...MAFIA FAMILY...
5-qism: Qonli Nikoh Marosimi
Ertasi kuni kechqurun. Seulning eng baland tog‘i cho‘qqisida joylashgan, xususiy va qat’iy qo‘riqlanadigan "Sky Pavilion" saroyi chiroqlar ichida qolgan edi. Bu shunchaki to‘y emas, balki ikki qudratli sulolaning birlashuvi ramzi edi.
Bo‘ra oynaga qaradi. Bu safar u tanlagan libos birinchisidan farq qilardi: u ko‘proq harakatlanishga qulay, ipakdan tikilgan, ammo ichki qismida ingichka zirhli qatlami bor edi. Uning son qismidagi maxfiy g‘ilofda o‘sha mashhur kumushrang pichoq, soch turmagining ichida esa o‘tkir zaharli igna yashiringan edi.
Sera xonaga kirib, titroq ovozda gapirdi:
— Bo‘ra... pastda hamma narsa tayyor. Lekin mehmonlar orasida Janob Parkning ukasi — o‘sha sotqin amaki ham o‘tiribdi. U juda xotirjam ko‘rinyapti.
Bo‘ra sovuqqonlik bilan lab bo‘yog‘ini surtdi.
— Xotirjamlik — bu mag‘lubiyatdan oldingi soxta niqob, Sera. Bugun u o‘z tuzog‘iga o‘zi tushadi.
Marosim boshlanishi
Musiqa yangradi. Bo‘ra otasining qo‘lidan tutib, uzun oq yo‘lak bo‘ylab yura boshladi. Zalning narigi chekkasida Jimin turardi. U qora smokingda, sochlari orqaga taralgan, nigohi har doimgidan ham jiddiy edi.
Ular bir-birlarining qarshisida to‘xtashdi. Ruhoniy nikoh so‘zlarini o‘qiyotgan bir paytda, Jimin past ovozda, faqat Bo‘ra eshitadigan qilib pichirladi:
— 3-sektor, 4-stolda o‘tirgan soqolli odamga e’tibor ber. Uning o‘ng qo‘li doim stol ostida.
Bo‘ra ko‘z qiri bilan o‘sha tomonga qaradi va jilmaydi.
— Ko‘rdim. Mening odamlarim uni nishonga olgan. Sen esa amakingga qara — u hozirgina kofe ichdi.
Jimin amakisiga qarab qo‘ydi. Amakisi birdan rangsizlanib, tomog‘ini changalladi. Lekin bu o‘lim emas, shunchaki Jiminning "pishirgan" rejasi edi — kofega qo‘shilgan maxsus modda uni vaqtincha falaj qilib qo‘ygan edi.
Ruhoniy:
— Janob Park Jimin, siz Kim Bo‘rani xotinlikka qabul qilasizmi?
Jimin Bo‘raning ko‘zlariga tik qaradi. Uning nigohida bu safar nafaqat reja, balki haqiqiy ehtiros bor edi.
— Ha, — dedi u qat’iy.
Ruhoniy:
— Kim Bo'ra xonim siz-chi?
Bo‘ra bir soniya jim qoldi. Atrofga nazar soldi. Uning dushmanlari shu yerda, uning suyanchi — otasi shu yerda va uning yangi "sherigi" ro‘parasida.
— Ha, — javob berdi u.
"Sizlarni er va xotin deb e’lon qilaman. Kelinni o‘pishingiz mumkin," dedi ruhoniy.
Jimin Bo‘raning yuziga yaqinlashdi. Ularning lablari tegishi kerak bo‘lgan lahzada....
birdan zalning shishali shifti gumburlab sindi. Yuqoridan arqonlar yordamida qora kiyimdagi qurollangan odamlar tusha boshladi. Mehmonlar orasida baqir-chaqir va vahima boshlandi.
Lekin na Bo‘ra, na Jimin joyidan qimirlamadi.
Jimin Bo‘raning belidan ushlab, uni o‘ziga tortdi va qulog‘iga shivirladi:
— O‘pishni keyinga qoldiramiz, xonim Park. Hozir esa... raqsga tushamiz.
Jimin stol ostidan o‘zi yashirib qo‘ygan avtomatni oldi. Bo‘ra esa bir harakat bilan to‘y ko‘ylagining uzun etagini yirtib tashlab, oyoqlaridagi pichoqlarini chiqardi.
Jang maydoni
Zal haqiqiy jang maydoniga aylandi. Bo‘ra va Jimin bir-birlariga orqa berib turishardi. Bu ularning birinchi haqiqiy "er-xotin" sifatidagi hamkorligi edi.
Bo‘ra shamoldek tez harakat qilardi. Uning pichoqlari dushmanlarning bo‘yin va qo‘llarini aniq nishonga olar, har bir harakati raqsdek go‘zal va o‘limdek dahshatli edi. Jimin esa uzoq masofadan aniq o‘q uzib, Bo‘raga yaqinlashmoqchi bo‘lganlarni to‘xtatib turardi.
— Chap tomondan! — baqirdi Jimin va o‘q uzdi.
Bo‘ra egildi, o‘q uning ustidan o‘tib, orqasidagi hujumchiga tegdi. Bo‘ra esa pastdan sakrab, Jiminning tepasiga kelayotgan dushmanga pichoq sanchdi.
Jang tugagach, zalda faqat tutun va qulagan dushmanlar qoldi. Tansoqchilar qolganlarni zararsizlantirishdi. Jimin qurolini tushirib, Bo‘raga qaradi. Bo‘raning yuziga bir tomchi qon sachragan, sochlari to‘zg‘igan, ammo u har doimgidan ham qudratli ko‘rinardi.
Jimin uning yoniga keldi va barmoqlari bilan yuzidagi qonni artdi.
— Tabriklayman, Park xonim. Bizning nikoh kechamiz yodda qolarli bo‘ldi.
Bo‘ra charchagan bo‘lsa-da, jilmaydi.
— Bu hali shunchaki uchrashuv edi, Jimin. Endi bizni haqiqiy urush kutmoqda. Amakingni qayerga olib ketishganini bilasanmi?
Jiminning ko‘zlari sovuqlashdi.
— U mening "oshxonamda". Va u hali asosiysi emas. Bu hujumning orqasida boshqa bir kuch bor... sening o‘tmishingdan kelgan bir kuch.
Bo‘raning rangi o‘chdi. Uning o‘tmishidagi yagona sir — u o‘lgan deb o‘ylagan inson edi....
(Sizningcha Bo'rani rangini o'chirgan isnon kim edi? Izohda javobingizni kutaman...)