“Notcoin”, “Hamster Kombat”. Oʻzbekistonda kriptovalyuta olish va sotish qay darajada qonuniy?
Telegram orqali “Notcoin” yigʻib, uni 800 ming soʻmga sotgan 24 yoshli talaba yigit 10 sutkaga qamaldi. Ammo bu yagona holat emas – soʻnggi uch hafta davomida 8 kishi maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Xoʻsh, kriptovalyutaga oid milliy qonunchilik qanday? Kriptovalyuta olish va sotish qay darajada qonuniy? Buning uchun qanday javobgarlik belgilangan? Aynan qanday harakatlar uchun kishilar javobgarlikka tortilmoqda? Hudud24.uz sayti kolumnisti Murodjon Najmiddinov maqolada shu haqda soʻz yuritadi.
Oʻrta asrlarda Janubiy Amerikaning “oltin davlati” – Eldorado haqidagi afsonalar ispan konkistadorlarining koʻngliga vasvasa solgani singari bugun aksariyatning oʻy-xayolini “Notcoin”, “Hamster Kombat” va boshqa ilovalarda “tanga” toʻplash va uni yaxshigina pulga sotish band qilgan.
Kriptovalyuta nima? U boshqa valyuta shakllaridan qanday farq qiladi?
Ushbu atama tranzaksiyasini tekshirish uchun foydalaniladigan kriptografiya soʻzidan paydo boʻlgan. Kriptografiyadan, kriptovalyuta maʼlumotlarini hamyondan umumiy reestrga yuborish va saqlash uchun foydalaniladi. Ilk kriptovalyuta – bitkoin, 2009-yilda yaratilgan boʻlib, bugungi kunda ham eng taniqli hisoblanadi.
Kriptovalyuta – tranzaksiya tekshiruvida banklar ishtirok etmaydigan, norasmiy toʻlov tizimi sanaladi. Bu istalgan foydalanuvchiga toʻlov yuborish va qabul qilish imkonini beruvchi, teng huquqli ishtirokchilar tizimidir.
Kriptovalyuta bilan toʻlovlar faqat aniq tranzaksiyalar uchun, raqamli koʻrinishda, onlayn maʼlumotlar bazasida amalga oshiriladi. Oʻtkazmalarda tranzaksiyalar ommaviy roʻyxatda qayd etiladi. Kriptovalyuta moddiy koʻrinishda mavjud emas, u faqat raqamli hamyonda saqlanadi.
Xoʻsh, kriptovalyuta qanday qoʻllaniladi? Kriptovalyuta, taqsimlangan ommaviy reestr – blokcheynda ishlab chiqariladi. Blokcheyn – valyuta saqlovchi tomonidan yangilanib boruvchi barcha tranzaksiyalar yozuvini oʻzida saqlaydi. Taʼkidlash kerakki, kriptovalyuta – moddiy obyekt emas. U yozuv yoki oʻlchov birliklarni bir shaxs tomonidan, hech qanday ishonch va kafolatlarsiz uchinchi tomonga oʻtkazish kalitidir.
Kriptovalyutalar turli mamlakatlarning Markaziy banklari ishlab chiqaradigan raqamli pullardan nimasi bilan farq qiladi? Buni quyida koʻrib chiqishimiz mumkin:
• kriptovalyutani ishlab chiqaruvchi, nazorat qiluvchi va isteʼmolchi (foydalanuvchi) huquqlarini himoya qiluvchi yagona tashkilot mavjud emas;
• kriptovalyuta aktivlarining qiymati jiddiy tebranishlarga uchraydi;
• kriptovalyutadan tovar va xizmatlar uchun toʻlov qilish koʻplab mamlakatda imkonsiz;
• kriptovalyutaning butligini/xavfsizligini taʼminlovchi yagona markaz yoʻq;
• kriptovalyutalar pullarning barcha vazifalarini bajarmaydi – siz ularni bank hisobingizda saqlolmaysiz, naqdlashtirish yoki istalgan xaridni amalga oshirish ham imkonsiz.
Bugungi kunda eng mashhur kriptovalyuta sifatida, birinchi navbatda, Bitcoin (BTC), keyin esa Ethereum, BNB, Litecoin, XRP, Dogecoin va boshqalarni koʻrsatish mumkin.
Bugungi kunda qiymati eng yuqori boʻlgan kriptovalyutalar oʻntaligi. Manba: Crypto.com (https://crypto.com/price/ru)
Kriptovalyuta birliklari (tangalar) mayning jarayonida yaratiladi. Mayning kompyuterning hisoblash quvvati, murakkab matematik muammolarni yechishga qaratiladigan jarayon boʻlib, natijada tangalar hosil boʻladi.
Kriptovalyuta olish va sotish qay darajada qonuniy?
Oʻzbekistonda kriptovalyuta oldi-sotdisiga ruxsat etilgan. Ammo hamma ham sotib ololmaydi, hamma kriptovalyutani ham sotib olib va sotib boʻlmaydi. Xoʻsh, unda kriptovalyutani kimlar sota oladi? Kimlar sotib ololadi?
Oʻzbekistonda kriptovalyuta oldi-sotdisi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan kripto-birjalarda amalga oshiriladi.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom (https://lex.uz/docs/6158224) ga koʻra, kriptovalyutani sotish va sotib olish boʻyicha xizmatlar roʻyxatga olingan provayderlar tomonidan koʻrsatiladi.
Shu oʻrinda aytish kerakki, faqat Oʻzbekiston rezidentlari bunday xizmatlarni koʻrsatishi mumkin. Xizmatlar provayderlari faoliyatining turlari quyidagilardan iborat:
• kripto-birja (kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash uchun elektron platformani taqdim etuvchi tashkilot);
• mayning-pul (mayning jarayonini taʼminlash maqsadida hisoblash quvvatlarini birlashtiruvchi elektron platformani taqdim etuvchi tashkilot);
• kripto-depozitariy (kripto-aktivlarni chiqarish, ularni dastlabki joylashtirish va saqlash xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi tashkilot);
• kripto-doʻkon (kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish yuzasidan xizmatlar koʻrsatish boʻyicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi tashkilot).
Xizmatlar provayderlari faoliyatining har bir turi boʻyicha alohida litsenziya olishi shart, aks holda ularning faoliyati noqonuniy hisoblanadi.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmatlar provayderlari turlari boʻyicha litsenziyalarning elektron reestri. Manba: https://napp.uz/uz/pages/erlsp
Qisqacha aytganda, kriptovalyuta oldi-sotdisini tashkillashtiruvchi kripto-birja,birinchidan, yuridik shaxs boʻlishi, ikkinchidan, Oʻzbekiston rezidenti boʻlishi, uchinchidan, litsenziya olgan boʻlishi shart. Roʻyxatga olingan kripo-birjalar roʻyxati bilan ushbu havola orqali https://napp.uz/uz/pages/erlsp tanishish mumkin.
Aks holda, birja javobgarlikka tortiladi. Masalan, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Binance xalqaro kriptovalyuta birjasini bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobari miqdorida jarimaga tortilgan.Taʼkilash lozimki, ushbu birja (va quyida koʻrsatilgan kripto-birjalarning TOP oʻntaligi ham) hanuzgacha Oʻzbekistonda litsenziya olmagan va, shu bois undan kripto-aktiv sotib olish noqonuniy hisoblanadi.
TOP-10 kripto-birjalar. Manba: CoinMarketCap (https://coinmarketcap.com/rankings/exchanges/ )
Xoʻsh, roʻyxatga olingan birjalardan kimlar kriptovalyuta sotib ololadi? Yuqorida aytilgandek – jismoniy va yuridik shaxslar. Taʼkilash lozimki, Kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarini amalga oshirish qoidalariga asosan voyaga yetmagan shaxslar ushbu savdolarda ishtirok etolmaydi.
Oʻzbekiston hududida kripto-aktivlarni milliy va (yoki) xorijiy valyutaga sotish va sotib olish boʻyicha operatsiyalarini xizmatlar provayderlaridan tashqarida (yaʼni roʻyxatga olingan birjalardan) amalga oshirish taqiqlanadi
Elektron reyestrga koʻra, Oʻzbekistonda bugungi kunda 2 ta kripto-birja, 3 ta kripto-depozitariy, 10 ta kripto-doʻkonga litsenziya berilgan. Mayning-pul faoliyat turi boʻyicha esa birorta subyekt qayd etilmagan.
Kriptovalyuta oldi-sotdisi qoidalariga amal qilinmasligi uchun qanday javobgarlik bor?
Yuqoridagi qoidalarga amal qilinmasligi ham maʼmuriy, ham jinoiy, ham moliyaviy javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin.
Jumladan, MJTKning 155 prim 4-moddasiga koʻra, kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, oʻtkazish yoki ayirboshlash, litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi provayderlarini yuritish uchun 15 sutkaga maʼmuriy qamoq yoki maʼmuriy qamoq qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga BHMning 30 baravarigacha jarima solishga sabab boʻladi.
Bu harakatlar maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 278 prim 8-moddasiga asosan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bu hali hammasi emas – “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunga asosan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderligi bilan litsenziyasiz shugʻullanish BHMning 300 baravari miqdorida jarima qoʻllashga sabab boʻladi.
Aynan qanday harakatlar uchun kishilar javobgarlikka tortilmoqda?
Soʻz boshida taʼidlangandek, soʻnggi uch haftada 8 kishi maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Ushbu sud qarorlari tahliliga koʻra, deyarli barcha aybdor deb topilgan barcha shaxslar “Binance” kripto-birjasida “P2P-savdosi” boʻlimi orqali kriptovalyuta sotib olgan va sotgan.
Shuningdek, bir holatda kripto-aktivlarni sotib olish uchun aybdor deb topilgan shaxs Telegram messenjeri orqali boshqa shaxslarning pasport maʼlumotlarini sotganligi aniqlangan.
Ikkita holatda huquqbuzarlar Telegram messenjeri orqali notanish shaxs unga yozganini va undan kripto valyutalarni sotib olib, boshqa shaxsga sotganini maʼlum qilgan.
Shu qilmishlar uchun aybor shaxslarga 3 sutkadan 10 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi berilgan yoki bazaviy hisoblash miqdorining
20 baravari (6,8 mln soʻm) miqdorida jarimaga tortilgan.
Kriptovalyutani oldi-sotdi qilish uchun foydalangan telefonlar esa davlat foydasiga musodara qilingan yoki yoʻq qilingan.
Taʼkidlash lozimki, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi maʼlumotlariga ular ushbu shaxslarning hech biri litsenziya olmagan.
Soʻz yakunida aytish lozimki, yuqorida keltirilgan qoida va javobgarliklar faqat kriptovalyuta uchun taalluqli boʻlib, hali kriptovalyuta sifatida eʼtirof etilmagan, mulkiy qiymati boʻlmagan, shu jumladan listing qilinmagan (kripto-aktivlarni birjalarga joylashtirish uchun ruxsat berish jarayoni) ilovalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
https://hudud24.uz/news/notcoin-hamster-kombat-uzbekistonda-kriptovaliuta-olish-va-sotish-kai-darazhada-konunii