May 28

OILAVIY ZO‘RAVONLIK – INSON UCHUN SHARMANDALI HOLAT

Telegram | Facebook | Instagram| Sayt |Youtube | Bizning loyihalarimiz


Oilaviy zo‘ravonlik – zamonaviy jamiyatning eng og‘riqli va yechimi murakkab muammolaridan biri bo‘lib, u nafaqat jismoniy salomatlikka, balki inson ruhiyati va qadr-qimmatiga ham vayronkor ta’sir ko‘rsatadi. Oila an’anaviy ravishda mehr-muhabbat, g‘amxo‘rlik va o‘zaro tushunishning tayanchi sanalsa-da, aynan uy devorlari, ko‘pincha, jamiyat nazaridan chetda qoladigan zo‘ravonlik holatlari guvoh bo‘ladi. Bu mavzu, ayniqsa, O‘zbekiston kabi madaniy an’analar va patriarxal tuzum kuchli bo‘lgan mamlakatlarda alohida dolzarblik kasb etadi. Alohida ta’kidlash joizki, bunday statistik ma’lumotlar e’tiborni tortmay qolmaydi. BMTning “Ayollar bo‘limi” va “Narkotiklar hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish” boshqarmasi tomonidan 25-noyabr – Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan e’lon qilingan xalqaro hisobotda keltirilishicha, har kuni dunyo bo‘ylab o‘rtacha 140 nafar ayol yoki qiz o‘zining turmush o‘rtog‘i yoki yaqin qarindoshi tomonidan qasddan o‘ldirilmoqda. Bu esa o‘rtacha har 10 daqiqada bir nafar ayol zo‘ravonlik qurboniga aylanayotganini anglatadi.

2023-yilgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, global miqyosda 85 mingdan ortiq ayol va qiz qasddan odam o‘ldirish jinoyati qurboni bo‘lgan. Ushbu qurbonlarning 60 foizidan ziyodi bevosita ularning oilaviy yaqinlari yoki turmush o‘rtoqlari qurboni bo‘lgan.

Xo‘sh, qanday holatlarda biz oilaviy zo‘ravonlik holatlarini uchratishimiz mumkin:

Ø Jismoniy zo‘ravonlik – shaxsga nisbatan tan jarohati yetkazish, urish, turtish, yo‘q qilish yoki boshqa jismoniy shikast yetkazish harakatlari. Bu zo‘ravonlik shakli tashqi belgilar orqali aniqlanishi mumkin.

Ø Psixologik (ruhiy) zo‘ravonlik – haqoratlash, tahdid qilish, doimiy tanqidiy munosabat, qo‘rqitish, izolyatsiya qilish, e’tiborsizlik yoki manipulyatsiya orqali ruhiy bosim o‘tkazish holatlari.

Ø Jinsiy zo‘ravonlik – shaxsning irodasiga zid ravishda jinsiy harakatlarni amalga oshirish yoki bunga majburlash, jinsiy hayotga doir haqoratli harakatlar qilish, jinsiy ekspluatatsiya.

Ø Iqtisodiy zo‘ravonlik – moliyaviy vositalarni nazorat qilish, daromad yoki mulkni tortib olish, ishlashga yoki ta’lim olishga to‘sqinlik qilish, shaxsning iqtisodiy mustaqilligini cheklash.

Ø Ijtimoiy izolyatsiya (kommunikativ zo‘ravonlik) – yaqinlar, do‘stlar, jamiyat bilan aloqa qilish imkonini cheklash, shaxsni ijtimoiy aloqalardan mahrum qilish orqali nazoratni kuchaytirish.

Yuqoridagilardan tashqari, gender tengligining ortishi va ayollarning iqtisodiy hamda ijtimoiy mustaqilligi kuchaygan sari patriarxal madaniyatga ega oilalarda zo‘ravonlikning yangi shakllari kuzatilmoqda. Masalan:

1. Raqamli (digital) zo‘ravonlik. Zamonaviy axborot texnologiyalari hayotimizga kirib kelishi bilan birga, zo‘ravonlikning yangi shakli — raqamli zo‘ravonlik shakllandi. Bu turdagi zo‘ravonlik Internet, telefon va ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshiriladi. Jumladan, doimiy ravishda shaxsning telefonini tekshirish, parollarini talab qilish, onlayn tarzda haqorat qilish yoki tahdid ostiga olish, shuningdek, shaxsiy fotosurat va videolarni ruxsatsiz tarqatish (masalan, “intiqom pornografiyasi”) orqali bosim o‘tkaziladi.

2. Kiberstalking va texnologik nazorat. Ushbu zo‘ravonlik shakli raqamli texnologiyalar vositasida shaxsni yashirin yoki oshkora kuzatish va nazorat qilishni anglatadi. Bu turdagi zo‘ravonlik smartfon orqali GPS joylashuvni doimiy aniqlab turish, ijtimoiy tarmoqlardagi harakatlarini nazorat qilish yoki aqlli uy qurilmalari (kameralar, eshik qulflari, ovoz yozish moslamalari)dan noto‘g‘ri foydalanish bilan amalga oshiriladi.

3. Mikroagressiyalar. Mikroagressiya – kundalik turmushda begona bo‘lgan, ammo muntazam takrorlanuvchi kamsituvchi yoki mensimaydigan munosabatlar orqali amalga oshiriladigan psixologik zo‘ravonlik shaklidir. Bu holatlar, odatda, kichik, ahamiyatsizdek tuyulgan ibora yoki hazil ko‘rinishida bo‘lsa-da, muntazam takrorlanganda, kuchli psixologik zarar yetkazishi mumkin. Masalan, jins yoki millat asosidagi kinoyali so‘zlar, stereotiplarga asoslangan izohlar bunga misol bo‘ladi.

4. Ijtimoiy izolyatsiya va virtual befarqlik. Zamonaviy jamiyatda insonlar o‘zaro ko‘proq raqamli aloqa vositalari orqali muloqotda bo‘ladilar. Biroq bu jarayonda ayrim shaxslar ataylab yaqinlarini bloklash, tarmoqdagi do‘stlaridan ajratish yoki obro‘sini tushurish orqali ularni ijtimoiy izolyatsiyaga soladi. Bu esa psixologik zo‘ravonlikning yangi ko‘rinishiga aylangan.

5. Ekologik zo‘ravonlik. Bu zo‘ravonlik turi shaxsning atrof-muhit sharoitlaridan foydalanib unga zarar yetkazishni anglatadi. Masalan, uyda elektr yoki suvni o‘chirib qo‘yish, yashash joyini ataylab nomaqbul holatga keltirish, uni tark etishga majburlash orqali ijtimoiy beqarorlik yaratish mumkin. Bu usul orqali bosim o‘tkazuvchi shaxs kuch ishlatmasdan, lekin resurslarni nazorat qilish orqali zo‘ravonlikni amalga oshiradi.

Ushbu zo‘ravonlik turlarini aniqlash va oilaviy zo‘ravonlikka uchragan ayollarning huquqlarini himoya qilish uchun har taraflama kompleks yondashuv talab etiladi. Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi qonunlarning ijrosini qat’iy nazorat qilish. Yoshlar va ota-onalarga zo‘ravonlik turlari, huquqiy himoya va sog‘lom munosabatlar haqida tizimli tushuntirishlar berish. Internetda tahdid va nazoratga qarshi himoya mexanizmlarini joriy etish, texnologik vositalarni suiiste’mol qilishga chek qo‘yish.

Panjizoda Hurriyatxon Ziyod qizi Zoxiriy, Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti