January 23

Nimaga Sevamiz?

Eh, romantik muhabbat, ba'zan maftunkor va sarmast qiluvchi, ba'zan yurakni parchalovchi va jafokash, ko'pincha esa hammasi birda. Nima uchun biz hissiyotlarimizni siqib, suvidan sharbat qilishlariga qo'yib beramiz? Sevgi hayotimizga mazmun kiritadimi yoki yolg'izlik va azob-uqubatlardan qochmoqchi bo'lamizmi? Sevgi ortida jinsiy xohish-istagimiz yashiringanmi yoki bu nasl qoldirishimiz uchun tabiat o'ylab topgan nayrangmi? Bizga faqat shu kerakmi? Umuman uning keragi bormikin?

Agar muhabbatdan biror maqsad bo'lsa, na biror olim, na biror psixolog buni kashf eta olgan emas. Ammo uzoq tarixiy davr mobaynida ayrim taniqli faylasuflarimiz ba'zi qiziqarli nazariyalarni ilgari surdi. Sevgi bizni qayta bir butun qiladi. Qadimgi yunon faylasufi Aflotunning fikricha, biz bir butun bo'lish uchun sevamiz. Uning "Bazm" asarida tasvirlanishicha, kechki ziyofat chog'ida komediyanavis Aristofan mehmonlarining vaqtini chog' qilish uchun quyidagi afsonani aytib beradi: bir vaqtlar odamlar to'rt qo'l, to'rt oyoq va ikki yuzli mavjudot edilar. Bir kuni ular xudolarning g'azabini keltirdi va Zevs ularning barchasini ikkiga ayirib tashladi. Shundan beri inson o'zining ikkinchi yarmini qidiradi.

Sevgi - birgalikda o'zimizni yana bir butundek his etishimizda kerak bo'lgan insonni topish istagidir, har qalay, Aflotun mast komediyanavis bazmda shunday deyishi mumkinligiga ishongan. Sevgi sabab bolalar dunyoga keladi. Ko'p yillar o'tgach, nemis faylasufi Artur Shopengauer jinsiy istakka asoslangan sevgi hissiy xom xayol ekanini ta'kidlagan. Unga ko'ra, xohishlarimiz bizni birov baxtli qilishiga ishonishga undagani bois sevib qolamiz, ammo biz qattiq yanglishamiz.

Tabiat naslimizni davom ettirish uchun mug'ambirlik qiladi va biz izlaydigan ishqiy qovishuv farzand ko’rish bilan yakun topadi. Jinsiy ehtiyojlarimiz qondirilgach, yana uqubatli hayot tarzimizga qaytamiz, odamzot naslini saqlab qolish va zerikarli turmush davomiyligini abadiylashtirishgina qo'limizdan keladi. Naqadar g'amgin o'ylar, kimnidir quchoqlab olging keladi-ya. Sevgi – yolg'izlikdan qochish. Nobel mukofoti sovrindori britaniyalik faylasuf Bertrand Rassellning so'zlariga ko'ra, biz jismoniy va ruhiy istaklarimizni qondirish uchun yaxshi ko'ramiz.

Odamlar ko'payish uchun yaratilgan, ammo ehtirosli muhabbat zavqisiz ishqiy munosabatdan qoniqib bo'lmaydi. Sovuq va shafqatsiz dunyodan qo'rqib, himoyalanish va yashirinish uchun qattiq qobiqqa o'ralib olamiz. Sevgi beradigan quvonch, yaqinlik va iliqlik dunyo qarshisidagi qo'rquvimizni yengishga, yolg'izlik qobig'idan xalos bo'lishga va to'laqonli hayot kechirishga yordam beradi. Sevgi butun borlig'imizni boyitadi va dunyodagi eng yoqimli hissiyotga aylanadi. Sevgi aldamchi azobdir. Budda yoxud Nurlangan nomi bilan tanilgan Siddxarta Gautama Rassel bilan munozaraga kirishganida, ehtimol, qiziqarli dalillar keltirgan bo'lardi. Budda asosiy ehtiyojlarimizni qondirish uchun yaxshi ko'ramiz, deb hisoblagan. Ammo ehtirosli xohish-istaklarimiz nuqsonlar bo'lib, yaqinlik tuyg'usi, hatto romantik muhabbat ham cheksiz iztiroblar manbaidir. Yaxshiyamki, Budda Nirvana – tinchlik, ravshanlik, donolik va rahm-shafqatdan iborat oliy saodatga eltuvchi sakkiz bosqichli yo'l, boshqacha qilib aytganda, xohish-istaklar olovini so'ndirish uchun dasturi amal topdi. Yozuvchi Tsao Syuetsin Xitoyning eng mashhur klassik romanlaridan biri "Qizil ko'shkdagi tush" asarida buddistlarning romantik sevgi – bema'nilikdir, degan qarashini ochib beradi. Sujet voqealaridan birida Tzya Rui uni aldab, xo'rlab ketuvchi Sifengga oshiq bo'ladi. Muhabbat va nafratga to'la qarama-qarshi hislar uning qalbini parchalaydi, shu bois daos unga sehrli ko'zgu beradi.

Agar Tzya Rui unga qaramasa, dardiga davo topishini aytadi. Ammo u, o'z-o'zidan ravshanki, ko'zguga boqadi. Unda Sifengni ko'radi. Uning ruhi ko'zguga kiradi va oshiq o’lgunicha zanjirband etiladi. Hamma buddistlar ham romantik va oshiqona sevgi haqida bunday fikrda bo'lmagan, ammo qissadan hissa shuki, bunday his-tuyg'ular fojiaga olib keladi va inson sehrli ko'zgu bilan bir qatorda sevgidan ham o'zini chetga olishi kerak. Sevgi o'zligimizni to'laligicha namoyon etishga imkon beradi. Keling, biroz ko'tarinki ruhda so'zimizga yakun yasaymiz. Fransuz faylasufi Simona de Bovuarning fikricha, sevgi - bu boshqa bir inson bilan bir butun bo'lish istagi va u hayotimizga mazmun olib kiradi. Ammo u biz nega sevishimiz haqida emas, balki qanday qilib yaxshiroq sevishimiz mumkinligi haqida ko'proq bosh qotirgan.

Bovuarning aytishicha, an'anaviy romantik muhabbatdagi muammo shundaki, u bizni o'ziga qattiq maftun etgani bois biz uni tiriklikning yagona sababchisiga aylantirmoqchi bo'lamiz. Ammo mavjudligimizning mohiyati deb birovga qaram bo'lish tez orada zerikish va manipulyatsiyaga olib keladi. Bunday tuzoqqan tushmaslik uchun Bovuar chinakam do'stlikni eslatuvchi haqiqiy muhabbatni tarbiyalashni maslahat beradi. Sevishganlar o'zlarini kashf etishda, imkoniyatlari doirasini kengaytirishda bir-birlarini qo'llab-quvvatlaydilar, hayotlarini va atrof-borliqni birgalikda boyitadilar.

Sevib qolishimiz sababini hech qachon bilmasligimiz mumkin, ammo bu hissiyotlar uchun o'ziga xos «Amerika tepaligi» attraksioni bo'lishiga ishonavering. U qo'rquv ham, shodlik ham ulashadi. Ko'ngilga ozor beradi va uchishga qanot bag'ishlaydi. Ehtimol, o'zligimizni yo'qotarmiz Ehtimol, toparmiz. U qalbimizni parchalashi yoki hayotdagi eng yoqimli tuyg'u bo'lishi mumkin. Balki uni sinab ko'rishga jur'at etarsiz?

Muallif: Qodir Bozorov