Zulfiya-o'zbek xalqining sevimli shoirasi
Zulfiya Isroilova-o'zbek adabiyotining yorqin namoyondasi. O'zbek ayollarining haqiqiy ma'nodagi timsoli. Shoira she'rlarida o‘zbek ayolining taqdiri muhim o‘rin egallaydi, uning mamlakat hayotidagi faol o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Zulfiya she’riyati tabiatga hamda uning ajralmas qismi va yuqori cho‘qqisi bo‘lmish odamzotga nisbatan hayajonli sevgi bilan burkangan. Uning she’rlarida tabiat och ranglarda, yorqin bo‘yoq va timsollarda gavdalanadi.Zulfiyaning olijanoblik, jasorat, haqqoniy xalq g‘ururi, tabiat va insonga nisbatan samimiy tuyg‘ular va hurmat, boy ranglar va kutilmagan yangi timsollar bilan bajarilgan lirikasi, kitobxon qalbini larzaga keltiradi, insoniyatning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
2025-yil, 25-fevral kuni professor Sh.Sh.Olimov rahbarligidagi Pedagogika kafedrasida shoira Zulfiya Isroilova tavalludining 110 yilligi munosabati bilan "O'zbek xalqining sevimli shoirasi" shiori ostida ma'rifat soati o'tkazildi.
Ma'rifat soati professor Sh.Olimovning nutqi bilan boshlandi: " Biz zamonaviy pedagoglar bugungi yoshlarni she'riyatga oshno qilib tarbiyalashimiz lozim. Zero,she'riyatga oshno yuraklar ijodkor va kreativ g'oyalar muallifi sifatida kamol topadi,"-deya alohida ta'kidladi.
Ma'rifat soatida shoiraning ijodiy faoliyatiga bag'ishlangan taqdimot namoyishi ham bo'lib o'tdi. Kafedarning ma'naviyat ishlari bo'yicha mas'ul xodim Sh.Qurbonova ham Zulfiyaning ijodi va hayot yo'li haqida o'z fikr-mulohazalarini bayon etdi. Shoira ma'naviy merosiga bag'ishlangan ma'rifat soati juda mazmunli tashkil etildi.