Tajribali pedagoglarning mahorat maktabi yoxud olis hududlararo o'zaro hamkorlik munosabati...
Joriy yilning 6-mart kuni Buxoro davlat universiteti Pedagogika kafedrasi professor-o‘qituvchilari Sh. Sh. Olimov, A. R. Hamroyev, B. T. Jurayev, O. R. Ortiqov, M. N. Amonov va M. J. Yarashovlar Peshko‘ tumani olis hududidagi Jongeldi aholi punktida joylashgan 24- va 25-umumiy o‘rta ta’lim maktablariga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida professor-o‘qituvchilar mazkur maktablarning o‘quv-tarbiya jarayonlari, ta’lim sifati hamda o‘qituvchilarning metodik faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Tajribali pedagoglar dars mashg‘ulotlarini kuzatib, o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishlari, dars jarayonida qo‘llanilayotgan o‘qitish usullari va pedagogik yondashuvlar samaradorligini tahlil etishdi. Xususan, professor Sh.Sh.Olimov sifatli darslarning o'ziga xos talablari ,bugungi zamonaviy pedagoglar kasbiy faoliyatidagi asosiy nuqtalar haqida o'zining ilmiy tavsiyalarini berib o'tdi.
Shuningdek, ushbu maktablarda faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar bilan uchrashuv o‘tkazilib, pedagogik jarayonni samarali tashkil etish hamda boshqaruvning zamonaviy usullari, innovatsion ta’lim texnologiyalari , interfaol metodlarni ta’lim-tarbiya jarayoniga tadbiq etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berib o'tildi. Uchrashuv davomida maktab o‘qituvchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha mutaxassislardan ilmiy maslahatlar olishdi, o'zaro hamkorlik asosida ilg‘or tajribalar almashishdi, zamonaviy pedagogik texnologiyalarning ta'lim jarayonidagi ahamiyati keng muhokama qilindi.
Professor-o‘qituvchilar tomonidan tashkil etilgan mahorat darslarida interfaol usullarni qo‘llash, o‘quvchilarning mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish va ta’lim jarayonida kreativ yondashuvlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, innovatsion o‘qitish metodlari amaliy tarzda namoyish etilib, zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar berib o'tildi. Zero, tajribali pedagoglar tashrifi kelajak avlod kamoloti yo'lida dasturamal bo'lib xizmat qilishi muqarrar.