March 14

... MAFIA FAMILY...

By Bo'ra

​2-qism: Muz va Olov to‘qnashuvi.
​Bazm zalidagi shovqin Bo‘ra va Jiminning nigohlari to‘qnashgan onda go‘yo butunlay o‘chib qolgandek edi. Atrofdagi odamlar, qimmatbaho ichimliklar va klassik musiqa — bularning barchasi shunchaki fonga, rangsiz kadrga aylandi. Bo‘ra qarshisidagi yigitning ko‘zlarida kutilmagan bir narsani ko‘rdi: u yerdagi uchqun qo‘rquv emas, balki qandaydir sovuq va hisobsiz qat’iyat edi.
​Jimin sekin qadamlar bilan Bo‘ra tomonga yura boshladi. Uning har bir qadami vazmin, lekin yerga shunday mustahkam bosilardiki, go‘yo u har qanday bo‘ronga tayyordek. Jungkook do‘stining ortidan borishga chog‘landi-yu, lekin havoda oqayotgan elektr kuchlanishini his qilib, bir chetda kuzatishni afzal ko‘rdi. U Jiminning bu nigohini yaxshi tanirdi — bu "ov boshlanishidan oldingi sukunat" edi.
​Jimin Bo‘raning ro‘parasida to‘xtadi. Uning bo‘yi Bo‘radan ancha baland bo‘lgani uchun, qiz unga biroz pastdan yuqoriga qarashga majbur bo‘ldi, lekin bu uning salobatini zarracha kamaytirmadi.
​— Janob Kimning qizi… Bo‘ra, shundaymi? — Jiminning ovozi past, lekin zalvorli edi, xuddi chuqur daryoning tubidagi toshlar g‘ijirlagandek.

Oqshom....
Oqshom...

Bo‘ra qo‘lidagi kofal rangli ichimlikni sekin xo‘plab, nigohini Jiminning ko‘zlaridan uzmadi. Uning yuzida na tahlika, na qiziqish bor edi. Faqat sovuq befarqlik. Uning lablarida paydo bo‘lgan nimtabassum ko‘proq pichoqning tig‘ini eslatardi.
​— Ismimni bilarkansan, demak, tanishishga hojat yo‘q, — dedi Bo‘ra qisqa qilib. Uning ovozi xuddi qishki shamoldek keskin va shafqatsiz edi. — Vaqtni tejaylik, Janob Park. Sizga mendan nima kerak?
​Jimin biroz iljaydi, ammo bu tabassumda samimiylikning zarrasi ham yo‘q edi:
— Dadam seni juda maqtagandi. Kuchli, aqlli va murosasiz... Lekin u sening… bunchalik "tikanli" ekanligingni aytmagan ekan.
​— Tikanlarim faqat qo‘l cho‘zganlarni jarohatlaydi, Janob Park. Agar masofani saqlasangiz, omon qolasiz, — Bo‘ra shunday deb, yonidagi Seraga ishora qildi va nari ketmoqchi bo‘ldi. U bu bazmdan, bu soxta yuzlardan to‘ygan edi.
​Lekin Jimin uning yo‘lini kutilmaganda to‘sdi. Uning qo‘li Bo‘raning bilagiga tegishiga bir necha millimetr qoldi.

Shu payt...
Shu payt...

— To‘xta. Biz baribir gaplashishimiz kerak. Dadamning vasiyati… yoki iltimosi, nima deb atasang ham, bu nikoh ikkalamiz uchun ham majburiyat. Men sening kimligingni bilaman, Bo‘ra. Sening "ishlaring", otangning soyasidagi o‘sha xavfli dunyo haqida eshitganman. Sen oddiy merosxo‘r emassan.
​Bo‘ra Jiminning ko‘kragiga bir qadam yaqinlashdi. Endi ular orasida atigi bir necha santimetr qolgandi. Zaldagilar go‘yo nafasini yutib kuzatishardi, havo shunchalik og‘irlashdiki, pichoq bilan kessa bo‘lardi.
​— Sen hech narsani bilmaysan, — pichirladi Bo‘ra, uning ovozi endi pastroq va xavfliroq chiqdi. — Sen shunchaki oyna ortidagi boyvachcha merosxo‘rsan. Sening dunyong shirin hayot, qimmatbaho mashinalar va qog‘ozlardagi raqamlardan iborat. Mening dunyomda esa xatolarning bahosi — qon bilan to‘lanadi. Shunday ekan, menga "majburiyat" haqida ma’ruza o‘qima. Sen bu yukni ko‘tara olmaysan.
​Shu payt Janob Park va Janob Kim ularning yoniga yetib kelishdi. Janob Parkning rangi biroz oqargan, qo‘llari biroz titrar, ammo u jilmayishga harakat qilardi.
​— Ko‘rib turibmanki, yoshlar allaqachon til topishishni boshlabdi, — dedi Janob Park yo‘talib, vaziyatni yumshatmoqchi bo‘lib.
​Janob Kim Bo‘raning yelkasidan quchdi. Bo‘ra dadasining barmoqlari biroz qattiqroq qisilganini sezdi. Bu — ogohlantirish edi.
— Bo‘ra, qizim, Jimin bilan biroz xoli gaplashib olsangiz nima deysan? Biz esa Jaehyun bilan kelajakdagi rejalarimizni muhokama qilamiz.
​Bo‘ra dadasining ko‘zlaridagi iltijoni va charchoqni ko‘rdi. U hayotida hech qachon dadasiga "yo‘q" demagan edi, chunki bu odam u uchun yagona suyanch edi. Bu safar ham ichidagi g‘alayonni yutib, sekin bosh irg‘adi.

Ko'zlar to'qnashuvi...

Tungi terassa
​Ular mehmonxonaning ochiq terassasiga chiqishdi. Pastda Seul chiroqlari cheksiz dengizdek miltillaydi, sovuq tun havosi bazmning dim havosidan keyin yuzga yoqimli uriladi.

​— Dadam o‘layapti, — Jimin kutilmaganda gap boshladi. Uning boyagi qat’iy ohangi yo‘qolgan, ovozi bu safar haqiqiy og‘riqdan titrab ketdi. — Saraton. Shifokorlar sanoqli oylari qolganini aytishgan. Uning oxirgi xohishi — mening xavfsiz va baxtli ekanimni, yonimda uni o‘rnini bosadigan, aqlli bir suyanchiq borligini ko‘rib ketish.
​Bo‘ra panjaraga suyanganicha uzoqdagi qorong‘ulikka qaradi. Uning sovuq nigohida bir lahzaga hamdardlik uchquni chaqnadi, lekin u buni darrov yashirdi.
— Mening dadam esa… senikidan hech narsa so‘ramagan. U shunchaki sening dadangni, o‘zining eski do‘stini saqlab qolmoqchi. Lekin nikoh — bu qutqaruv halqasi emas, Jimin. Bu zanjir. Sen bunga tayyormisan? Har kuni ertalab uyg‘onganda yonishga tayyor bo‘lgan ayol bilan yashashga? Mening hayotimda tinch choy ichiladigan tonglar yo‘q.
​Jimin uning yoniga keldi, ularning yelkalari bir-biriga tegib turardi.
— Men seni o‘zgartirmoqchi emasman, Bo‘ra. Men sening dunyongni ham, qoidalaringni ham bilaman. Men shunchaki dadamning tinch ketishini xohlayman. Kelishuv tuzamiz: dunyo ko‘ziga biz mukammal, sevishgan juftlik bo‘lamiz. Lekin shaxsiy hayotimizda har kim o‘z yo‘lida davom etadi. Men sening qorong‘u ishlaringga aralashmayman, sen esa menikiniga.
​Bo‘ra achchiq va kinoyali kuldi.
— Mafiya dunyosida "aralashmaslik" degan narsa yo‘q, sodda yigit. Agar men sening xotining bo‘lsam, mening dushmanlarim — sening ham dushmaningga aylanadi. Sening uying endi qimmatbaho qasr emas, nishon bo‘ladi. Har bir qadaming snayper ostida bo‘lishi mumkin. Shunga ham tayyormisan?
​Jimin kutilmaganda Bo‘raning qo‘lidan ushladi. Bu kutilmagan, issiq va qattiq harakat edi. Bo‘ra instinktiv ravishda qo‘lini tortib olmoqchi bo‘ldi, lekin Jimin uni mahkamroq ushlab, qizning ko‘zlariga tik qaradi.
​— Men qo‘rqmayman, — dedi Jimin qat’iy. — Agar bu olov bo‘lsa, men yonishga tayyorman. Faqat dadam uchun. Va balki... o‘zim uchun ham.
​Bo‘ra uning ko‘zlarida kutilmagan bir sirni va haqiqiy jasoratni ko‘rdi. Bu yigit u o‘ylagandek "erkacha" yoki shunchaki "shirin hayot bolasi" emasligini ilk bor his qildi. Unda qandaydir yashirin bir kuch bor edi.
​— Yaxshi, — dedi Bo‘ra nihoyat qo‘lini bo‘shatib. — Lekin bir narsani bilib qo‘y: men hech qachon oddiy, uyda o‘tiradigan xotin bo‘lmayman. Va agar sening odamlaring yoki ishlaring mening rejamga xalaqit bersa… oqibatini o‘zingdan ko‘r. O‘yin qoidalari mening qo‘limda.

Osha lag'zalar...
Osha lag'zalar...

Ertasi kuni tong
​Bo‘ra o‘zining baland qavatli binodagi ofisida o‘tirar, stol ustida esa Jimin va Janob Park haqidagi barcha maxfiy ma’lumotlar, moliyaviy hisobotlar va arxiv hujjatlari yotardi. U har doim dushmanni ham, sherikni ham ich-ichidan o‘rganishni yoqtirardi.
​Birdan telefoniga xabar keldi. Bu Jimin edi:
"Bugun soat 19:00 da 'L’Amour' to‘y liboslari do‘konida kutaman. Dadamlar u yerda bo‘lishadi. Kechikma, Bo‘ra."
​Bo‘ra xabarni o‘chirib, derazadan pastga — odamlar qumursqalardek yugurib yurgan shaharga qaradi. Uning ko‘z oldida Jiminning o‘sha qat’iy, qo‘rqmas nigohi gavdalandi.
​— O‘yinga xush kelibsan, Jimin Park, — pichirladi u o‘ziga-o‘zi.

Osha ondagi surat

Lekin u hali bilmasdi: Jiminning hayoti ham u o‘ylaganchalik oppoq va shaffof emas edi.....