September 3, 2025

"The Price of Redemption” 1-bob.

“Yosh advokat otasining eng qorong‘i sirlariga bog‘langan xavfli odamni himoya qilishga majbur bo‘lganda, adolat yo‘li ozodlikdan ham kattaroq qurbonlikni talab qilishi mumkinligini anglaydi.”

Seuldagi sud binosi tong sahardan gavjum edi. Oq marmar devorlar, shovqin-suron va jimgina pichirlashayotgan odamlar zalga yanada taranglik baxsh etardi. Har bir nigoh bitta odamga qadalgan edi — qora kostyumda, qo‘llari kishanlangan Yoongi.
Uning yuzida befarqlik niqobi, lekin ko‘zlarida g‘alati sir yashirin edi: go‘yo hamma narsani biladi, ammo aytmaydi.

Rose stolda hujjatlarni titkilab o‘tirarkan, yuragi tez ura boshladi. Bu uning hayotidagi ilk katta sud ishi edi. Endi u oddiy talaba emas, amaliyotchi advokat sifatida sud zalida o‘tirardi. Yonida o‘tirgan ustoz advokati sekin gap qildi:

— Tinchlan, Rose. Bu faqat boshlanish. Esingda tut, biz haqiqatni himoya qilamiz.
Rose qo‘llarini titroqdan yashirish uchun ruchkasini ushlab oldi. Ko‘zlari esa ixtiyorsiz ravishda Yoongiga qaradi. U ham shu onda qizning qarashlarini sezib, lab burchagini sekin ko‘tarib qo‘ydi. Bu tabassum sovuq edi, ammo ichida nimadir yashirayotgandek.

Sudya zalga kirganda hamma o‘rnidan turdi. Sud jarayoni boshlanganida, Rose quloqlarida faqat yurak urishini eshitayotgandek edi. Yoongi esa jilmayib, uning qo‘rquvini kuzatardi.

— Sudlanuvchi, siz Jin Parkning o‘limida ayblanmoqdasiz, sudya ovozi zalni titratdi. Siz o‘zingizni aybdor deb bilasizmi?

Zalda qattiq sukunat cho‘kdi. Yoongi ko‘zini qisib, birdaniga Rose tomonga qaradi. Go‘yo unga nimadir demoqchidek… va sekin, ravshan ovoz bilan javob berdi:

— Aybdorman.

Rose hayratdan qotib qoldi. Barcha dalillar qarama-qarshi edi. Nega u o‘zini aybdor deb tan olyapti? Bu odam yolg‘on gapiryaptimi? Nega uning nigohi “haqiqatni men bilaman” deb turgandek?

Rose sezdi: bu ish juda xavfli va oddiy jinoyat emas. Ayniqsa, uning otasi qamoqxona boshlig‘i bo‘lib, Yoongini shaxsan yaxshi tanishini eslaganda, yuragi battar g‘ash bo‘ldi.

Ammo Yoongi nigohlarini undan uzmay, sekin jilmaygancha yana qaradi.

Sud zali jimjit edi. Yoongining “Aybdorman” degan so‘zlari zal bo‘ylab yangraganida, jurnalistlar ham, advokatlar ham bir zumda shovqin solib yuborishdi. Rose esa joyida qotib qoldi.

Uning ustoz advokati tezda o‘rnidan turib, e’tiroz bildirdi:
— Hurmatli sudya, mijozimizning aybini tan olishi dalillar bilan zid keladi. Biz qo‘shimcha tekshiruvni talab qilamiz.

Sudya ko‘zoynagini tuzatib, qog‘ozlarga qaradi va qat’iy ovozda dedi:
— Sud ishini to‘liq ko‘rib chiqish uchun ikki hafta muhlat beriladi. Shu muddat ichida barcha dalillar qayta tekshiriladi.

Zalda shovqin ko‘tarildi. Ba’zilar Yoongini jinoyatchi deb o‘ylasa, boshqalar uni begunoh deb gumon qila boshladi.

Rose esa yana Yoongiga qarab qoldi. U esa qo‘llariga kishan taqilgan holda, xuddi teatr sahnasidagi aktyor kabi sovuq va sirli jilmaydi. Go‘yo “ikki hafta — hammasini hal qiladi” degandek…

Rose yuragida birinchi marta qo‘rquvdan ko‘ra, qiziqish paydo bo‘ldi. Bu odam kim? Nega otasi uni alohida kuzatishni buyurgan? Eng muhimi — nega uning nigohi qizni o‘ziga tortyapti?..

Rose uyga qaytganida tungi Seul ko‘chalari jimjit edi. U zo‘rg‘a nafasini rostlab, qattiq charchagan holda eshikni ochdi. Lekin mehmonxonada odatdagidan ham sovuq muhit hukmron edi — stol yonida otasi o‘tirardi.

Qamoqxona boshlig‘i bo‘lgan odamning qaddi-qomati hanuz qat’iy, ko‘zlari esa sovuq edi.
— Sud zalida sening yuzingni ko‘rdim, dedi u qiziga tik qarab. Juda hayajonlangan eding.

Rose biroz tortinib, qog‘ozlarini stolga qo‘ydi.
— Bu mening birinchi ishim, ota… tabiiyki, oson emas.
Otasining nigohi yanada keskinlashdi.
— Yoongi… bu odam oddiy jinoyatchi emas. Uni himoya qilish xavfli. Men seni bu ishdan chetlatmoqchi edim, ammo endi qaror qildim. Ishni oxirigacha sen olib borasan.
Rose beixtiyor hayratlandi:
— Men?
— Ha, dedi otasi qisqa qilib. Shunday qilsak, men sening har bir qadamingni nazorat qila olaman.
Rose bu gaplarga javob bermadi, ammo ichida qandaydir qarama-qarshi hissiyotlar uyg‘ondi. Go‘yo otasi Yoongi haqida ortiqcha narsalarni biladigandek.

Ertasi kuni ertalab Rose sud binosiga qaytdi. Unga jinoyat ishi bo‘yicha hujjatlar ko‘rsatildi. Stol ustida jinoyat joyidan olingan suratlar, ekspertiza natijalari va dalillar bor edi.

U hujjatlarni varaqlab chiqarkan, qotillik sahnalari tasvirlangan fotosuratlarga ko‘zi tushdi. Yuragi siqildi, ammo ko‘zlarini uzolmadi. Qiz sekin atrofga qarab, hech kim kuzatayotmaganini sezdi-da, suratlarning ayrimlarini telefoniga yashirincha tushirib oldi.

— Menga hamma haqiqat kerak… hech kim yashira olmaydigan...

Shu onda eshik g‘iyq etib ochildi. Rose cho‘chib ketdi. Qog‘ozlar orasidan ko‘zlarini ko‘targanida, uning qarshisida… kishanli qo‘llarida qamoqxona soqchisi yetaklab kelayotgan Yoongi turardi.

U jilmayib, qizning ko‘zlariga qaradi:
— Demak, sen ishni jiddiy boshlabsan, advokat xonim?..

Qamoqxona uchrashuv xonasida havo og‘ir edi. Sovuq metall stollar, qalin oynali devor va yuqoridan tushayotgan xira chiroqlar hammasiga g‘amgin tus berardi.

Rose stulga o‘tirib, papkasini oldiga qo‘ydi. Yuragi gursillab urayotganini yashirish uchun qo‘llarini stol ostida bir-biriga qisdi. Shunda eshik ochilib, soqchi Yoongini olib kirdi.

Qo‘llarida kishan, oyoq qadamida esa beparvolik. Yoongi stulga o‘tirarkan, bir lahza ham qizdan ko‘z uzmadi. O‘sha sovuq, ammo sirli nigoh… go‘yo insonning ichini teshib o‘tardi.

— Demak, sen mening advokatimsan, dedi u past, sokin ovozda. Labida yarim jilmayish, ammo ko‘zlarida masxara yashirin edi.

Rose chuqur nafas olib, qat’iy gapirdi:
— Men amaliyotchi advokatman. Sizning ishingizni o‘rganish mening vazifam.
Yoongi jilmaydi, stulda orqasiga suyanib oldi.
— “Vazifa” deysanmi? Sen haqiqatni qidiryapsanmi yoki otangni qulay qilib qo‘yishga xizmat qilyapsanmi?
Rose qattiq cho‘chib ketdi.
— Nima demoqchisiz?
Yoongi oldinga egilib, ko‘zlarini qiznikiga qadadi.
— Men hamma narsani bilaman, Rose. Otang qamoqxona boshlig‘i. Bu ishda uning ham izlari bor. Ammo sen… sen esa uning qizisan. Shunday ekan, qaysi tomondasan?

Rosening bo‘g‘zi quruqlashib, qo‘llari titradi. Birinchi marta o‘zini oddiy amaliyotchi emas, xavfli o‘yin ichidagi piyoda sifatida his qildi.
U jilmayishga urinib, so‘zlarini qat’iy aytdi:
— Men faqat qonunni himoya qilaman. Siz haqingizda qaror chiqaradigan men emasman.

Yoongi uning javobiga kulib qo‘ydi. Bu kulgi sovuq emasdi, unda qandaydir qiziqish, sinov va yashirin samimiyat aralashib ketgandi.
— Qiziq, dedi u sekin. Demak, sen menga ishonmaysan… lekin o‘zing bilmagan holda men haqimda dalillar yig‘yapsan.

Rosening ko‘zlari kattalashdi. Demak, u telefoniga suratlarni tushirib olganini biladimi? Qanday qilib?..
Yoongi jilmayib, qo‘llaridagi kishanlarni stolga sekin urdi.
— O‘ynaymizmi, advokat xonim? Ikki haftamiz bor. Sen haqiqatni topishga urin, men esa sening qanchalik jasur ekaningni ko‘raman…

Rose bir zum jim qoldi. Nigohlar to‘qnashganda, uning ichidan sirli hissiyot o‘tdi: qo‘rquv va qiziqish, dushmanlik va qandaydir tushunarsiz tortilish…

O‘yin boshlandi.