December 14, 2024

KOGON TUMANIDA QISHLOQ XO'JALIGI XODIMLARI KUNI KENG NISHONLANDI

Ma'lumki, mamlakatimizda har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu kun  rizq-ro‘zimiz bunyodkorlari – mirishkor dehqon va fermerlar, zahmatkash chorvador hamda pillakorlar, mohir suvchilar, mexanizator va agronomlar, sohaning jonkuyar hodimlariga chuqur hurmat va minnatdorchilik bildirish kunidir. Ushbu sana munosabati bilan bugun, Kogon tumanidagi “Yangi saroy” bazmgohida bayram tadbiri bo’lib o’tdi.

Bayram tantanalarida so‘zga chiqqanlar, joriy yilda tumanda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish ko‘rsatkichlari, sohani innovatsion rivojlantirish, klaster usulini amaliyotga  keng tadbiq etish,  hududlarning eksport imkoniyatlarini oshirish borasida qo‘lga kiritilgan yutuqlarga to‘xtalib, barchani bayram bilan muborakbod etdilar.

Bayram tantanalarida qishloq xo‘jaligi xodimlarining mehnati yana bir bor e’tirof etildi. Bir guruh tumandoshlarimizga “Mehnatkash dehqon”, ko‘krak nishonlari va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek elimiz ardog'idagi san'atkor, O'zbekiston Xalq hofizi Soyibjon Niyozov hamda tumanimiz san’at ustalari ijrosidagi diltorlar navolar bayram dasturiga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.