October 8

Men kim Sohibqiron - Jahongir Temur

Fransiyalik mashhur yozuvchi Marsel Brionning ushbu asarini o’qib tugatdim. 2024 – yil uchun yaxshigina start bo’ldi. Sohibqironning o’z tilidan yozilgan bu asar uning tug’ilishidan to Xitoy yurishigacha bo’lgan bosqichni qamrab oladi. Amir Temurni buyuk sarkarda bo’lganligi, juda ko’plab hududlarni mavh etganligi va davlatparvar inson bo’lganligi haqida siyqasi chiqib ketgan gaplarni aytmoqchimasman. Uning e’tiborga molik harakteri haqida gaplashamiz.

Amir Temur favqulodda g’oliblikka intiluvchi shaxs bo’lgan. Har qanday bahsda, urushga tayyorgarlikda, ilmiy bellashuvlarda doimo g’alaba qozonishni xohlagan.

G’alabaga o’ta xaris inson bo’lgan. Shuning uchun ham o’zi qatnashgan janglarning hech birida mag’lubiyatga uchramagan. O’zi hujum qilmoqchi bo’lgan va qilgan janglarning ikkisida harakatlari oxiriga yetmay qolgan. Birinchisi, Vizantiya imperiyasiga qilgan yurishi Fors hududlarida avj olgan qo’zg’olonni bartaraf etish shartligi sababidan to’xtatilgan. Ikkinchisi, Xitoyga qilgan safari uning vafot etishi bilan oxiriga yakunlanmay qolgan.

Amir Temur ilm va mashg’ulotlarga chanqoq shaxs bo’lgan. Yoshligidan otasi tomonidan turli xil bilimlarni o’rganishga rag’batlantirilgan Amir Temur, doim ilmiy davralarni qadrlaydigan, san’at ahillarini xurmat qiladigan, olim va fuzalolar bilan din va tarix ilmida bahlashib turadigan insonga aylangan. Uning yoshlik chog’laridanoq xofizi Quron bo’lganligi, egallab olgan hududlarida yashayotgan usta va hunarmand hamda ilm ahillariga omonlik berishini ko’rishimiz mumkin.

Amir Temur har qanday holatda tez va to’g’ri qaror qabul qilishga harakat qilgan. Uning Dehlida bo’lgan janglarida, Zobuliston hududlarida bo’lgan janglardagi zudlik bilan to’g’ri qaror qabul qilish mahorati jang taqdirini hal qilgan. Shuningdek, u punktuallikka intilgan. Biron bir hududda yurish boshlashdan oldin o’sha davlat yoki shahar haqida yaxshilab o’rgangan. Yurish davomida har bir vaziyatga e’tibor qaratgan.

Amir Temur adolatli shaxs bo’lgan. Qo’shindagi barchaga birdek muomala qilgan, o’z vaqtida qattiqqo’l sardor, o’z vaqtida mehribon hukmdor bo’lgan. Bundan tashqari har doim qo’shinni harbiy holatda saqlash uchun harbiy mashqlarni bajarishni majburiy qilib qo’ygan. O’zi ham bu kabi mashg’ulotlarda munzatam qatnashgan. Faqat juma kunlari qo’shinga dam olish bergan.

Amir Temur qo’rquv nimaligini bilmagan. Juda kuchli ekanligi bot-bot takrorlanayotgan hukmdorlar bilan jang qilishdan qo’rqmagan. Yildirim Boyazid va Dehli sultoni bunga yaqqol misol. Qo’rquv hissi bo’lmaganligidan har doim qo’shinni jangga o’zi boshlab kirgan. Oila a’zolarini yo’qotishdan qo’rqmagan. Ikki o’g’li jang istisnosida vafot topganda ham kuyinmagan, oddiy askarning vafot topishiday qabul qilgan.

Amir Temur mayshatparastlikdan uzoqda yurgan. O’zi ta’kidlashicha qirq yoshdan o’tganidan so’ng kayf -u safoni to’xtatgan, sharob va may ichishdan o’zini tiygan. O’zi esa doimo cho’lda qad ko’tarajak harbiy qarorgohlardan yashagan va saroy hayotidan butunlay voz kechgan.

Ushbu jumla ila postni davom ettiramiz:
Besh yuz nafar ko’ngillilar jangjomalarda, ruhan o’limga tayyor holatda qarshimda saf tortdilar. Ularga boqib dedim: “Fursatdan foydalanib, biz shaharga yorib kiramiz. Bardam bo’ling, men Amir Temur Ko’ragon sizni boshlab boraman. Siz bilan yelkama yelka jang qilaman. Maqsad shaharning janubiy darvozasini qo’lga kiritib, asosiy qo’shin shaharga yo’l ochishdan iborat. Uddalasak yaxshi, aks holda hammamiz o’lib ketamiz”.

Ammo, biz tomonimizdan aniqlangan bir qancha mavhum jihatlar borki shular haqida gapirib o’tganimiz maqsadga muvofiq bo’lar edi.

Meni o’ylantirgan savollarning eng birinchisi bu – Amir Temur yurishlaridan maqsad nima bo’lgan. Hududlarga islom dinini yoyishmi yoki faqat o’zining nomini butun dunyoga ovoza qilishmi ? Savol bir qarashda oson tuyilishi mumkin, ammo uning ostida yotgan ma’no bir dunyodir. Savol ichidan yana bir qancha savollar paydo bo’laveradi. Agarda uning maqsadi islom dinini yoyish bo’lsa, nega VII-VIII asr arablari kabi fath etilgan hududlarda dinni yoyishga qattiq e’tibor qaratmadi ?

Ikkinchidan, asarning o’zi meni shubha ostiga solib qo’ydi. Voqealarning aniq detallari bilan berilganligi va har bir narsada mukammallikka intilishni ko’rishimiz mumkin. Aynan Amir Temur obrazining o’zi o’quvchini ikkilantirishi mumkin. Ba’zi sahnalarda juda ham mehribon bo’lib ketgan Jahongir ba’zi sahnalarda juda qattiqqo’l shaxs sifatida gavdalantirilgan.

Uchinchidan, asar muqaddimasida asarning ilmiy adabiyotlar emas, balki badiiy adabiyotlar ro’yhatiga kiritishimiz lozim ekanligi ta’kidlangan va bu ham savollarimiz javobidek taassurot uyg’otadi. Shubhasiz, asarda badiiy uydirmalar, mubolag’ali tasvirlar juda ham ko’p. Shuning uchun ham asar o’zida badiiylik qiymatini oshirgan.

To’rtinchidan, Amir Temurni diniy va shariy ilmlarning bilimdoni sifatida tasvirlashgan. Fikrimcha ushbu qarash biroz noto’g’ri(Vallohu alam). Uning ilmiy bahslarga o’ch ekanligi va diniy bilimlarga ega ekanligi bo’rttirib ko’rsatilgan. Misol uchun, Amir Temur Quronning tuzilish tartibini ham o’zgartirishga harakat qilganligi uning chuqur bilim egasi ekanligi natijasida yuzaga kelgani asarda ta’kidlab o’tilgan.

Shaxsan Amir Temurni tarixda burilish qila olgan va xalqlar o’rtasida aloqalarni yaxshilashga hamda o’z nomini butun jahonga tanitishga uringan bir shaxs sifatida baholayman va hurmat qilaman. U shu vaqtgacha mohir sarkarda, yengilmas jangchi, adolatli hukmdor va oqil inson sifatida gavdalangan. U o’z o’rnida obodonchilik ishlari bilan shug’ullanganligi hech kimga sir emas.

Xulosa qilib aytganda, ushbu asarni Amir Temur hayotiga qiziqqan, tarix haqida (haqiqatga biroz to’g’ri kelmasada) ma’lumotlar olishni istagan va o’zida qat’iyatlilik, jasurlik va adllik hislatlarini rivojlantirishga harakat qilayotgan har bir insonga tavsiya qilaman.

P.s Inna fataxna lak fatxan mubinan -> Darhaqiqat biz senga ochiq-ravshan fath- g’alaba ato etdik (48:1).

Telegram kanal - https://t.me/omonoffozil