November 17, 2022

Kazus

3-KAZUS

Internetda mashhur bloger A.Azizov uzoq yillardan beri fuqaroligi yo‘q shaxslar qatorida ekanligi haqida ma’lum qildi.

U 1975-yil Toshkentda tug‘ilgan. Otasi tatar, onasi koreys bo‘lgan. Moliyaviy qiyinchiliklar va oilaviy sabablarga ko‘ra uni Mehribonlik uyiga topshirishgan. U yerda uch yoshgacha bo‘lgan. Keyin Qozog‘istonning Turkiston viloyatidan bo‘lgan o‘zbek oilasi uni asrab olgan. 1994-yil Toshkentga ko‘chib kelgan. Propiskaga qo‘yilgan, lekin pasport berishmagan. Shuncha vaqtdan beri fuqaroligi yo‘q shaxs bo‘lib yashab kelmoqda.

Blogerning O‘zbekistonda tug‘ilgan farzandiga fuqarolik pasporti beriladi, u hatto armiya safida xizmat qiladi. Biroq vaqt o‘tib uning ham fuqaroligi bekor qilinadi.

A.Azizov ijtimoiy tarmoqlardagi do ‘stlaridan hozirgi kunda fuqarolik borasida siyosat tubdan o‘zgarganligi sababli O ‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini ayni vaqtda olishi mumkin yoki mumkin emasligini so‘ragan.

Vaziyatga huquqiy baho bering.

Vaziyatni tahlil qilishda Konstitutsiya va boshqa NHHlarni tahlil qiling.

Berilgan kazusga yechim berishdan avval, undagi muammoli jihatlarni aniqlab olamiz:

1.     A. Azizov tug`ilgan paytda fuqarolik olishi qonuniy asosga egamidi?

2.     Azizovning farzandining fuqaroligi bekor qilinishi qonuniymi?

3.     Azizov fuqarolikni qay tartibda olishi kerak?

Javoblar

A. Azizov tug`ilgan paytda fuqarolik olishi qonuniy asosga egamidi?

    Kazusning savollarini tahlil qilar ekanmiz, avvalambor fuqarolik tushunchasi haqida so`z yuritamiz. Fuqarolik – shaxsning davlat bilan doimiy ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy aloqada bo`lishidir. O`z navbatida mamlakatizmizda fuqarolik bir necha qonun va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O`zbekiston Respublikasi Fuqaroligi to`g`risida” gi qonuni shular jumlasidandir. O`zbekiston Respublikasi insonlar shartli ravishda uchga bo`linadi:

-         Fuqarolar

-         Chet el fuqarolari

-         Fuqaroligi bo`lmagan shaxslar.

Kazusda berilgan Azizov yuqoridagilardan fuqaroligi bo`lmagan shaxs toifasiga kiradi. “O`zbekiston Respublikasi Fuqaroligi to`g`risida” qonunning 3-moddasida fuqaroligi bo`lmagan shaxs tushunchasiga shunday ta`rif beradi: fuqaroligi bo‘lmagan shaxs - O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmagan va o‘zining chet davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega bo‘lmagan shaxs.

Azizov tug`ilganidan beri deyarli O`zbekiston hududida yashab kelganligiga qaramay, O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini olmagan. Uning ota-onasi o`zga millat vakillari bo`lishiga qaramay, yer huquqi asosida fuqarolikni olishi kerak edi. Ammo 1975-yil O`zbekiston SSSR davlati tarkibida bo`lgani va fuqarolik olish tartibi umumittifoq qoidalari asosida amalga oshirilgani hisobga olsak bu tabiiy hol. O`zbekiston mustaqil davlatga aylanganidan so`ng Konstitutsiya va boshqa NHH lar qabul qilindi. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 18-moddasida O`zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo`lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat`iy nazar qonun oldida tengdirlar deya qayd etilgani va 21-modda bo`yicha Respublika hududida yagona fuqarolik o`rnatilishi hamda fuqarolikka qanday asoslarga ko`ra ega bo`lganligidan qat`iy nazar barcha uchun teng ekanligi O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish asoslarini yaratadi.

Azizovning farzandining fuqaroligi bekor qilinishi qonuniymi?

Ikkinchi muammoga yechim berar ekanmiz, Azizovning farzandiga dastlab fuqarolik qay asosda berilganligiga e`tibor qaratamiz. “O`zbekiston Respublikasi Fuqaroligi to`g`risida” gi qonunning 14-moddasiga ko`ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida tug‘ilgan, ota-onasi (yolg‘iz otasi yoki onasi) fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bo‘lgan bola tug‘ilganlik bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini oladi. Ushbu keltirilgan asosga ko`ra tegishli davlat organlari tomonidan Azizovning farzandiga fuqarolik berilgan. Mazkur qonunning 25-moddasida fuqarolikni berish bilan qatorda uni mahrum qilish tartibi ham yoritib o`tilgan. Unga binoan:

- shaxs chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganligi oqibatida;

- agar xorijda doimiy yashovchi shaxs yetti yil mobaynida uzrli sabablarsiz doimiy konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa;

- agar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish bila turib yolg‘on ma’lumotlar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida amalga oshirilgan bo‘lsa;

- agar shaxs chet davlatning foydasini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatgan holda yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish yo‘li bilan jamiyat hamda davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa;

- agar shaxs ixtiyoriy ravishda chet davlatning fuqaroligini olgan bo‘lsa;

Ko`rinib turibdiki, Azizovning farzandi keltirilgan harakatlarning birortasini ham amalga oshirmagan va hech bir asosga ega bo`lmagan holda fuqarolikdan mahrum etilgan.

  Azizov fuqarolikni qay tartibda olishi kerak?

Hozirgi holatda A. Azizovning fuqarolikni qabul qilish huquqiga qonuniy yechim beradigan bo`lsak, yurtimizda fuqarolikka qabul qilishning uch asosiy turi mavjud bo`lib ular:

-         Umumiy tartibda

-         Soddalashtirilgan tartibda

-         Alohida tartibda .

Azizov “O`zbekiston Respublikasi Fuqaroligi” to`g`risdagi qonunning 6-moddasiga binoan – fuqaroligi bo`lmagan shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish, ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Ushbu moddaning asosiy sharti fuqaroligi bo`lmagan shaxs ariza topshirgan kunga qadar kamida 15 yil O`zbekiston Respublikasi hududida yashab kelayotgan bo`lishi va chet el fuqaroligini qabul qilmagan bo`lishi kerakligi qayd etilgan. Kazusdagi ma`lumotlar Azizov 1994-yildan beri O`zbekiston Respublikasi hudida yashab kelayotganligi, hech qanday chet el fuqaroligi olmaganligi qo`yilgan talablarga mos keladi .

Xulosa qilib aytganda, Azizovning farzandining fuqaroligi bekor qilinganligi hech bir qonuniy asosga ega emas. Azizov esa fuqarolik olish bo`yicha Toshkent viloyati Ichki ishlar bo`limiga “O`zbekiston Respublikasi Fuqaroligi to`g`risida” gi qonuning 6-moddasi bo`yicha ariza bilan murojaat qilib fuqarolik olishi mumkin.

Foydalanilgan normativ huquqiy hujjatlar:

1.     O`zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi.

2.     “O`zbekiston Respublikasi Fuqaroligi to`g`risida” gi qonun.

https://lex.uz/docs/-4761984#-4762656/

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.     “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”.

2.     Mualliflar jamoasi. “O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga sharh”. -T : O`zbekiston. 2013.

Foydalanilgan internet manbalari:

1.     www.lex.uz

2. www.norma.uz