Umumtaʼlim muassasalarida alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun qulay muhit yaratish
Oʻ.Odiljonov — Oʻzbekiston Respublikasi Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Taʼlim tashkilotlarini jihozlashga nisbatan moddiy-texnik talablarni ishlab chiqish boʻlimi boshligʻi
S.Moʻminov — Oʻzbekiston Respublikasi Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Ixtisoslashtirilgan pedagogika va inklyuziv taʼlimni rivojlantirish boʻlimi bosh mutaxassisi
Annotatsiya. Umumtaʼlim muassasalarida alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun qulay muhit yaratish bilan jamiyatning barcha bolalariga teng taʼlim olish imkoniyatini taʼminlash, barcha bolalar, jumladan jismoniy, aqliy, yoki psixologik cheklovlari boʻlgan bolalar ham maktablarda oʻzlarini xavfsiz va qoʻllab-quvvatlangan his qilishi, oʻquvchilarning taʼlim jarayonida toʻliq ishtirok etishlarini taʼminlash va ularning oʻquv-tarbiya jarayoniga toʻsqinlik qiluvchi cheklovlarni yengib oʻtishga yordam berish uchun qanday qulay, xavfsiz muhit yaratish yoritilgan.
Kalit soʻzlar: Inklyuziv taʼlim, maxsus pedagog, inklyuziv guruhlar, inklyuziv taʼlim sinfi, boshlangʻich tayanch korreksion sinfi, yordamchi texnologiyalar, nogironligi boʻlgan shaxs, pandus, taktil belgilar, tayanch tutqichlar, sensor muhit, mobil koʻtargichlar, kontrastli belgilari, multimedia vositalari, ovoz kuchaytirgichlar, sinf doskasi, oʻquvchi ish joyi, oʻqituvchi ish joyi, moddiy-texnik jihozlar, sinf xonasi, oʻquv jihozlari, maxsus yordam koʻrsatish xonasi.
Abstract. By creating a comfortable environment for children with special educational needs in general education institutions, ensuring equal access to education for all children of the society, all children, including children with physical, mental, or psychological limitations, feel safe and supported in schools, students are fully involved in the educational process. How to create a comfortable, safe environment to ensure their participation and help them overcome barriers to learning.
Key words: Inclusive education, special pedagogue, inclusive groups, inclusive education classroom, elementary correctional classroom, assistive technologies, person with disabilities, ramp, tactile signs, handrails, sensory environment, mobile lifts, contrast signs, multimedia tools, loudspeakers, blackboard, studentʼs workplace, teacherʼs workplace, material and technical equipment, classroom, educational equipment, special assistance room.
Oʻzbekiston Respublikasi “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida” 2020-yil 15-oktabrdagi OʻRQ-641-sonli qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2019-yil
29-apreldagi PF-5712-sonli Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 9-avgustdagi PQ-5217-sonli qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4860-sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining “Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 12-oktabrdagi 638-sonli qarorlariga muvofiq, umumtaʼlim muassasalarida alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun qulay taʼlim muhitini yaratish va ularning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish vazifalari belgilab berilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun inklyuziv taʼlimning tarkibiy qismlarini takomillashtirish, taʼlim jarayonlarini moslashtirish va alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun individual yondashuvlar ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuni alohida taʼkidlab oʻtish joizki, yangi tahrirda qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunga ham inklyuziv taʼlim haqida modda kiritilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 50-moddasida “Taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi” jumlasining kiritilishi diqqatga sazovordir.
Shuningdek, umumtaʼlim muassasalarida alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga qulay muhit yaratish bilan jamiyatning barcha bolalari uchun teng taʼlim olish imkoniyatini taʼminlash borasidagi muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Barcha bolalar, jumladan jismoniy, aqliy, yoki psixologik cheklovlari boʻlgan bolalar ham, maktablarda oʻzlarini xavfsiz va qoʻllab-quvvatlangan his qilishlari zarur.
Mamlakatimizda inklyuziv taʼlimni taʼlim oluvchilarning ijtimoiy ehtiyojlari va shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda fan, taʼlim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini taʼminlash asosida tashkil etishning huquqiy — meʼyorlari ishlab chiqilgan. “Alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlimni tashkil etish maqsadida taʼlim muassasalari moddiy texnika bazasini mustahkamlash, oʻquv dasturlarini adaptivlashtirish, sogʻlomlashtiruvchi sifatli taʼlim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish hamda bu jarayonga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash” kabi muhim vazifalar belgilandi.
Shunday qilib, qulay muhit – bu nafaqat maktab infratuzilmasi va jihozlarini, balki taʼlim jarayonida har bir bolaning individual ehtiyojlariga moslashtirishni oʻz ichiga olgan tushunchadir. Bunday muhitni yaratishda taʼlim muassasasining barcha jihatlari – maktab binolari, sinf xonalari, sport zallari, shuningdek, atrof-muhiti toʻliq inobatga olinishi kerak. Qulay muhit nafaqat jismoniy qulayliklarni, balki psixologik xavfsizlikni ham taʼminlashi zarur. Bu esa oʻquvchilarning erkin harakatlanishi, oʻqishga boʻlgan qiziqishini oshirish va taʼlim jarayonida faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Maktab maʼmuriyati va pedagog kadrlarlar uchun oʻquv-uslubiy qoʻllanma tavsiya sifatida ishlab chiqilgan boʻlib, ularga taʼlim jarayonini inklyuziv taʼlim muhitiga moslashtirishda va bolalarning toʻliq ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishda yoʻl-yoʻriq koʻrsatilgan. Mazkur qoʻllanma maktab jamoasiga inklyuziv taʼlim muhitini yaratishda amaliy maslahatlar va samarali vositalar taqdim etib, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning taʼlim jarayonidagi faolligi va ularning rivojlanish imkoniyatlarini oshirishga koʻmaklashadi. Bundan tashqari yuqoridagi tavsiyalar bolalarning alohida ehtiyojlariga moslashtirish, jismoniy cheklovlari boʻlgan oʻquvchilarning harakatlanishini yengillashtiruvchi vositalarni joriy etish, psixologik xavfsiz muhit yaratishga yordam beradi.
Umumtaʼlim muassasalarining kirish hududidan tortib, sinfxona, oʻyin maydonchalari, maʼmuriy-metodik xonalar va sanitariya-gigiyena hududlarigacha boʻlgan infratuzilmani qayta koʻrib chiqilib, har bir bolaning jismoniy va psixologik qulayligini taʼminlash uchun zarur tavsiyalar ishlab chiqilishi zarur. Maktab hududida alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning barcha ehtiyojlarini toʻliq qondirish maqsadida yordamchi texnologiyalardan foydalanish, sensor muhitni yaxshilash, xavfsizlikni taʼminlash va favqulodda vaziyatlarda bolalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaliy tavsiyalar berib boriladi.
Umumtaʼlim muassasalarida alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun qulay muhit yaratishdan asosiy maqsadlari:
umumtaʼlim muassasalarda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun qulay, xavfsiz va samarali taʼlim muhitini yaratishda rahbar va pedagog kadrlarga amaliy yordam berish.
taʼlim jarayonida har bir bolaning individual ehtiyojlariga moslashtirish, jismoniy, psixologik va sensor muhitni yaxshilash boʻyicha tavsiyalar taqdim etish.
Asosiy vazifalar quyidagilaridan iborat:
umumtaʼlim muassasalarini moddiy-texnik jihozlash boʻyicha rahbar va pedagog kadrlarga uslubiy tavsiyalar berish, shuningdek, sinfxona, oʻyin maydonchalari, sanitariya-gigiyena hududlari va boshqa jamoat joylarida alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun qulayliklar yaratish;
sensor (toʻsiqsiz harakat) muhitni yaxshilash va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha tegishli choralarni joriy etish;
jismoniy va psixologik cheklovlari boʻlgan bolalarni taʼlim jarayoniga faol jalb qilish uchun oʻquv jarayonini moslashtirish va individual yondashuvlar tavsiya qilish;
favqulodda vaziyatlarda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaliy choralarni taqdim etishdan iboratdir.
Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar bilan ishlash uchun maxsus jihozlangan xonalar ularning taʼlim jarayonini yengillashtirish va individual ehtiyojlarini qondirishga yoʻnaltirilgan boʻlishi kerak. Bu xonalar maxsus pedagoglar tomonidan korreksion-pedagogik mashgʻulotlar oʻtkazilishi uchun qulay, yorugʻ va ijobiy kayfiyat beradigan tarzda bezatilishi zarur. Har xil tashxisga ega boʻlgan bolalar bilan ishlash uchun yordamchi texnologiyalar mavjud boʻlishi lozim. Bolalar mashgʻulot davomida oʻzlarini erkin his qilishlari uchun mos stol va stullar, shuningdek, divan va kreslo kabi qulay mebellar mavjud boʻlishi tavsiya etiladi. Agar bolada toliqish alomatlari kuzatilsa, dam olish uchun alohida burchak tayyorlangan boʻlishi lozim.
Raqamli texnologiyalarni taʼlim jarayoniga qoʻllash orqali bolalarning taʼlim dasturini yengil oʻzlashtirishlariga yordam beradi. Mashgʻulotlar, reabilitatsiya va davolash jarayonlarini samarali tashkil etish uchun turli xil trenajyorlar va mashq qurilmalari mavjud boʻlishi tavsiya qilinadi. Balans va motorika kabi koʻnikmalarni rivojlantirish uchun maxsus uskunalar, masalan, balans doskalar va turli maydonlar mavjud boʻlishi lozim. Shuningdek, xonalar qoʻl yuvish uchun maxsus burchak tashkil etilishi va gigiyenik vositalar bilan taʼminlangan boʻlishi hamda chiqindilarni tashlash uchun maxsus urnalar boʻlishi tavsiya etiladi.
Umumtaʼlim muassasalarining alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga moʻljallangan xonalarda oʻquv qurollari va koʻrgazmali vositalarni saqlash uchun javonlar va shkaflar boʻlishi hamda xonalar kompyuter texnikasi, chop etish qurilmalari, shuningdek, ritmika mashgʻulotlari uchun ovoz kuchaytirgich moslamalari bilan jihozlanishi kerak. Bunday xonalarni quyosh nuridan muhofaza qilish maqsadida pardalar oʻrnatilishi lozim. Havoni tozalash va moʻtadillash agregatlari (konditsioner yoki ventilyatsiya tizimi) boʻlishi tavsiya etiladi.
Shuningdek, taqdimotlar va namoyishlar uchun multimedia vositalari hamda sinf doskasi boʻlishi kerak. Oʻqituvchilar uchun qulay ish joyi (oʻqituvchi uchun stol, yumshoq stul va kompyuter texnikasi), oʻquvchilar uchun esa moslashtirilgan stol va stullar oʻrnatilishi zarur.
Ushbu shart-sharoitlar alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga qulay va samarali taʼlim muhitini yaratishda muhim ahamiyatga ega.
Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalar, shuningdek uzoq vaqt davolanishga muhtoj boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari - inklyuziv shaklda taʼlim berish maktab-internatlari SHNQ 2.08.07 va SHNQ 2.07.02 talablariga muvofiq loyihalanishi lozim. Bunda
kirish joylarida, xollarda, yoʻlaklarda, oʻquv sinflarida, dam olish xonalarida, oshxonalarda va oʻquvchilar tashrif buyuradigan joylarda videokuzatuv uskunalari;
koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun qoʻshimcha yoritkichlar (doska tepasida, stol ustida, zinalar va yoʻlaklarda) oʻrnatilishi, zinalarning perilasi va devorlarda yoʻnalishni koʻrsatuvchi, shuningdek sinf va xonalarga kirish joy (eshik)larida «Brayl» shriftli (boʻrtma harfli) yozuv va belgilar;
nutqida va eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalarga har bir oʻquvchi uchun alohida stol ustida joylashgan zamonaviy ovoz kuchaytiruvchi apparati mavjudligi, oʻquv fanlari boʻyicha audio-video materiallari mavjudligi, alohida korreksion xona;
tayanch-harakatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun:
binoga kirish qismida va ostonali eshiklarda panduslar;
oʻquvchilarning yuqori qavatlariga chiqib tushishlari uchun koʻtarish moslamalari (lift, eskalator, koʻtargich (podyomnik) va sh.k.);
sport zalda davolovchi jismoniy-sogʻlomlashtirish mashqlarini bajarish uchun jihozlangan burchak hamda davolovchi maxsus boʻrtma yoʻlakchalar;
inklyuziv shaklda taʼlim berish maktab-internatlarida taʼlim berish muhiti korreksion uskunalar, taʼlim berish texnik vositalari va maxsus mebellar bilan jihozlanishi nazarda tutilishi lozim.
Inklyuziv taʼlim berish shakllari boʻlgan boshqa taʼlim tashkilotlari va muassasalarida maxsus SHNQ (3.11.3-bandida) talablarida nazarda tutilgan chora-tadbirlar loyiha topshiriqlariga muvofiq koʻzda tutilishi lozim.
Oʻquv xonasining 10 - 15 nafar oʻquvchiga moʻljallangan maydoni 36 м2 dan, 15 - 30 nafar oʻquvchiga moʻljallangan maydoni 40 м2 dan kam boʻlmasligi lozim.
Oʻquv-toʻgarak mashgʻulotlari va uzaytirilgan kun uchun universal xonalar, maktab-internatlarda oʻyinlar uchun xonalar maydoni 30 м2 dan kam boʻlmasligi kerak. Xonalar soni umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari va maktab-internatlarning sigʻimidan kelib chiqib loyiha topshirigʻi asosida qabul qilinadi.
Koʻzi ojizlarni yoʻllardagi mavjud xavfli hududlarga (masalan, alohida turuvchi ustunlar, daraxtlar, zinalar, piyodalar oʻtish joylariga) yaqinlashganligi toʻgʻrisida ogohlantirish uchun yoʻl qoplamalari taktil va kontrast rangli belgilarga ega boʻlishi lozim. Shuningdek, koʻzi ojizlar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining ichki va tashqi harakatlanish yoʻlaklarida, shuningdek zinalar va panduslar oldida qulayliklar yaratish maqsadida ogohlantiruvchi va yoʻnaltiruvchi kontrast rangli maxsus taktil yoʻl qoplamalari yotqizilishi lozim .
Shuningdek quyidagilar bo‘lishi tavsiya etiladi:
eshitishda nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalar binolari yaqinidagi shovqin darajasi 60 dB dan oshmasligi;
qurilish obyektlari atrofidagi trotuarlar kengligi 1,5 m dan kam boʻlmasligi, bino va inshootlar ichki yoʻlaklari, qarama-qarshi yoʻnalishli yoʻllarda oʻrindiqli aravachadagi nogironligi boʻlgan shaxs harakatlanishi uchun yoʻlning kengligi kamida 1,5 m boʻlishi;
trotuarlarning boʻylama nishabligi 5 foizdan oshmasligi kerak. Bino va inshootlar oldidagi trotuardan tushish qismi, shuningdek trotuarlarning har 10 — 12 m oraligʻida joylashadigan (1,5 m dan kam boʻlmagan) gorizontal maydoni 10 foiz boʻylama nishablikda boʻlishi;
harakatlanish yoʻlining koʻndalang qiyaligini 1-2 foiz atrofida qabul qilish;
oʻrindiqli aravachadagi nogironligi boʻlgan shaxslar harakatlanishi uchun pandusning kengligi 1,0 m dan kam boʻlmasligi;
pandus har bir marshining koʻtarilish balandligi 0,8 m dan oshmasligi kerak. Bunda, pandusning boʻylama qiyaligi 1:12 nisbatda, koʻndalang qiyaligi esa 1:50 nisbatda boʻlishi;
panduslar cheti 0,15 - 0,20 m balandlikdagi bortlarga va 0,7 - 0,9 m balandlikda tutqichlar (maktabgacha yoshdagi bolalar uchun 0,5 m)ga ega boʻlishi, tutqichlarning uzunligi pandus uzunligiga nisbatan 0,03 m uzunroq boʻlishi kerak. Tutqichning aylana diametri 0,04-0,05 m ni tashkil etishi;
har bir pandusning boshi va oxirida aravachaning qiyinchiliksiz burilishiga imkon beradigan, pandus kengligidan kam boʻlmagan va uzunligi kamida 1,5 m boʻlgan gorizontal maydoncha loyihalanishi;
pandus yoʻnalishi oʻzgarsa, yoʻnalish oʻzgarishi boʻylab maydonchaning eni 1,5 m dan kam boʻlmasligi, umumiy gorizontal maydonchaning boʻyi esa ikkita marsh kengligiga teng boʻlishi lozim.
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni, 2020-yil 23-sentabrdagi OʻRQ-637-son https://lex.uz/docs/5013007 ;
2. Oʻzbekiston Respublikasi “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida” 2020-yil 15-oktabrdagi OʻRQ-641-sonli qonuni https://lex.uz/docs/5049511 ;
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 9-avgustdagi PQ-5217-sonli qarori https://lex.uz/ru/docs/5569803 ;
4. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidentining “Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4860-son Qarori. https://lex.uz/docs/5044711 ;
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 12-oktabrdagi 638-sonli qarori https://lex.uz/en/docs/5679836 ;
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻquv asbob-uskunalari va anjomlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi https://lex.uz/docs/3231533 ;
7. Amirsaidova Sh.M. “Maxsus pedagogika fani taraqqiyotida sharq mutafakkiri gʻoyalarining oʻrni va roli” . Ped. fan. nom dos – T., 2006;
8. D.S.Qaxarova “Inklyuziv taʼlim texnologiyasi” Toshkent. 2014;
9. “Umumtaʼlim muassasalarida alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun qulay muhit yaratish” nomli metodik qoʻllanma, Oʻ.Odiljonov, S.Moʻminov, O.Xudayberganov, Toshkent 2024-yil.