April 8

Amir Temurning ma'naviy merosi

Joriy yilning 8-aprel kuni San'atshunoslik va pedagogika fakulteti Pedagogika kafedrasida "Amir Temurning ma'naviy merosi"mavzusida ma'rifat soati o'tkazildi.

Ma'rifat soatini Pedagogika kafedrasi professori Sh.Olimov ochib berdi: Amir Temur - o’zligimizni anglash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug’vor ishlarda xalqimizga ma’naviy kuch bag’ishlab kelayotgan ulug’ siymolardan biridir. Sohibqiron tavallud topgan kun mamlakatimizda har yili ko‘tarinki ruhda keng nishonlanadi. Bugun Amir Temur va temuriylarning milliy davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik va boshqa sohalardagi ulkan merosini o’rganishga qiziqish jahon miqyosida tobora ortib bormoqda. Yurtimiz va xorijda temuriylarning dunyo tsivilizatsiyasi ravnaqiga qo’shgan ulkan hissasiga oid ko’plab badiiy, publitsistik asarlar yaratilmoqda, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Bularning bari Sohibqiron Amir Temur shaxsiyati va uni ulg’aytirgan zamin, tarixiy shart-sharoitga doir yangi-yangi qirralarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda-deb alohida ta'kidladi.

Kafedra dotsenti B.Jo'rayev hamda M.Amonovlar ham ulug' sarkarda haqida o'z fikrlarini bayon etishdi: Amir Temur hayot yo‘li, adolatli davlat boshqaruvi haqida quyidagilarni aytdi: Ildizlari musaffo buloqlardan suv ichgan nihollar yayrab-yashnab ko‘kka bo‘y cho‘zaveradi. Buyuk ajdodlardan meros qadriyatlar qondan qonga o‘tib, avlodlar ziynatida yashayveradi. Bugun ham Sohibqironning mardlik, jasorat, adolat, tadbirkorlik, vatanparvarlikka yo‘g‘rilgan ezgu fazilatlari Prezidentimiz yuritayotgan siyosatda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Adolat kuchda emas, kuch adolatdadir, degan shior Amir Temur saltanatining barcha hududlarida axloqiy-ma’naviy mezonga aylangan. Ulug‘ ajdodimiz o‘z tuzuklarida “...amr etdimki, kimki biron sahroni obod qilsa yoki koriz qursa, yo biron bog’ ko’kartirsa, yoxud biron xarob bo’lib yotgan erni obod qilsa, birinchi yili undan hech nima olmasinlar, ikkinchi yili raiyat o‘z roziligi bilan berganini olsinlar, uchinchi yili (esa oliq-soliq) qonun-qoidasiga muvofiq xiroj yig‘sinlar”, deb yozadi. Ana shunday adolat asosida o‘rnatilgan tartib-taomillar mamlakatda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlagan, odamlarni halol mehnat qilishga, tadbirkorlik, yaratuvchanlik ruhi bilan yashashga undagan.Xullas ,kafedrada o'tkazilgan ma'rifat soati juda mazmunli o'tdi.

Pedagogika kafedrasi