Today

𝑍𝑎𝑛𝑔𝑜𝑟𝑖 𝑘𝑒𝑐ℎ𝑎 𝑠𝑎𝑑𝑜𝑠𝑖

Seul osmonida suzayotgan Zangori oy go‘yo bu ikki qalbning qayta uchrashuvini qutlayotgandek, shahar chiroqlaridan ham yorqinroq nur socha boshladi. Muzey zolidagi sukunatni faqat ularning bir-biriga bog‘langan hayratli va sokin nafaslari buzar edi.

Sangin Jungkookning unga qarab aytgan so‘zlaridan, o‘z ismini eshitganidan hayratda qoldi. Axir ular hozirgina tanishishdi-ku?

Ammo uning ichki tuyg‘usi, vujudini qoplab olgan g‘alati iliqlik bu yigit unga begona emasligini aytib hayqirardi.

— "Ismimni... qayerdan bilasiz?" — so‘radi Sangin ovozi biroz titrab. Ko‘zlaridagi yosh tomchisi yuzidan sirg‘alib pastga tushdi.

Jungkook bir necha asrlik ayriliq og‘rig‘ini yutib yuborishga qodir bo‘lgan muloyimlik bilan qo‘lini uzatdi va barmoqlarining uchi bilan qizning yuzidagi yoshni artdi. Xuddi o‘sha kecha, ko‘prik ustida Sangin uning yuzidagi qonni artgani kabi...

Bu teginish ikkalasining ham vujudidan elektr toki kabi o‘tib ketdi. Qizning xotiralari zanjiri birdan uzilib, ongida o‘sha qadimiy qasr, daryoning muzdek suvi, to‘y ko‘ylagidagi qon dog‘lari va eng muhimi — uning poyida jon bergan lahzadagi pichirlashi aks sado berdi: “Yashang... Jeon Jungkook...”

— "Jungkook..." — Sanginning lablaridan bu ism xuddi sirlilik pardasini yirtgandek beixtiyor va qat’iy chiqdi. U endi hamma narsani eslagan edi.

— "Bu sen... chindan ham senmi?"

— "Men keldim, Sangin. Va’da berganimdek, dunyoning oxiri bo‘lsa ham seni topdim," — Jungkook uni mahkam bag‘riga bosdi.

Bu safar uning qo‘llarida sovuq va qonga belangan malika emas, balki tirik, nafasi issiq va eng asosiysi — endi hech kim ularni ajrata olmaydigan o‘z sevgilisi bor edi.

Ular muzeydan qo‘l ushishib chiqishganda, Seul ko‘chalarida yomg‘ir butunlay tingan, osmon esa g‘ayritabiiy zangori tusda tovlanardi. Shahar aholisi hayrat bilan osmonga tikilib, suratga tushishar, ijtimoiy tarmoqlar o‘sha noodatiy "Zangori Oy" suratlari bilan to‘lib toshgandi. Ammo bu mo‘jizaning haqiqiy sababchilarini hech kim bilmasdi.

Ular tun bo‘yi shahar bo‘ylab sayr qilishdi. Jungkook unga Choson davridagi o‘sha fojiali tundan keyin nimalar bo‘lganini, qanday qilib o‘sha qabriston yonida umrining oxirigacha uni kutganini so‘zlab berdi. Sangin esa yigitning har bir so‘zini tinglar ekan, o‘tmishdagi azoblar endi uning ruhini qiynamayotganini his qildi. Zangori oy ularga ikkinchi imkoniyatni bergandi.

— "U yerda, o‘sha kecha mendan keyin juda ko‘p azob chekibsan," — dedi Sangin uning kaftlarini mahkamroq siqib. — "Meni qutqaraman deb o‘zingni olovga otding."

— "Seni yana bir bor ko‘rish va bag‘rimga bosish uchun o‘sha azoblarni ming marta qayta boshdan kechirishga ham tayyor edim," — javob berdi Jungkook uning ko‘zlariga tikilib. — "Endi na Li Kan bor, na bizni majburlaydigan shohona tojlar. Biz endi shunchaki o‘zimizmiz."

Ertasi kuni Jungkook o‘zining zamonaviy uyi javonidan eski, sarg‘aygan va chetlari kuygan daftarni oldi. Bu — Choson davridan beri uning ruhi bilan birga sayohat qilib kelayotgan, asrlar davomida bitilgan o‘sha mashhur sarkarda kundaligi edi. U oxirgi, qonli sahifadan keyingi yangi, oppoq varoqni ochdi va ruchkani qo‘liga oldi.

𝑆𝑎𝑟𝑘𝑎𝑟𝑑𝑎 𝐽𝑒𝑜𝑛 𝐽𝑢𝑛𝑔𝑘𝑜𝑜𝑘 𝑘𝑢𝑛𝑑𝑎𝑙𝑖𝑔𝑖𝑑𝑎𝑛 (2026-𝑦𝑖𝑙, 22-𝑖𝑦𝑢𝑛)

"Zulmat chekindi. Asrlar bo‘yi tomirlarimda yongan o‘sha qasos va ayriliq olovi bugun tunda o‘z o‘rnini xotirjamlikka bo‘shatib berdi. Men uni yana topdim. U o‘sha-o‘sha go‘zal, o‘sha-o‘sha mening mard malikam. Zangori oy bizga jazo emas, balki abadiy mukofot ekanini endi tushundim. Qilichim endi muzey vitrinasida qoldi, ammo mening sadoqatim va qalbim endi faqat uning baxtli tabassumini himoya qiladi. Biz yutdik, Sangin. Biz taqdirni yengdik."

Sangin uning ortidan kelib, yelkasiga boshini qo‘ydi va daftarga yozilgan satrlarni o‘qidi. U jilmayib, yigitning qo‘lidan ruchkani oldi-da, sahifaning eng ostiga o‘z qo‘li bilan yozib qo‘ydi:

"Men endi na asiraman, na qochqinman. Men shunchaki unikiman. Va bu safar fojia bizni ajrata olmaydi."

𝑇ℎ𝑒 𝑒𝑛𝑑.....