June 6, 2019

Soxtalik

U hayotini tubdan o‘zgartirmoqchi bo‘ldi. Ertadan yangi hayot boshlashga qaror qildi va tun bo‘lishiga qaramasdan ertangi kun rejasini tuzdi. Juda katta umidlar bilan uyquga ketdi va ertalab uyg‘ongach, yana o‘sha eski hayotida yashashda davom etdi. Kecha tunda yozgan rejalar qog‘ozi ham unga motivatsiya bag‘ishlay olmadi. U o‘zgarishni istamasdi...

U o‘quv markaziga yugurgancha kelardi. Kech qoldi ozroq. Darsga ham kirdi. Endi soatiga qarardi. Qani edi tezroq 1.5 soat o‘tsa, shu yerdan chiqib uyiga borsa. U abituriyent, u o‘qishga kirishi kerak, u hozir lahzalar tez o‘tishini emas, aksincha, sekin o‘tishini istashi kerak edi. U buni his qila olmasdi...

U trenajor zaliga borardi. Borardiyu, o‘zini qiynab shug‘ullangisi kelmasdi. Shunchaki vaqt o‘tsa bo‘ldi. Odamlar uni zalga borayotganini eshitib, uni maqtashsa bo‘ldi. 1 soat o‘tar-o‘tmas zaldan chiqib ketardi. U kuchli bo‘lishni, sog‘lom bo‘lishni, mushaklari baquvvat bo‘lishini xohlardi, ammo bunga erishish yo‘li qiyinligini tan olgisi kelmasdi. U qiynalishni istamasdi...

Bunday bo‘lishiga nima sabab? Nega o‘sha ishlarni qilayotgandek tuyulishni istaymiz-u, ammo ko‘zbo‘yamachilik qilib o‘sha ishni yuzaki bajaramiz? Nega maqsadga erishishni istaymiz-u, unga eltadigan yo‘ldagi sinovlarga dosh bera olmaymiz? Sabab nima? Bizda qat‘iylik yo‘q! Distsiplinaga erisha olmayapmiz. Distsiplina yo‘qmi, birinchi bo‘lishni unutish, distsiplina yo‘qmi, muvaffaqiyatga erishishni esdan chiqarish kerak. Irodani toblantira olmadikmi, biz maqsadimizga erisha olmaymiz. Harakat qilishimiz mumkin, ammo natijasiz.

Hozirda ba‘zi studentlarga qarab hayron qolaman. Sirtdan qarasangiz, intellegentli, bilimga chanqoq bo‘lib ko‘rinadi. Ammo ular ham vaqt o‘tkazsa bo‘ldi, darslarni ham qo‘l uchida qilishadi va diplom olsa bas! Ertaga mana shu 4 yilda olmagan, aniqrog‘i olishni istamagan bilimlari uchun afsuslanishadi. 4 yil umr havoga uchyapti. His qila olishmayapti. O‘qiyotgandek tuyulishyapti, aslida esa boshqacha. Soxtalik avjida.

Nega soxtalik yuzaga keladi? Yana o‘sha distsiplinaga qaytamiz. Inson qarorida qat‘iy tura olmasligi oqibatida soxtalik bilan bo‘lsa-da shu ishni qilayotgandek tuyulishni istaydi. Xo‘sh, bundan kimga foyda? Hamma qilayotgan harakating avvalo, o‘zing uchun qilinishi kerakmasmidi? Hammani alday olsang ham o‘zingni alday olmaysanku?

Irodani mustahkam qil, qaror qildingmi, o‘sha qaroringda sobit tur. Sen kuchlisan! Sen eng tepada turishga loyiqsan! Soxtalik, ko‘zbo‘yamachiliklardan uzoq yur, o‘zingga ishon va maqsading yo‘lidagi sinovlardan cho‘chima.