Valve koorporatsiyasi
Valve Corporation — bu 1996-yilda sobiq Microsoft muhandislari Gabe Newell va Mike Harrington tomonidan tashkil etilgan Amerika kompaniyasi bo‘lib, dastlab o‘yin ishlab chiqish bilan shug‘ullangan. Ular o‘z faoliyatini juda katta muvaffaqiyatga erishgan ilk o‘yini — Half-Life (1998) bilan boshlagan. Bu o‘yin o‘zining ilg‘or grafikasi, syujetga boy ssenariysi va sun’iy intellekti bilan videoo‘yin sanoatida katta shov-shuv ko‘targan va Valve’ni mashhurlikka olib chiqqan.
Half-Life muvaffaqiyatidan so‘ng, kompaniya modifikatsiyalar orqali yangi yo‘nalishlarga yo‘l oldi. Jumladan, Counter-Strike nomli mod (modifikatsiya) dastlab ikki mustaqil dasturchi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, Valve bu loyihani sotib olib, uni rasmiy o‘yin sifatida ommaga taqdim etdi va bu o‘yin multiplayer janrining eng mashhur namunasiga aylandi.
Valve 2000-yillarning boshlarida texnologik jihatdan katta yutuqlarga erishdi. 2004-yilda Half-Life 2 o‘yini chiqarildi, u yangi Source dvigateli yordamida ishlab chiqilgan bo‘lib, fizikani simulyatsiya qilishdagi realizm, atmosfera va tafsilotlarga katta e’tibor bilan ajralib turdi. Shu yillarda kompaniya yana bir nechta muvaffaqiyatli loyihalarni ishlab chiqdi: Team Fortress 2 — o‘zining ko‘p rangli dizayni va jamoaviy mexanikasi bilan mashhur, Portal — aqliy jumboqlarga asoslangan innovatsion o‘yin va Left 4 Dead — ko‘p o‘yinchili zombi-apokalipsis janridagi shooter.
Valve'ning eng katta texnologik yangiliklaridan biri bu 2003-yilda ishga tushirilgan Steam platformasi bo‘ldi. Dastlab o‘z o‘yinlarini onlayn tarzda tarqatish maqsadida tashkil etilgan bu tizim tez orada butun sanoatni o‘zgartirib yubordi. Bugungi kunda Steam dunyodagi eng yirik raqamli o‘yinlar platformasiga aylangan bo‘lib, u yerda millionlab foydalanuvchilar minglab o‘yinlarni xarid qiladi, yangilaydi yoki baham ko‘radi. Steam o‘yinlarni avtomatik yangilash, DRM (Digital Rights Management), onlayn multiplayer, mod qo‘llab-quvvatlash va hamjamiyat funksiyalarini o‘z ichiga oladi. Valve Steam orqali mustaqil ishlab chiquvchilar uchun ham ochiq bozor yaratdi va bu o‘yin sanoatidagi demokratiklashtirish jarayonini boshladi.
2010-yillarga kelib, Valve Dota 2 loyihasiga e’tibor qaratdi. U Defense of the Ancients (DotA) nomli Warcraft III modifikatsiyasiga asoslangan bo‘lib, Valve uning asosiy muallifini ishga oldi va o‘yinni mustaqil mahsulot sifatida ishlab chiqdi. Dota 2 qisqa vaqt ichida eng ommabop e-sport o‘yinlaridan biriga aylandi, shuningdek The International nomli har yili o‘tkaziladigan yirik turniri orqali yirik mukofot fondi va professional o‘yinchilar qatlamini shakllantirdi.
Valve nafaqat o‘yinlar, balki ularni ishlab chiqish va o‘ynash vositalari sohasida ham faol bo‘lib, SteamVR orqali virtual haqiqat (VR) texnologiyalarini rivojlantirishga kirishdi. Index nomli VR qurilmasi bu sohadagi eng ilg‘or echimlardan biri hisoblanadi. 2022-yilda esa kompaniya portativ o‘yin qurilmasi — Steam Deckni taqdim etdi. U kichik o‘lchamli bo‘lishiga qaramay, to‘liq kompyuter o‘yinlarini ishga tushira oladigan kuchli qurilmadir va foydalanuvchilarga Steam kutubxonasidagi istalgan o‘yinni istalgan joyda o‘ynash imkonini beradi.
Valve kompaniyasining ichki boshqaruv tizimi ham noodatiy: u gorizontal (ya’ni rahbarliksiz) tuzilishga ega. Bu degani — ishchilar o‘zlari ustida ishlaydigan loyihalarni mustaqil tanlaydi va bu erkinlik ijodiy jarayonni kuchaytiradi, biroq ayrim holatlarda muayyan loyiha yoki qarorlar kechikishiga sabab bo‘lgan. Bu tizim Half-Life 3 haqida afsonaning tug‘ilishiga ham sabab bo‘ldi — yillar davomida muxlislar undan umid qilgan, biroq Valve bu loyihani hech qachon yakunlamagan.
Valve nafaqat o‘yin yaratgan, balki butun o‘yin industriyasiga o‘zgarish olib kirgan kompaniya bo‘lib, uning Steam orqali raqamli tarqatish, moddifikatsiyalarga asoslangan rivojlanish, e-sport va virtual haqiqat texnologiyalaridagi hissasi juda katta. Shu tariqa, Valve nafaqat mahsulotlari, balki o‘yin sanoatini butunlay yangi yo‘nalishga olib kirgan qarashlari bilan ham muhim ahamiyatga ega kompaniyadir.
Valve kompaniyasiga aloqador qiziq faktlar
Valve hech qachon o‘zining eng mashhur o‘yin seriyalarining "3-chi qismini" chiqarmagan:
- Half-Life 3 yo‘q
- Portal 3 yo‘q
- Left 4 Dead 3 yo‘q
- Team Fortress 3 ham yo‘q
Bu holat fanatlar orasida "Valve 3 ni bilmaydi" degan memlarga sabab bo‘lgan.
Dota 2 turniri — dunyodagi eng katta mukofotli e-sport musobaqasi
The International nomli yillik turnirning mukofot fondi ko‘pincha 40 million dollardan oshadi, bu esa uni boshqa barcha e-sport musobaqalaridan ustun qiladi. Bu pulning katta qismi Dota 2 o‘yinchilari tomonidan xarid qilingan o‘yin ichidagi kosmetik buyumlardan yig‘iladi.
Valve o‘z xodimlariga "g‘ildirakli stollar" beradi
Valve ofisida barcha stollar g‘ildirakli bo‘ladi, shuning uchun xodimlar o‘z ish joylarini osongina ko‘chirib, yangi guruhlar bilan ishlashga o‘tishlari mumkin. Bu ham kompaniyaning erkin va moslashuvchan madaniyatiga misoldir.