October 13, 2023

Qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi yoxud insonga e’tibor kerak

— Keyingi paytlarda ayrim odamlarning boqimanda bo‘lib borayotganligi haqidagi gaplar tez-tez quloqqa chalinib turibdi. Shunday odamlar ham borki, qo‘lini sovuq suvga tekkizmasdan yoki ostona hatlab ko‘chaga chiqmasdan turib biror ehtiyoji, kami-ko‘sti bo‘lsa barchasini davlat, mahalliy hokimlik qilib berishi kerak deb hisoblaydi. Xo‘sh, bu holat qanday yuzaga keldi?

To‘g‘ri, keyingi paytlarda fuqarolar murojaatlariga bo‘lgan e’tibor tubdan o‘zgardi. «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan tamoyil ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Bu jarayonda mutasaddi rahbarlar mahallalarga borib, uyma-uy yurishni, odamlarni qiynayotgan muammoli masalalar bilan qiziqishni boshladi. Haqiqatan ham «qo‘li kalta», kuni o‘tishi uchun biror ishni boshlay olmayotganlar ham aniqlanyapti. Ularga ozgina yordam ko‘rsatilsa, deylik, ishini boshlab olishi uchun imtiyozli kredit yoki subsidiya ajratilsa, qaysidir faoliyat turini boshlashiga turtki berilsa yetarli. O‘z «aravasini tortib» ketayotganlari ham bor. Bunday kishilarga baliq emas, qarmoqni bersangiz bo‘ldi, aslida.

Ammo, davlat idoralarining xalqqa xizmat qilishi asnosida shunday toifa odamlar shakllandiki, ularni ko‘rib yoqa ushlaysiz, xolos. Doimiy ravishda fuqarolar murojaatlari bilan ishlashimizga, viloyat sektor rahbarlarining sayyor qabullarida ishtirok etishimizga to‘g‘ri keladi. Ana shu qabullarga keladigan ayrim kishilarni tanib ham qolganman. Ularni oddiygina qilib «dejurniy» deb qo‘ya qolamiz.

Ana shunday sayyor qabullarning birida viloyatimiz tumanlaridan birida yashovchi ayol «Tuman hokimi menga yordam bermayapti», «Ayollar daftari”ga kiritmayapti. Menda uning qasdi bor», dedi. Sektor rahbari tomonidan holatni xolis o‘rganish va xulosamizni berish tavsiya etildi biz, jurnalistlarga. Oradan bir muddat o‘tib, o‘sha tumanga haqiqiy holatni o‘rganish, ayolning yashash sharoiti bilan tanishish, mahalliy hokimlik tomonidan nega unga yordam ko‘rsatilmayotganligiga aniqlik kiritish maqsadida ijodiy guruh yubordik.

Ma’lum bo‘ldiki, murojaat qiluvchi ayolga bir emas, ikki emas, bir necha marta moddiy yordam ko‘rsatilgan ekan. «Bechora ayol» ikki qavatli namunali loyiha asosida qurilgan yangi binoda yashar, uyining yonida esa u kishiga qarashli bo‘lgan savdo do‘koni ham bor ekan.

Holbuki, bugun qanchadan qancha bemor, yakka-yolg‘iz, davlatning yordamiga haqiqatda ehtiyoji bo‘lgan odamlarimiz bor. Yuqoridagi ayolga o‘xshagan «navbatchi murojaatchi”lar vijdoni uyg‘onib, shu haqda o‘ylab ko‘rsalar, davlat idoralari vakillari esa odamlarni kambag‘allikdan chiqarish, ularga moddiy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlarni amalga oshirishda haqiqiy ehtiyojmandlarni to‘g‘ri tanlasalar yaxshi bo‘lardi.

Ayrim hollarda mas’ullarning o‘z qabuliga kelgan yuqoridagi kabi «shartakilik» qilib, odamlarni e’tiborini tortgan holda uyalmasdan «dod-voy» qiladiganlarga e’tibor qaratib, uni tinchitish maqsadida qo‘ygan talablarini muntazam bajarib kelayotganligi ham «ber-ber» deyishdan to‘ymayotgan «boqimanda”lar sonining ortishiga sabab bo‘layotgandir, ehtimol! Qolaversa, „Qo‘ldan berganga qush to‘ymas“, degan naql bor xalqimizda. Shuning uchun, avvalo, odamlarimizni mehnatga o‘rgatsak, „qora qozon”i har kuni qaynab turishi uchun kasbga yo‘naltirsak, davlat uchun ham, jamiyat uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.

Yana bir jihat. Yuqoridagi fikrlar orqali murojaat bilan keladiganlarning hammasi ham boqimanda bo‘ladi, davlatdan biror narsa undirish ilinjida yuradi, demoqchi emasmiz. Tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, ba’zi hollarda davlat idoralari vakillarining ham fuqarolar murojaatiga e’tiborsiz qarab, ularning murojaatlarini soxta dalolatnomalar tuzgan holda yopib yuborishlari haqida ham eshitib qolamiz. Aslida, kasallik yoki ro‘zg‘ordagi yetishmovchiliklar sabab moddiy ko‘mak yoki imtiyozli davolanish uchun murojaat qiladiganlar ham bor. Ular ming bir istihola bilan, noilojlikdan yordam so‘raydi. Afsuski, mana shunday holatlarda mutasaddilar tomonidan qilingan murojaatning e’tiborsiz qoldirilishi yoki fuqarolarni mujmal va’dalar bilan ortga qaytarilishi ularda davlat idoralariga, mansabdor shaxslarga bo‘lgan ishonchning so‘nishiga olib keladi.

Insonga ko‘p narsa kerak emas, ozgina e’tibor berilsa bas. Hech bo‘lmaganda ularning dardiga sherik bo‘lib, murojaatini tinglash, masalaning yechimi yuzasidan to‘g‘ri tavsiya va yo‘nalish berishning o‘zi ham yetarli bo‘ladi ba’zida.

Jurnalist: Mirzo Ixtiyorov