𝑍𝑎𝑛𝑔𝑜𝑟𝑖 𝑘𝑒𝑐ℎ𝑎 𝑠𝑎𝑑𝑜𝑠𝑖
Ko‘prik ustidagi to‘qnashuv shafqatsiz tus oldi. Zangori oyning ilohiy kuchi bilan qurollangan Jungkook Li Kanning o‘nlab askarlarini birin-ketin yer tishlatdi. Uning har bir zarbi havoda zangori olov izlarini qoldirar, Li Kan esa sarosimaga tushib, ortga chekinardi.
Nihoyat, Jungkook Li Kanning qarshisiga yetib keldi. Qilichlar to‘qnashganda, kuchlar teng kelmadi — Jungkookning g‘ayritabiiy kuchi Li Kanning qilichini qo‘lidan uchirib yubordi. Li Kan yerga yiqildi, uning mag‘lubiyati muqarrar edi.
— "Hammasi tugadi, Li Kan," — dedi Jungkook qilichini uning bo‘yniga tirab.
Biroq, yovuzlik hech qachon osonlikcha taslim bo‘lmaydi. Li Kan yerda yotgancha, yeng shimidan yashirin xanjarni chiqarib, o‘z yonida qo‘rquvdan qotib turgan Sanginga tashlandi. U o‘lishini bilsa-da, Jungkookni butunlay yakson qilishni istadi.
— "Men o‘lsam, u ham men bilan ketadi!" — deb baqirdi Li Kan xanjarni Sanginning ko‘ksiga qaratib.
Jungkook buni ko‘rib, vaqtni to‘xtatmoqchidek oldinga talpindi, ammo masofa biroz uzoq edi. Shu lahzada Sangin qochishga urinmadi.
U Jungkookning ko‘zlariga qaradi — uning nigohida qo‘rquv emas, balki cheksiz tinchlik va muhabbat bor edi.
Shartt etgan ovoz eshitildi. Xanjar Sanginning yuragiga sanchildi.
— "YO‘QQQQQ!!!" — Jungkookning faryodi butun borliqni titratib yubordi.
Jungkook bir soniyada Li Kanning boshini tanasidan judo qildi. Ammo endi buning ahamiyati yo‘q edi. U yerga yiqilayotgan Sanginni havoda tutib qoldi.
Sanginning oppoq to‘y ko‘ylagi quyuq qizil qonga bo‘yalayotgan edi. Zangori oy nuri uning so‘nayotgan yuziga tushib, uni yanada oqish va g‘ayritabiiy ko‘rsatardi. Jungkook uni bag‘riga bosib, yig‘lar, uning ko‘zlaridan oqayotgan yosh zangori tusda porlardi.
— "Iltimos, meni tashlab ketmang... Men sizni qutqardim-ku! Oy menga kuch berdi-ku! Nega?!" — Jungkookning ovozi bo‘g‘ziga tiqildi.
Sangin titrayotgan qo‘li bilan Jungkookning yuzidan soldi, uning barmoqlari yigitning yuzidagi qon va yosh aralashgan tomchilarni artdi.
— "Yashang... Jeon Jungkook..." — pichirladi Sangin, uning ovozi so‘nggi bor eshitildi.
— "Men o‘sha daryo tubida... sening qo‘llaringda o‘lgan edim. Bu hayotni menga sen berding... Endi men... ozodman..."
Sanginning ko‘zlari sekin yumildi. Uning qo‘li Jungkookning yuzidan sirg‘alib, yerga tushdi. Saroy chetidagi shamol uning sochlarini oxirgi marta silpib o‘tdi. Malikadan faqat sovuq tana va uning bo‘ynidagi singan marjon qoldi.
𝑆𝑎𝑟𝑘𝑎𝑟𝑑𝑎 𝐽𝑒𝑜𝑛 𝐽𝑢𝑛𝑔𝑘𝑜𝑜𝑘 𝑘𝑢𝑛𝑑𝑎𝑙𝑖𝑔𝑖𝑑𝑎𝑛
"Osmon o‘z nurini o‘chirdi. Zangori oy g‘oyib bo‘ldi, uning o‘rnini abadiy zulmat egalladi. U mening qo‘llarimda jon berdi. Uni qutqargan qo‘llarim bilan endi uning qabriga tuproq tortdim. Menda na taxtga, na tojga, na bu dunyoga qiziqish qoldi. Mening qilichim endi hech kimni himoya qilmaydi, chunki himoya qilishga arziydigan yagona dunyom endi tuproq ostida. Men tirikman, lekin mening ruhim o‘sha kecha, o‘sha ko‘prikda Sangin bilan birga o‘ldi
Sanginning vafotidan so‘ng, imperiyada Sarkarda Jeon Jungkook ismi afsonaga aylandi. U na taxtni qabul qildi, na Li Kandan bo‘shagan oliy unvonlarni. U shunchaki saroyni, odamlarni va qonli urushlarni tark etdi.
Mamlakatda adolatsiz hokimlar, xalqni ezgan zolimlarning tinchi buzildi. Chunki tunda, osmonda oy xiralashgan lahzalarda, o‘sha zolimlarning saroylariga zangori alanga bilan qoplangan, ko‘zlari qorong‘uda zangori tusda yonuvchi bir sharpa bostirib kirar va adolat o‘rnatardi. Xalq uni "Zangori Sharpa" deb atay boshladi.
Ammo hech kim uning kunduzi qayerda bo‘lishini bilmas edi.
Uzoq, hech kim borishga jur’at etolmaydigan noma’lum o‘rmon chetidagi daryo bo‘yida, Sanginning qabri joylashgan edi. Qabr atrofini Jungkook o‘z qo‘llari bilan ekkan oq gullar burkab olgandi. Jungkook o‘sha qabr yonida kichik bir kulba qurib, umrining oxirigacha yashadi.
Har yili 21-iyun kechasi, osmonda Zangori Oy ko‘ringanda, allaqachon sochlari oqargan, yuzlariga ajin tushgan bo‘lsa-da, qaddini tik tutgan sarkarda daryo bo‘yiga tushardi. U qo‘lidagi singan marjon parchasiga qarab, suvning pichirlashida Sanginning ovozini eshitgandek bo‘lardi.
— "Men va’damda turdim, malikam... Seni dunyoning oxirigacha himoya qildim. Endi navbat senga. Qayerda bo‘lsang ham, meni top..." — pichirladi u va oxirgi marta Zangori oy nurida ko‘zlarini yumdi. Uning ruhi nihoyat ozod bo‘lib, o‘z sevgilisining yoniga uchib ketdi.
Asrlar o‘tib. Seul, 2026-yil, 21-iyun.
Shahar ko‘chalariga yozgi iliq yomg‘ir yog‘ar, ko‘chalardagi neon chiroqlari ko‘lmaklarda aks etardi. Milliy muzey binosi ichida esa sukunat hukmron edi. Muzeyning eng chekka zallaridan birida
"Choson davri: Sarkarda va Malikaning fojiasi" deb nomlangan maxsus ko‘rgazma o‘tkazilayotgandi.
Ko‘rgazma markazida, shisha vitrina ortida asrlar bo‘yi saqlangan, qadimiy, ammo go‘zalligini yo‘qotmagan singan marjon bo‘lagi va zangori naqshlar tushirilgan qilich turardi.
Vitrina qarshisida qora kiyingan, uzun sochlarini ortga taragan va chuqur xayolga tolgan bir yigit turardi. Uning ismi Jungkook edi. U nima qilib bo‘lsa ham, har yili aynan shu kuni bu muzeyga kelar, o‘zi ham tushunmaydigan, qalbining tubini tirnayotgan g‘alati bir sog‘inch bilan shu osori-atiqalarga tikilib turardi. Tushlarida ko‘radigan o‘sha daryo, oppoq ko‘ylak va zangori nur unga tinchlik bermasdi.
Shu payt uning yoniga yengil qadamlar bilan bir qiz yaqinlashdi.
U yomg‘irdan ho‘l bo‘lgan soyabonini yig‘ishtirarkan, nigohi shisha ortidagi marjonga tushdi va beixtiyor chuqur xo‘rsinib qo‘ydi.
Jungkook beixtiyor yoniga qaradi va nafasi bo‘g‘ziga tiqildi.
Uning qarshisida tushlaridagi, asrlar oldingi qalbining yagona egasi — Sangin turardi. Qiz zamonaviy kiyimda bo‘lsa-da, uning ko‘zlari, yuz tuzilishi va qiyofasi zarracha o‘zgarmagan edi.
Sangin ham yigitning nigohini his qilib, unga o‘gırildi. Ularning ko‘zlari to‘qnashgan lahzada, tashqarida gumburlagan momoqaldiroq ovozi eshitilgandek bo‘ldi. Ikkalasining ham yuragi xuddi marafondan keyingidek shiddat bilan ura boshladi. Ularning miyasida soniyalar ichida daryoning hayqirig‘i, olov tafti va "Menga ishoning..." degan so‘zlar aks sado berdi.
Sangin ko‘zlariga qalqqan yoshni yashira olmay, sekin pichirladi:
— "Biz... biz qayerdadir uchrashganmiz, to‘g‘rimi?"
Jungkookning yuzida asrlar davomida ilk bor samimiy va baxtli jilmayish paydo bo‘ldi. U qizga bir qadam yaqinlashdi:
— "Ha... Juda uzoq vaqt oldin. Men sizni juda uzoq kutdim, Sangin."
Muzeyning baland oynasidan tashqariga qaralganda, Seul osmonidagi bulutlar tarqalib, yomg‘ir tinar va shaharni g‘ayritabiiy, sehrli va sokin Zangori Oy nuri qoplab borardi. Bu safar oy qurbonlik uchun emas, balki abadiy ayriliqning yakuni va yangi hayotning boshlanishi uchun porlayotgandi.