February 10

Amaliyotchi-talabalar pedagoglar nazoratida!

Malakaviy amaliyot talabalar kasbiy faoliyatida muhim o'rin tutadi. Ustozlik ostonasida turgan amaliyotchi-talabalar haqiqiy pedagog sifatida aynan maktab quchog'ida shakllanadi.

Mana shunday ezgu niyatlar bilan faoliyat ko'rsatayotgan San'atshunoslik va pedagogika fakulteti Pedagogika kafedrasi professori Sh.Sh.Olimov amaliyot jarayonini o'tayotgan talabalar ishtirokida kafedrada amaliyot konferensiyasini tashkil qildi.

Amaliyot faoliyatiga bag'ishlangan konferensiyada malakaviy amaliyotdagi muhim bo'lgan masalalar ,talab qilinadigan me'yoriy hujjatlar haqida kerakli tavsiyalar berildi. Jumladan, professor Sh.Sh.Olimov malakaviy amaliyot hujjatlarining yuritilishi -dars tahlili, kundalik reja,dars ishlanmalari, tadbir bayonnomalarining yozilish tartibi singari qator me'yoriy hujjatlar haqida o'zining ilmiy maslahatlarini berib o'tdi.

Pedagogika kafedrasining jonkuyar va talabchan pedagogi ,dotsent B.Jo'rayev ham amaliyotchi-talabalar bilan uzoq suhbat qildi. B.Jo'rayev o'z nutqida "Maktab,bog'cha ostonasi- haqiqiy pedagoglarni shakllantirib berishda yagona o'choq. Shunday ekan, amaliyot jarayonlariga mas'uliyat bilan yondashinglar!"- deya e'tirof etdi.

Dekan o'rinbosari M.N.Amonov ham 12 haftadan iborat bo'lgan amaliyot jarayonlarida amaliyotchi-talabalarning vazifalari hamda amaliyot rahbarlarining vazifalari borasida o'zining tavsiyalarini berdi.Shuningdek, talabalarning intizomga qattiq rioya qilishlarini alohida qayd etib o'tdi.

Xullas, amaliyot jarayonlarining tartibi, o'ziga xos qonun-qoidalariga bag'ishlangan amaliyot konferensiyasidan talabalar tegishli xulosalarni olishdi.

Pedagogika kafedrasi