"Unutmoq osonmas,Sizlarni..."
Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug‘ fazilatlaridan. El-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardog‘idadir. Ana shunday mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatganlarga, jang maydonlarida jonini fido qilgan bobolarimiz, sabr-bardosh bilan katta qiyinchiliklarni yengib o‘tgan nuroniy momolarimizni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, ularga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish mustaqillik yillarida yangicha ma’no-mazmun bilan boyidi.
Bu jihatlar yurtimizda keng nishonlanayotgan “Xotira va qadrlash kuni”ga bag‘ishlangan tadbirlarda, ona diyorimizni, xalqimizning ozodlik va istiqlolini, erkin va farovon hayotini mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi yurtdoshlarimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, hurmat-ehtiromda yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Bugun 9-may – "Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan universitet rahbariyati va kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan madaniy tadbir tashkil etildi hamda bayram dasturxoni tashkil etildi.
Madaniy tadbirda San'atshunoslik va pedagogika fakulteti professor Sh.Olimov rahbarligidagi Pedagogika kafedrasining ahil jamoasi ham faol ishtirok etishdi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni va “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bugungi tinch va osuda kunlarimiz uchun kurashgan, fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, tinchlik-osoyishtalik yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanining yana bir tasdig‘i bo‘ldi. Bularning barchasi aziz yurtimizning aziz duogo‘ylariga bildirilayotgan katta hurmat-e’tibor ramzi bo‘lsa, ikkinchi tomondan ularning doimiy qilayotgan xolis duoi xayrlari yurtimizni va xalqimizni turli balo-ofatlardan saqlashga xizmat qilayotgani, shubhasiz.