Fozil odamlar shahri
Asar muallifi: Abu nasr Forobiy, Sharh muallifi: Raxmatov Dilmurod
Abu Nasr Forobiy – ushbu ismni eshitmagan, bilmagan inson bo’lmasa kerak. Ammo men bu ism va u yaratgan ilmiy boylik haqida juda kech bildim. Bilasizmi, odatda siyosat haqida gap ketganida, men o’zimni bu sohada juda yaxshi deb hisoblardim. Keyin bilsam faqat faktlargagina tayanib fikr yuritgan ekanman. Aslida, davlat, jamiyat haqida hech narsani bilmas ekanman. Odatda ko’pchilik va shaxsan o’zim eski asarlarni o’qishni unchalik ham xush ko’rmaymiz. Sababi, ushbu asarlarda hech qanday ilmiy yangilik yo’q, asarlar bugungi kundan ancha orqada, ulardan faqatgina ma’naviy ozuqa olish mumkin deb o’ylardim. Afsuski adashgan ekanman.
Kunlardan bir kun dinshunoslik fanidan ma’ruza darsida professor Nigina Shermuhammedova shunday savolni o’rtaga tashladi: “Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asarida odamlar faqat baxtsiz bo’lishi haqida yoziladi va bu baxtsiz insonlar ham ikki toifaga bo’linadi. Savol usha ikki toifa qanday edi?”. Bu savoldan so’ng mantiqiy fikrlab javobni topishga harakat qildim. Ammo topa olmadim. Yaxshisi asarni o’qib chiqishga qaror qildim. Dastlab asardan, aynan mana shu qismga oid jumlalarni qidirishga tushdim. Ammo asarda shunday kulminatsion nuqtalar mavjud ediku, bu meni fikrlash doiramni o’zgartiribgina qolmay borliq haqidagi falsafamni ham o’zgartirishga olib keldi. Asarda mantiq, siyosat, jamiyatshunoslik, iqtisodiyot, din, falsafa fanlarini o’zida mujassamlashtirgan edi. Meni o’ziga jalb qila olgan jihati asardagi inson tafakkuri va din haqidagi qarashlar edi. Men hayratdaman. Qanday qilib, ming yil oldin yozilgan asar bugungi zamon va kelajak haqida bashorat qila olishi mumkin. Bu mistik qarashlar emas edi. Bu aniq dalillar asosida yaralgan ilmiy maqola kabi edi.
Bilasizmi, agar asarni o’qish niyatida bo’lsangiz uning asl variantini topishingizni iltimos qilaman. Sababi asar juda ko’p nashriyotlar tomonidan o’zgartirilib ko’p qismi olib tashlangan. Men asar haqida boshqa birov bilan munozara qilayotganimda shunga amin bo’ldim. Ko’pchilik asarni faqatgina mavzusidan kelib chiqgan qismlarini o’qigan. Asardagi ayrim qismlar olib tashlangan ekan. “Fozil odamlar shahri” nafaqat davlat haqida yozilgan balki umumiy fan haqida ham yozilgan asardir. Bizga ma’lumki ilk va o’rta asr olimlarlari faqat bitta yo’nalishda emas ko’plab yo’nalishlarni ham qamrab olishgan va shunga yarasha qomusiy asarlar yaratishgan. Shu bilan birga Forobiy ham shular jumlasidandir.
Forobiy inson tafakkurining yetuk davrini qiyomatgacha tasvirlaydi. Bu tafakkur insoniyatni ham kelajagi ham oxiri bo’lishi haqida yozadi. Atrofga nazar soling, sizningcha biz qayerga qarab ketmoqdamiz? Insoniyat o’smoqda, shu darajada ketmoqdaki bu o’sish bir paytlar arifmerik progressiya bo’lgan bo’lsa hozir geometrik progressiyani tashkil qilmoqda. Agar sizga asarda faqat davlat haqida va unda yunon olimlarining asarlariga taqrizlar mavjud deyishsa, sizni aldashgan yoki asarni tub mohiyatini anglab yetishmagan.
Men o’zim o’qigan asardan shuni xulosa qildimki, asar borliqni anglash haqidagi fan. Forobiy buni fizika yoki matematika bilan emas buni insonlarning yashash sharoiti va ularning qiladigan amallari yuzasidan kelib chiqib javob topishga intilgan. Qonunlar nima uchun yaratiladi? Bizning turmush sharoitimizni yaxshilash va o’zgartirishga xizmat qiladi. Agar qonun to’g’ri tashkil etilsa bizning kelajagimiz ham yorqinlashadi.
Abu Nasr mantiqni izohlashda har bir so’zni undagi beshta modda аsosida tahlil qiladi, shu yo’l bilan uni foydalanib bo’ladigan darajada keltiradi, ularni ishlatish yo’llarini tushuntirib beradi. Shuning uchun ham al-Forobiy kitobi fanda g’oyatda yetuk, barkamol asar sanaladigan bo'ldi.
Abu Nasrning Aflotun va Arastu falsafasidagi g’oyalariga bag’ishlangan kitobi uning falsafa sohasida peshqadamligidan va hikmat fanlarini chuqur tahlil qilishidan darak beradi. Bu kitob hikmatdagi nazariy yo’llarni o’rganishda juda katta dastak bo’ldi va u orqali muallif barcha ilm sirlari va uning natijalarini alohida-alohida egallash yo’llarini bildirdi. Ilmlar qanday qilib soddalikdan murakkablik darajasiga o’sib rivojlanib yetganini bayon qildi. Keyin shu vosita bilan Aflotun falsafasidagi g’oyalarni bildirishga kirishdi, uning ta’riflarini bir-bir sanab o’tdi. Keyin u shu yo’lni Arastu falsafasini izohlashda davom ettirdi, unga kattagina muqaddima yozdi va tadrijiy ravishda u yerda uning falsafasini bayon qilib berdi.
Xullas, asarni o’qishni sizga tavsiya emas talab qilgan bo’lar edim. Sizga haqiqiy falsafa kerak bo’lsa marhamat asarni o’qib chiqishingiz mumkin.
Aytgancha Nigina Shermuhammedovaning savoliga kelsak, javobni yaxshisi o’zingiz asarni o’qib chiqib topishingizni so’rayman. Axir, ushbu savol men uchun motivatsiya bo’lgan, demak sizni ham befarq qoldirmaydi.
O'zMU Jizzax filiali talabalar oʼrtasida oʼtkazilib kelinayotgan “Online kitobxon” koʼrik-tanlovinining “Men sevgan asar” rukni ostidagi ikkinchi bosqichi uchun 103-19 guruh talabasi Raxmatov Dilmurodning "Fozil odamlar shahri" asariga sharhi.