Psixologiyaning biz bilmaydigan tomonlari
1 Biz bir vaqtning o‘zida faqat 3-4ta narsani eslab qolamiz
“Sehrli 7 plyus/minus 2” qoidasi mavjud bo‘lib, bu qoidaga ko‘ra inson bir vaqtning o‘zida 5—9 tadan ortiq axborot bloklarini eslab qololmaydi. Axborotning katta qismi qisqa muddatli xotirada 20-30 soniya saqlanib turadi, so‘ngra uni uni qayta-qayta takrorlab turmasak, tezda unutamiz.
Aksariyat kishilar qisqa muddatga 7 taga yaqin raqamni eslay olsa-da, 10 ta raqamni eslash qiyin. Biz bir vaqtning o‘zida 3-4ta axborot blokini esda saqlay olamiz. Masalan, telefon raqami: raqamni yodda saqlab qolish uchun u bir nechta raqamli bloklarga ajratiladi.
2. Biz qizil va ko‘k ranglar uyg‘unligini yomon qabul qilamiz
Bu ranglardan ko‘plab mamlakatlar bayroqlarida foydalanilsa-da, qizil va ko‘k ranglar birgalikda turganida biz ularni qiyin qabul qilamiz.
Bu “xromostereopsis” deb ataluvchi hodisa sababli yuz beradi. Bu hodisa oqibatida ayrim ranglar “oldinga chiqadi”, ayrimlari esa yo‘qoladi. Bu esa ko‘zni charchatadi. Bu hodisa qizil va ko‘k, hamda qizil va yashil ranglar uyg‘unlashganida kuchliroq yuz beradi.
3. Biz narsalarni qabul qilayotganimizdan ko‘ra boshqacharoq ko‘ramiz
Kembrij universitetida o‘tkazilgan tadqiqotlarga qaraganda, “Szo‘dagi hrafalr qadnay tratibda jolyashgnaligi mhuim eams. Egn aosisysi – bnirichi va oixrgi hrfralr o‘z jyodia trusa blo‘di”.
Boshqa harflarning o‘rni almashtirilsa ham, siz gapni o‘qiy olasiz. Bu inson miyasi har bir harfni emas, butun bir so‘zni o‘qigani uchun yuz beradi. Miya sezgi organlaridan kelayotgan axborotni doimiy ravishda qayta ishlaydi va siz axborotni (so‘zni) qabul qilishingiz uni ko‘rishingizdan (o‘rni almashgan harflar) farq qiladi.
4. Biz e'tiborimizni faqatgina 10 daqiqa tutib tura olamiz
Siz hatto o‘zingizni judayam qiziqtiradigan mavzudagi yig‘ilishda qatnashayotgan bo‘lsangiz ham butun e'tiboringizni notiqqa faqatgina 7-10 daqiqa qarata olishingiz mumkin.— 7-10 daqiqa. Shundan so‘ng e'tibor susayishni boshlaydi va mavzuga bo‘lgan e'tiboringizni jamlash uchun tanaffus qilishingizga to‘g‘ri keladi.
5. Rohatlanishni ortga surish qobiliyati bolalikdan paydo bo‘ladi
O‘z istaklaringizni zudlik bilan qondirishni ortga surish qobiliyatingiz erta bolalikdan shakllanadi. Yoshligida rohatlanishni ortga sura oladiganlar maktabda yaxshi o‘qishadi va tushkunlikdan tez chiqib ketishadi.
6. Biz vaqtimizning 30 foizini oruzalarga sarflaymiz
Xayolan osmonlarda uchib yurishni yoqtirasizmi? Psixologlarning aytishlaricha, biz hammamiz kamida 30 foiz vaqtimizni orzu qilishga sarflaymiz. Ayrimlar esa bundan ham ko‘proq vaqt xayolot olamida sayr qilishadi. Tadqiqotchilarning ta'kidlashlaricha, orzu qilishni yoqtiradiganlar odatda ixtirochi bo‘lishar va turli muammolarni oson hal qilishar ekan.
7. Odat o‘rtacha 66 kunda shakllanadi
Odat qanchalik qiyin bo‘lsa, uning muntazam odatga aylanishiga shuncha ko‘p vaqt kerak bo‘ladi. Doimiy ravishda sport bilan shug‘ullanishni odat qilmoqchi bo‘lganlar tushlik paytida meva yeyishni odatga aylantiadiganlarga nisbatan 1,5 baravar ko‘proq vaqt sarflashadi.
8. Biz bo‘lajak hodisalarga nisbatan harakatimizni ortiqcha baholaymiz
Biz kelajakni unchalik yaxshi bila olmaymiz. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, biz yaxshimi-yomonmi bo‘lajak hodisalarga nisbatan qanday harakat qilishimizni ortiqcha baholab yuboramiz.
Tadqiqotlardan ma'lum bo‘lishicha, odamlar yaxshi voqealar, masalan, turmush qurish yoki lotereyada katta yutuqqa ega bo‘lish ularni yanada baxtli qilishi mumkin, deb hisoblashadi. Xuddi shu singari noxush voqealar, masalan, ishidan ayrilish yoki baxsiz hodisa bizni og‘ir ahvolga solib qo‘yadi. Aslida esa bu voqealar biz kutgan darajada bo‘lmasa ham.
9. Biz vaziyatni emas, boshqa odamni ayblaymiz (hamda o‘zimizni emas, vaziyatni ayblaymiz)
Siz bilan uchrashishga kech qolib kelgan kishi bilan bo‘lgan voqeani eslang. Siz uni mas'uliyatsizlikda ayblagansiz. Xuddi ana shu odamning o‘rnida o‘zingiz kech qolib kelgan bo‘lganingizda, siz aybni vaziyatga ag‘dargan bo‘lardingiz (yo‘llar tirband).
Psixologiyada bu narsa boshqalarning harakatini ularning shaxsiyatiga bog‘lash, o‘z harakatini esa tashqi omillarga (“bundan boshqa ilojim yo‘q edi”, “omadim kelmadi”) bog‘lash bilan izohlanadi.
Afsuski, noto‘g‘ri mulohaza yuritishga moyilligimizni bilsak ham bundan voz kecha olmaymiz – bu moyillik inson tug‘ilganidayoq uning qoniga singigan bo‘ladi.
10. Do‘stlarimiz soni chegaralangan
Siz ijtimoiy tarmoqlardagi minglab do‘stlaringiz bilan maqtanishingiz mumkin, lekin aslida do‘stlaringiz soni ancha oz. Psixolog va antropologlar “Danbar soni”ni aniqlashgan, ya'ni insonda yaqin do‘stlar soni 150tagacha bo‘lishi mumkin.
11. Miyamiz uxlayotgan paytimizda ham faol holatda bo‘ladi
Uxlab tush ko‘rayotgan paytimizda miyamiz kun bo‘yi olingan axborotlarni qayta ishlaydi, qaysi birini eslab qolish, qaysi birini unutishni hal qiladi. Imtihonga tayyorlanayotganda yaxshilab kitob o‘qib, darhol uxlashga yotsangiz, miyangiz axborotni mustahkam «joylab» oladi.
12. Biz tanlov imkoniyati aslidagidan ko‘ra ko‘proq bo‘lishini xohlaymiz
Har qanday supermarketga kirsangiz, ko‘plab turdagi mahsulotlarni ko‘rasiz, chunki odamlarga “keng tanlov imkoniyati” kerak.
Supermarketda o‘tkazilgan bir tadqiqotda tadqiqotchilar qatnashchilarga murabboning 6 xil turini, keyin esa 24 xil turini ko‘rsatishgan. Odamlar 24 xil turdagi murabbo turgan peshtaxta yonida ko‘proq to‘xtasalarda, 6 xil turdagi murabbo turgan peshtaxtadagi murabbolardan narigisiga nisbatan 6 marta ko‘proq sotib olishgan.
Bu shunday izohlanadi: biz ko‘p narsani xohlayotgandek bo‘lsak-da, miyamiz bir vaqtning o‘zida cheklangan miqdordagi narsalarni qabul qila oladi.
13. Biz biror narsa bilan band paytimizda baxtliroqmiz
Tasavvur qiling, siz aeroportdasiz va yukingizni olishingiz kerak. Yuk olinadigan joygacha 12 daqiqa vaqtingiz ketadi va borishingiz bilan yukingizni olasiz.
Endi yana xuddi shunday vaziyatni tasavvur qiling. Faqat bu vaziyatda yuk olinadigan joygacha 2 daqiqada yetib borasiz va yukingizni 10 daqiqa kutasiz. Ikkala vaziyatda ham yukni olishingizga 12 daqiqa vaqtingiz ketsa-da, ikkinchi vaziyatda toqatsizlanasiz va o‘zingizni noxush his etasiz.
Insonda faol bo‘lish uchun sabab bo‘lmasa, u hech narsa qilmaydi. Bu holatda inson kuchini tejaydi, lekin bekorchilik toqatsizlik va noxush kayfiyat uyg‘otadi.
14. Aksariyat qarorlarimizni o‘ylab o‘tirmay qabul qilamiz
Bizga barcha qarorlarimizni yaxshilab o‘ylab qabul qilayotgandek tuyulsa-da, aslida kundalik qarorlar o‘ylanmasdan qabul qilinadi.
Miyamizga har soniyada 11 million birlikdan ortiq ma'lumot keladi va biz ularning har birini sinchkovlik bilan tekshirib o‘tira olmaymiz.
15. Biz o‘z xotiralarimizni o‘zgartiramiz
Biz xotiralarimizni kompyuter xotirasida saqlanadigan videolar singari xuddi kichik “film”dek qabul qilamiz. Lekin bunday emas.
Har safar biror voqeani xotirlaganimizda uni o‘zgartirib eslaymiz, chunki asab tolalari har safar turlicha faollashadi. Bunga keyinroq sodir bo‘lgan voqealar va xotiradagi bo‘shliqlarni to‘ldirish istagi ta'sir ko‘rsatadi.
Masalan, qarindoshlar yig‘inida kimlar bo‘lganini eslay olmaysiz, lekin xolangiz odatda bunday yig‘inlarda qatnashgani bois u yig‘inda qatnashmagan bo‘lsa ham keyinchalik uni ham qatnashchi sifatida eslaysiz.
16. Biz bir vaqtning o‘zida bir nechta ishni bajara olmaymiz
Agar bir vaqtning o‘zida bir nechta ishni bemalol uddalayman deb o‘ylasangiz, adashasiz. Olimlar biz birdaniga 2-3ta ishni bajara olmasligimizni isbotlashgan.
Albatta, biz yo‘l yurish jarayonida do‘stimiz bilan gaplashib ketishimiz mumkin, lekin miyamizning e'tibori o‘sha lahzada yagona vazifani bajarishga qaratilgan bo‘ladi. Gap shundaki, biz bir vaqtning o‘zida ikkita turli narsa haqida o‘ylay olmaymiz.
17. Bizning eng yorqin xotiralarimiz xato bo‘ladi
Hayajonga soluvchi voqealarni xotirlaganda kishi, albatta, voqealarni chalkashtirib yuboradi, deb hisoblashadi psixologlar.
Bunga 11 sentabr bilan bog‘liq voqealar misol bo‘la oladi. Psixologlar terrorchilik harakatlaridan uch yil o‘tgach o‘sha voqea ishtirokchilaridan o‘sha kuni qayerda bo‘lishganini va nimalar bilan mashg‘ul bo‘lishganligini batafsil aytib berishlarini so‘rashgan.
So‘ralganlarning 90 foizi uch yil oldingi ko‘rsatmalaridan boshqacharoq ko‘rsatma berishdi. O‘sha voqea yuz bergan paytda ular qayerda bo‘lishgani va nima bilan mashg‘ul bo‘lganliklarini batafsil aytib berishdi. Muammo shundaki, ular aytgan so‘zlar oldin aytgan so‘zlari bilan to‘g‘ri kelmadi.