish joyidan homiladorlik va tugʼish taʼtillari berilib, davlat ijtimoiy sugʼurtasi boʼyicha nafaqa toʼlanadi.
Аgar talaba hech qaerda ishlamay, faqat oʼqiyotgan boʼlsa unga dekret puli toʼlanmaydi, lekin qonunchilik hujjatlarida belgilangan homiladorlik va tugʼish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish taʼtillari muddatiga akademik taʼtil berilishi mumkin.
Аgar talaba ish topa olmasa, unga ham ishsizlik nafaqasi toʼlanadimi?
“Аholi bandligi toʼgʼrisida”gi qonunning 45-moddasiga koʼra, taʼlim muassasalarida va tashkilotlarida ishlab chiqarishdan ajralgan holda tahsil olayotgan shaxslar, bundan taʼlimning sirtqi shaklida tahsil olayotganlar mustasno ishsiz deb eʼtirof etilmaydi.
Talabalar uchun mehnat qonunchiligida imtiyozlar nazarda tutilganmi?
MK 383-moddasiga koʼra, ish beruvchi mehnat shartnomasi boʼyicha ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʼqitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan oʼtayotgan, shuningdek ishlab chiqarish taʼlimini oʼtayotgan xodimlarga ish va oʼqishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.
MK 23-bobi 383, 385, 386-387-moddalari ishni taʼlim bilan birga olib boruvchi xodimlar uchun kafolatlar va kompensatsiyalar berish tartibini belgilab beradi.
MK 67-moddasiga koʼra, jamoa shartnomasida ishni taʼlim bilan qoʼshib olib borayotgan xodimlar uchun alohida imtiyoz va kompensatsiyalar, masalan, tashkilotning iqtisodiy imkoniyatlari hisobga olingan holda oʼqish xarajatlarini toʼlab berish nazarda tutilishi mumkin.
227, 228-moddalarda mehnat taʼtili, 386-moddada sirtqi va kechkida oʼqiyotganlar uchun taʼtil haqida batafsil bilish olish mumkin.https://lex.uz/uz/docs/6257288
2-mutaxassislik boʼyicha bakalavr sirtqiga oʼqiyotganlarga ham ish joyida kafolat va kompensatsiyalar taqdim qilinadimi?
MKning 385 va 386-moddalaridan kelib chiqilsa, texnikumni tugatgan xodim kechki yoki sirtqi bakalavrga kirsa, kafolatlar taqdim qilinadi. 2-marta bakalavrga kirsa, kafolatlar taqdim qilinmaydi.
MK 385-moddasidagi kafolatlar faqat kechki yoki sirtqi taʼlim shakli boʼyicha taʼlim olayotgan xodimlar uchun taqdim qilinadi, kunduzgi yoki masofaviy taʼlim shaklidagi xodimlarga taqdim etilmaydi. Lekin tashkilotning mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarida, masalan, jamoa shartnomasida ushbu toifa xodimlarga ham kafolatlar taqdim qilinishi mumkin. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 oktyabrdagi 559-son qaroriga ilova “Oliy taʼlim tashkilotlarida masofaviy taʼlimni tashkil etish tartibi toʼgʼrisida”gi nizomning 22-bandiga koʼra, ish faoliyatini masofaviy taʼlim bilan qoʼshib olib borayotgan talabalarga semestr oxirida yakuniy baholashdan oʼtish, bitiruvchilarga esa yakuniy davlat attestatsiyasini topshirish, bitiruv malakaviy va magistrlik ishini himoya qilish uchun kamida 15 kalendar kun muddatga ish haqi saqlangan holda taʼtil beriladi.