Karantin vaqtida biznesni inqirozdan qanday saqlash mumkin?
Butun dunyoda hukm surayotgan pandemiya tadbirkorlarni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Bu ayniqsa, asosiy mijozlari karantinda o‘tirgan mahalliy kichik biznesmenlarga katta zarar yetkazmoqda. Ammo shunda ham pessimizmga berilmang: quyidagi tavsiyalar bu to‘fonni yengishga yordam beradi...
1. Vaziyatni to‘g‘ri qabul qiling
Shaxsan bir insonning o‘zi dunyoda hukm surayotgan pandemiyaga nisbatan hech narsa qila olmaydi. Shuningdek, kasallik tarqalishining oldini olishga doir qonunchilik va jamoat tartiblarini ham inkor qila olmaydi. Biznesingiz kasod bo‘layotganini o‘ylab, xavotir va tashvish domiga tushishga sarflanuvchi kuchingizni asrang. Hissiyotlarga berilish har qanday kuchli biznesmenning eng yomon dushmanidir.
Mavjud vaziyat siz uchun stressga qarshi testi bo‘lib xizmat qiladi, biznes tizimingizning barcha tarmoqlarini qayta ko‘rib chiqish uchun qulay imkoniyatdir. To‘fon tingach, mukammal reja bilan yana ishingizni davom ettirishingiz mumkin.
2. Qanday xarajatlarni tejash mumkinligi haqida bosh qotiring
Katta masshtabli inqiroz sabab odamlar imkon qadar tejamkor bo‘lishga intilishadi. Qarabsizki, shunga yarasha daromad ham kamayadi.
Daromad biznesmenning sarf-xarajat va foyda o‘rtasida katta farqi hisoblanadi. Xarajat qancha kam bo‘lsa, kapitalingiz shuncha ko‘payadi. Xo‘sh, qanday ortiqcha xarajatlarni kamaytirish mumkin:
• Qimmat reklama agentliklari bilan hamkorlikni to‘xtatish kerakdir...
• Autsorsingga berilayotgan topshiriqlarni kamatirishning ham foydasi bordir?
• Yetkazib beruvchilar bilan emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri distribyuterlar bilan shartnoma qilish kerak.
• Xodimlarni qo‘llab-quvvatlovchi turli gonorar pullarini tejash mumkin.
• Guruh a’zolarini o‘qitish uchun ham pul sarflashning keragi yo‘q (umuman, bilim olishni to‘xtatish kerak, demoqchi emasmiz. Bor-yo‘g‘i bepul bilim beruvchi dasturlardan foydalanib ko‘ring).
3. Kimlar bilan ishlayotgan bo‘lsangiz, ularning xavfsizligini ta’minlang
Koronavirusdan butun dunyo qo‘rqadi. Agar siz mijozlaringiz yoki hamkorlaringiz bilan onlayn tarzda ishlamayotgan bo‘lsangiz, ularning xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qarating. Ishxonani dezinfeksiyalash, unga begona odamlarning kirib-chiqishini chetlash, xodimlarni zaruriy gigiyenik vositalar bilan ta’minlash shart.
4. Yangicha rejimda ishlab ko‘ring
Aksariyat kompaniyalar masofaviy ishlash rejimiga o‘tishgan. Masofaviy ishlash imkoni yo‘q supermarket, savdo rastalarida esa mijozlar bilan imkon qadar muloqot cheklanmoqda. Siz ham o‘z biznesingizda ma’lum o‘zgartirishlar kiritishingiz mumkin.
Masalan, mahsulotlarni uyga yetkazib berish xizmatini joriy qilishingiz mumkin. Ko‘pchilik kompaniyalar kontaktsiz rejimga o‘tib bo‘lishdi.
Mijoz xizmat haqini oldindan onlayn shaklda to‘laydi, kuryer esa mahsulotni uy eshigining oldida qoldiradi.
Pandemiya vaqtida ishxonada barcha xodimlarga ish topilmasligi mumkin. Bu holatda 2-3 nafar ishchini olib qolib, qolganlarni bo‘shatib yuborish noto‘g‘ri. Ularni vaqtincha mehnat ta’tiliga chiqarish mumkin.
5. Maxsus dasturlar tuzing
Inqiroz tavakkal qilish imkoniyatidir. Shuningdek, marketingda ham bunga yo‘l qo‘yish mumkin. Sotuvni ko‘paytirish uchun nimalar qilish mumkinligi haqida o‘ylang. Shaxsiy biznes sahifangizga a’zo bo‘lgan mijozlar orqali o‘z auditoriyangizni kengaytirishingiz mumkin. Bu borada turli chegirmalar o‘ylab topish ham ayni muddao bo‘ladi.