October 8

Musulmonlar tanazzuli

Islomning buyuk olimi Abulxasan Nadaviy yozgan edi:
“Ikki narsa borki, ularning aniq vaqti yo’q – shaxsning hayotidagi uyqu va millatning hayotidagi tanazzul”.
Musulmonlar hayotida uyg’onishning tugashi va tanazzulning boshlanishi bir vaqtda yuz bergan edi. Hijriy yilning dastlabki ellik yili tom ma’noda musulmon jamiyatida uyg’onish bo’ldi. So’nggi va komil din Payg’ambaridan keyin Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali kabi xulofoi roshidinlar musulmonga boshchilik qilishdi. Yuqorida nomi zikr qilingan to’rt xalifa Muhammad madrasasining eng yaxshi talabalari edi. Ularni din, diyonat, Quron, amal, axloq, e’tiqod, tartib va mo’tadillik ta’limotlarini to’liq egallashgan sahobalar edi. Olimlar va tarixchilarning ta’kidlashicha, Imom Alining vafotidan so’ng hokimiyatga kelgan xalifalardan boshlab islomda tanazzul boshlandi. Boshqacha qilib aytganda, xijriy 40 sanada musulmonlarning tamadduni rivojlanishdan to’xtab, tanazzulga yuz tutdi.

Islomshunos olimlar musulmonlar tanazzulini uch turga yoki qismga bo’lishadi:

Ummaviylar va Abbosiylar davridagi Salib yurishlari va Mog’ullar davridagi Usmoniylar davridagi chekinish.

Birinchi bosqich: Ummaviylar va Abbosiylar davri

“Xulofoyi roshidlardan” keyin kelgan ummaviylar va abbosiylar sulolasi davrlarida musulmonlar tanazzulga uchradi. To’rt xalifa davrida bo’lmagan davlat boshqaruvdagi kamchiliklar, tushunmovchiliklar, inson huquqlarining kamsitilishi, hokimiyatda qarindoshchilik aloqalarining kuchayishi boshlandi. Ushbu holatlar ummaviylar sulolasi davrida boshlagan bo’lsa, Abbosiylar davrida yanada kuchaydi. To’g’ri, ummaviylar davrida juda katta hududlar fath qilingan bo’lsa, Abbosiylar davrida ilm-fan yuksaldi. Ammo, ushbu omillar ham tanazzulning boshlanishi va davom etishiga qarshilik ko’rsata olmadi.

Ushbu ikki davrda ro’y bergan pasayishga bir qancha omillar sabab bo’lgan edi:

1. Rahbarlik xalifalikdan podshohlik qo’liga o’tdi. Ummaviylar davrida ummatning eng loyiq kishisi xalifa sifatida tayinlangan bo’lsa, Abbosiylar davrida xalifalik ochiqdan ochiq meros sifatida o’tadigan bo’ldi.
2. Musulmonlar siyosatda o’z raqiblariga qarshi qo’pol munosabatda bo’ldilar. Ikkala davrda ham hukmdorlar o’zlarining siyosiy jihatdan ancha qoloq ekanliklarini va davlatni boshqara olmasliklarini namoyon etgan edilar.
3. Jamiyatda bir-birini nazorat qilish prinsipi yo’qoldi. Bilamizki, to’rt xalifa davrida oddiy aholi ham xalifalarning qilgan ishlari ustidan nazorat o’tkazganlar hamda xató va kamchiliklar bo’ladigan bo’lsa, to’g’ridan to’g’ri xalifaga yuzlanganlar. Ammo, Ummaviylar va Abbosiylar davrida esa butunlay boshqaruvning monarxiya tizimiga o’tib ketganligini guvohi bo’lishimiz mumkin.

Shuningdek, islomshunos olimlar va tarixchilar musulmon millati tanazzulining eng asosiy sabablaridan biri sifatida Abbosiylar hukmronligi davrida yuz bergan “buyuk tarjima davri”ni ayblashadi. Ya’nikim, yunon va rum falsafani tarjima qilish va sharhlashda keraksiz ilmlarga ko’proq e’tibor berilgan va Islom ta’limoti rivojlanishdan ortda qolgan. Ammo, men yuqoridagi fikrlarga qarshi ekanligimni bildirib o’tishim lozim. Birinchidan, VIII-IX asrlarda yuz bergan “Renessans”da ijod olib borgan olim va mutakkaffirlar o’z davrida diniy bilimlarni chuqur egallashgan edi. Ularning diniy bilimi yangi o’rgangan dunyoviy ilmlaridan kam emas edi. Ikkinchidan, o’sha davrda diniy va dunyoviy ilmni birdek o’rganish va bir xil darajada ushlab turish ancha mushkul vazifa edi. Diniy mutaassiblikning ilk ko’rinishi paydo bo’layotgan davrlar edi.

Ikkinchi bosqich: Salib yurishlari va mo'g'ullar bosqini

Salib yurishlarining islom madaniyati va ilm tamadduniga salbiy ta’sir qilgan juda ko’plab omillari haqida gapirishimiz mumkin. XI asr oxirlarida musulmon mamlakatlari har taraflama zaiflasha boshladi. “Muqaddas vatan”ni ozod qilish shiori ostida boshlangan hujumlar qariyb ikki yuz yil davom etdi. Albatta, ushbu zo’ravonliklar natijasida G’arbiy Yevropa bir muddat Sharqda o’z hukmronligini o’rnatdi, ammo Salib yurishlarining yakunida ularning qo’lida hech narsa qolmadi. Cherkovga tamoman bo’ysungan G’arb o’zidagi bor adovat va nafrat ila Sharqqa yurish qildi. Bu davrda musulmon olami mislsiz talafot ko’rdi. Insoniyat tarixida bo’lmagan xunrezliklar yuz berdi. Musulmon olamidan boshqa olam bunga o’xshash musibat tushsa yo’q bo’lib ketishi turgan gap edi. Salib yurishlari musulmon diyoriga qo’rquv solib qo’ydi. Taxtda shunchaki qo’g’irchoq vazifasini bajarayotgan Abbosiy xalifalar Salib yurishlariga qarshi deyarlik hech qanday choralar ko’rishmadi. Islom madaniyati, ilmi va aholisi juda katta talofatlar ko’rdi. Ammo, bu xunrezlik vaqt o’tib o’z yakuniga yetdi. Afrikaning shimoliy-sharqiy qismida hukmronlik qilayotgan Salohiddin ibn Ayyub yetakchilikni o’z qo’liga oldi va G’arbga qarshi urushga otlandi. Tez orada juda katta hududlarni yana musulmonlarga qaytardi va o’z hokimiyatini kengaytirdi. Quddusni fath etdi, uning davrida tinchlik, osoyishtalik, omonlik va rivojlanish ko’zga ko’rindi. Har sohada musulmon mamlakatlari oldinga siljidi. Ammo, bir yilda so’ng u vafot etdi. Vafotidan so’ng yangi salib yurishlari boshlandi, G’arb yana Sharqqa hujum qildi va vayronagarchilik siyosatini davom ettirdi. Salohiddin davrida tiklangan tinchlikka darz ketdi, ilm-fandagi rivojlanish to’xtab qoldi, Abbosiylar mamlakatni tanazzul botqog’iga botirishda davom etdi. Musulmonlar avvalgi yurish-turishlariga – tafriqaga, o’zaro kurash, o’zaro jangu-jadal va g’aflatlariga qaytdilar.

Mog’ul tatarlar bosqiniga qadar islom biroz bo’lsada rivojlandi. Yangi hududlar fath qilindi, podshohlar va fotihlar ichidan o’zing siyrati va axloqi bilan qolganlarga o’rnak bo’la oladigan hukmdorlar chiqishdi. Ammo, islomning haqiqiy kuch-qudrati zaiflashib boraverdi. Milodiy XIII asrda mo’g’ullar musulmonlarning meroslariga ega chiqib, hukumat ishlarini ulardan tortib oldi. Mo’g’ullar vashiy bosqinchilarning eng yomoni edilar, yo’lidan uchragan narsani yo’q qilar, hech kimni ayamasdan qirib tashlardi. Bag’dod, Samarqand, Buxoro va Xorazm shaharlari vayronaga aylantirildi, aholisi esa qirib tashlandi. San’at asarlari, ibodatxonalar, me’morchilik obidalari yo’q qilindi. Mo’g’ullar bosqinini ko’rgan ko’pchilik odamlar, ularni qiyomat yaqin qolganda chiqadigan “yajuj-majuj”lar deb atashdi. Islom tarixini o’rgangan arab tarixchilari mo’g’ullar bosqinini musulmon davlatini tanazzulga olib borgan eng katta ikki omildan biri deb hisoblashadi. Ammo, bu tanazzulni Sayfiddin Qutuz ismli musulmonlar sultoni mo’g’ullar ustidan 1259-yildagi jangdagi g’alabasi bilan birozgina to'xtatib qo'ya oldi.

Uchinchi bosqich: Usmoniylar davridagi tanazzul

1453-yil. Vizantiya. Konstantinopol. Yigirma to’rt yoshidayoq ulkan shaxs bo’lib yetishgan Mahmud Sulton Fotih shu kungacha sodir bo’lmagan ishni amalga oshirdi. Bir necha davrlardan beri ishg’ol qilinmayotgan Konstantinopol Mahmud Fotih davrida fath qilindi. Bu voqeadan keyin musulmon jamiyatining rivojlanishi va tanazzuldan qaytishi borasida bot-bot fikrlar yoyildi. Ammo, ushbu fathning o’zi har jabhada oldinga siljish uchun ancha kamlik qilar edi. Mahmud Sulton davrida musulmonlar har taraflama kuchaydi. Yangi-yangi hududlar fath qilindi, ilm-u ma’rifatga oshno bo’lgan hukmdor olimlarga juda ko’plab qulayliklar yaratdi. Ijtimoiy, madaniy va siyosiy hayotda musulmonlarning ahvoli bir muncha yaxshilandi. Lekin, bu oldinga siljish uzoqqa bormadi, sulton Mahmud Fotihning o’limidan so’ng musulmonlar tanazzuli davom etdi. Tarixshunos olimlar turkar vositasida musulmonlar tanazzulining bir qancha sabablarini keltirishadi:

1. Turklar axloqan tuban ketishdi;
2. Turklar harbiy sanoat borasida qotib qolishdi;
3. Turklar orasida ilmiy turg’unlik yuz berdi.

Afsuski, turklarning va musulmonlarning baxtiga qarshi turklar tanazzulga yuz tutib, ortga keta boshladilar. Ularga ham o’zlaridan oldingi ummatlarning illati tegdi: xasad, adovat, podshohlarning zulmu istebdodi, buzuq tarbiya, amirlarning xoinligi va rohat-farog’atga berilish kuchaydi. XV asrda so’ng turklar harbiy sanoatda hech qanday yangilik kiritishmadi, eski tizimda qotib qolishdi. Natijada, XIX asrdagi harbiy sanoat XV asr Sulton Mahmud Fotih davrida qanday bo’lsa shundayligicha qotib qoldi. Ushbu davr turklar va musulmonlar orasida ilmiy turg’unlik davri bo’ldi. Diniy mutaassiblik kuchayib, dunyoviy ilmlarni o’rganishga juda qattiq qarshilik qilindi. Natijada, yangi-yangi kashfiyotlar qilayotgan G’arbdan ilm va ma’rifat borasida ancha orqada qolindi.

Xulosa qiladigan bo’lsak, Nabiy S.A.V va uning to’rt xalifasidan keyin musulmon hukmdorlarining Quron va sunnatga amal qilmay qo’yishlari, e’tiborsizlik ko’rsatishlari natijasida musulmonlar tom ma’noda tanazzulga yuz tutdi. Har jabhada ustun bo’lgan, dunyo xalqlaridan oldinda bo’lgan musulmonlar rivojlanishda ortda qolishdi. Ma’lum bir davrda rivojlangan ilm-u ma’rifat qotib qoldi, xalifa va podshohlarning ko’pchiligi aysh-u ishratga berilib ketdi va xalqning, ummatning g’amini unutishdi. Ushbu uzoq yillik tanazzul davrida Umar Ibn Abdulaziz, Salohiddin ibn Ayyub, Sayfuddun Qutuz va Sulton Mahmud Fotihlarning say-harakatlari natijasida birozgina bo’lsada oldinga siljish bo’ldi. Ularning davrida adolat tiklandi, ilm va ma’rifatga e’tibor qaratildi va musulmonlar hayotning har bir jabhasida rivojlandi. Ammo, shundoq ham tanazzulga uchrab turgan, bir joyda qotib qolgan musulmonlar boshiga bir balo kirib keldi. Bu – mustamlakachilik balosi edi. Natijada, o’zligini unutgan, Quron va sunnatga amal qilmay qo’ygan, adolatsizlik va razillik botqog’iga botgan bir avlod shakllandi. Taassuflar bo'lsinkim, Qo’lida Quron va sunnat bo’lishiga qaramay, Muhammad ummati rivojlanishdan to’xtadi va G’arbdan ortda qolib ketdi.

P.s ushbu postni yozishda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Olam va odam, din va ilm” kitobidan foydalanildi.

Telegram kanal - https://t.me/omonoffozil