October 15

Islom Bekov: "O‘zgarishlarga tayyor bo‘lish – bu o‘z ko‘nikma va malakalaringni doimiy ravishda takomillashtirish demak"

Konlarni o‘zlashtirish departamenti boshlig‘i Islom Bekov bilan soha oldida turgan kasb, vazifa va muammolar haqida suhbat.

Geolog bo‘lish – nafaqat ilmni tushunish, balki tabiatning yashirin savollariga javob topishga va yer ostida yashiringan sirlarni ochishga yordam beradigan alohida hissiyotga ega bo‘lish degani.

Islom Ostonovich Bekov, Saneg konlarini o‘zlashtirish departamenti boshlig‘i, mana shinday sirlarni ko‘ra oladigan insonlardan biri. Uning geologiya sohasidagi yo‘li yoshligidayoq boshlangan, u uzoq ekspeditsiyalar va buyuk kashfiyotlar haqidagi kitoblarga berilib ketib, o‘z hayotini shu fanga bag‘ishlashga qat’iy qaror qilgan.

Yildan yilga uning tajribasi va bilimi xuddi vazifalarining ko‘lami singari ortib bordi. O‘zbekiston neft va gazga boy mamlakat, ammo bu xazinalarni topish uchun mahorat kerak. U kelajakni, O‘zbekistonning neft va gazi taraqqiyot dvigateliga, uning jamoasi esa ushbu transformatsiyaning asosiy o‘yinchisiga aylanishini ko‘ra oldi. U geologiya shunchaki fangina emas, balki san’at ekanini, yashiringan sirlarni ko‘rish va kelajakni oldindan bilish san’ati ekanligini yaxshi tushunardi.

Islom Ostonovichning hayoti O‘zbekiston neft-gaz sanoati tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Uning yo‘li 1977-yilda Toshkent Politexnika instituti talabalari safiga kirib, yer ostida yashiringan sirlarni ochishni orzu qila boshlagan paytidan boshlangan.

Institutni tugatgach, u "Muborakneftgaz" kompaniyasida ishlashni boshladi va u yerda kasb pog‘onasining barcha bosqichlarini - texnik-geologdan tortib, neft va gaz konlarini o‘zlashtirish bo‘limi boshlig‘igacha bo‘lgan bosqichlarni bosib o‘tdi. Har bir ekspeditsiya, har bir kashfiyot uning mehnati natijasi va xarakteri, g‘ayrat-shijoati, temir irodasi va geologiyaga bo‘lgan chuqur muhabbatining in’ikosiga aylandi.

2020-yilda u Saneg jamoasiga qo‘shilib, Geologiya va GQI bo‘limi boshlig‘i bo‘ldi, 2023-yilda esa konlarni qazib olish departamentiga rahbarlik qildi. Uning rahbarligi ostida departament faol rivojlanishda davom etib, yangi cho‘qqilarga erishmoqda.

Bu yil Islom Ostonovich "Nuroniy" jamg‘armasining I darajali "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoniga – ko‘p yillik halol mehnati uchun yuksak mukofotga sazovor bo‘ldi. Uning mehnat faoliyati ishga sadoqat va professionallik namunasi bo‘lib, ilhomlantiradi va rag‘batlantiradi. Yana... u juda kamtarin inson!

Ma’lumot

"Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni bilan iqtisodiyotning turli tarmoqlari, ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalardagi ko‘p yillik halol va samarali mehnati uchun pensiya yoshidagi vatandoshlarimiz taqdirlanadi.

Islom Ostonovich, yana qanday mukofotlaringiz bor va nima uchun berilgan ?

Sohadagi eng yaxshi ratsionalizator - menda 60 ta ratsionalizatorlik taklifi va ixtiroga patent bor. "Mustaqillikning 10 yilligi" va "Mustaqillikning 15 yilligi" ko‘krak nishonlari: jamoada hurmat, ishlab chiqarishdagi ilg‘orlik, ko‘p yillik xizmatlar uchun, yosh kadrlar tayyorlash va boshqa mezonlar bo‘yicha berilgan.

– Faoliyatingizni qanday boshlagansiz va neft-gaz sohasiga qanday kirib kelgansiz?

Men Toshkent viloyatida tug‘ilganman, lekin ota-onam gazchilar sanoat markazi Muborakdan. Bu shaharda sohaning eng yirik korxonalari joylashgan, mana shu mening kasb tanlashimga ta’sir qildi.

Keyinchalik Toshkent politexnika institutini "Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi" mutaxassisligi bo‘yicha tamomlaganman. Meni Muborak viloyatiga tayinlashdi, u yerda neft-gaz qidiruv ekspeditsiyasi va sohaning boshqa muhim korxonalari bor edi.

Bolaligingizda kim bo‘lishni orzu qilgansiz?

Qiziq, yoshim ulg‘aygan sari intilishlarim qanday o‘zgarib bordi. Avvaliga Ulug‘ Vatan urushi haqidagi filmlarga qiziqib, uchuvchi, askar yoki razvedkachi bo‘lishni orzu qilardim. Keyinchalik akamning shifokorlik kasbidan ilhomlanib, shifokor bo‘lishni xohladim.

Maktabni tugatgach, kasb tanlashga bir qarorga keldim. Qandaydir ma’noda yerosti razvedkachisiga aylandim. Hozir o‘ylab qarasam, yuqorida men sanab o‘tgan kasblarni bir umumiylik - Vatanga va xalqqa xizmat qilish birlashtirib turishini tushunaman.

– Siz biror marta kasbingizni o‘zgartirmoqchi bo‘lganmisiz?

Hayotda har xil vaziyatlar bo‘ladi va tanlangan kasb ko‘pincha uzoq vaqt oiladan uzoqda bo‘lish va muhim voqealarni o‘tkazib yuborish kabi qurbonlarni talab qiladi. Bu qiyinchiliklarga qaramay bola tug‘ilishi bo‘ladimi, bayramlarmi yoki birgalikda nishonlashning iloji bo‘lmaydigan oilaviy tadbirlarmi baribir tanlovimning to‘g‘riligiga bir daqiqa ham shubha qilmadim.

– Qaysi mehnat vazifasi yoki loyihasi ayniqsa murakkab bo‘lgan?

Ko‘kdumaloq konini o‘zlashtirish faoliyatimdagi eng muhim loyihalardan biri bo‘ldi. Bu kon 90-yillar boshida O‘zbekistonning energetika mustaqilligini ta’minlashda muhim rol o‘ynadi. Mening jamoam ushbu noyob konni o‘zlashtirishning boshida turgan. Konni o‘zlashtirishning jadal sur’atlari Buxoro neft va gazni qayta ishlash zavodi qurilishiga asos bo‘ldi.

– Sanegdagi ishingiz haqida gapirib bersangiz? Bizning konlarimiz nimasi bilan ajralib turadi?

Saneg‘da ishlash - bu qiziqarli vazifalar, ahil muhit va professionallar jamoasi, shu jumladan, ko‘plab yosh va g‘ayratli mutaxassislar. Bizning konlarimiz asosiy aktiv bo‘lib, ular allaqachon foydalanilayotgan hamda istiqbolli, keyingi o‘rganish va baholashni talab qiladiganlar turlarga bo‘linadi.

Kompaniyaning kuchli tomonlari, birinchi navbatda, jips jamoa, rivojlangan infratuzilma hamda rahbariyatning qo‘llab-quvvatlashidir. Ha, konlarning bir qismi allaqachon o‘z salohiyatini tugatgan, uskunalar esa yangilanishni talab qiladi, ammo bu to‘siq bo‘la olmaydi. Ekspertlar jamoasi ushbu muammolarni hal qilish va kompaniyani oldinga siljitish uchun doimiy ravishda noyob yechimlarni izlamoqda va joriy qilyapti.

– Professional faoliyatingiz davomida sohadagi o‘zgarishlarga qanday moslashdingiz? Qanday trend va tendensiyalarni kuzatdingiz?

O‘zgarishlarga tayyor bo‘lish - bu "to‘lqin o‘rkachida" turib, o‘z ko‘nikma va malakalaringizni doimiy ravishda takomillashtirishni anglatadi. Muvaffaqiyatli moslashish uchun yangi ish qurollari va usullarini o‘rganishga tayyor bo‘lish, shuningdek, innovatsiyalarga ochiq bo‘lish zarur.

Menimcha, eng ko‘zga ko‘ringan tendensiyalardan biri bu sohani avtomatlashtirishdir. Men o‘z kasbimni boshlaganimda biz hamma narsani qo‘lda qilardik. Hozir men sun’iy intellektni o‘zlashtiryapman va uning sohamizdagi imkoniyatlarini o‘rganyapman.

Bu shunchaki moda trendi emas, balki texnologiyalarning jadal rivojlanishi va bozor ehtiyojlarining o‘zgarishi bilan bog‘liq zaruratdir. Avtomatlashtirish jarayonlarning samaradorligini oshirish va xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi.

– Kelgusi besh yilda neft-gaz sohasining kelajagi nima bilan belgilanadi?

Yaqin 5 yil haqida gapiradigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, tubdan o‘zgarish bo‘lmaydi, biz hali an’anaviy energiya manbalaridan voz kechib, qayta tiklanadigan energiya yo‘nalishiga o‘tmaymiz.

– Kelajakda qanday rejalaringiz va maqsadlaringiz bor? Yaqin yillarda kompaniyaning rivojlanishi va undagi rolingizni qanday ko‘rasiz?

Konlarni o‘zlashtirish yo‘nalishida bundan buyon ham ishlashni va o‘z tajribamni yosh mutaxassislarga yetkazishni rejalashtirganman.

Bizning departamentimiz neft va gaz qazib olish bilan shug‘ullanadi. Yaqin istiqbolda – eski konlarni optimallashtirish, yangilarini tadqiq qilish va qidirish orqali qazib olishni ko‘paytirish. Men uchun juda qiziqarli mavzu – bu qazib olish va razvedkaning zamonaviy, innovatsion usullarini qo‘llash – men bular bilan yaqin kelajakda shug‘ullanishni rejalashtirmoqdaman.

– Kompaniyada qo‘llash mumkin bo‘lgan eng dolzarb innovatsion qazib olish usuli haqida so‘zlab bersangiz.

Kompaniyamizda asosiy konlar zaxiralari yuqori darajada qazib olingan, ya’ni "eski", biz uchun neft berish koeffitsiyentini oshirish, uglevodorodlar oqimini jadallashtirishning individual usullarini, qatlamlarni "avaylab" ochish usullarini qo‘llash hamda past anomal qatlam bosimi sharoitida quduqlarni o‘zlashtirish dolzarb hisoblanadi. Ishlanmalari allaqachon mavjud va muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda.

Kompaniyamiz investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini olib bormoqda. Natijada To‘rtquduq, Sayozjar, Jumael kabi qator konlar ochildi.

– Sizning kasbingizda qanday shaxsiy xususiyat yoki sifat yordam beradi?

O‘ylaymanki, mening qat’iyatim va ishchanlik qobiliyatim. Va yana jamoa tuzish qobiliyati, chunki mening ikkinchi mutaxassisligim - sanoat ishlab chiqarishini tashkil qilish. Bizning sohamizdagi muvaffaqiyat ko‘p jihatdan birdam jamoa bo‘lib ishlashga bog‘liq. Men turli vazifalar uchun ko‘plab jamoalarni yig‘dim, masalan, “Muborakneftgaz”da ishlaganimda birinchi ekologiya bo‘limini tashkil qildim va uning rahbari bo‘ldim. “Ko‘kdumaloq”ni ishlab chiqishda ham shoshilinch ravishda jamoani yig‘ishga to‘g‘ri keldi, bizga loyihani amalga oshirish uchun juda qisqa muddat berildi.

– Xodimlardan birinchi navbatda nimani talab qilasiz? Nima uchun bu Siz uchun muhim?

Xodim quyidagi mezonlarga javob berishi kerak – kompaniyaga sodiqligi, kasbiy sifatlari, jamoa bo‘lib ishlash, jamoa bilan o‘zaro hamkorlik qilish. Bular mening prinsiplarimga mos keladi.

– Kasb borasida muvaffaqiyatga intilayotgan hamkasblaringiz va yangi xodimlarga nima maslahat bera olasiz?

Uzluksiz ta’lim olish va o‘z-o‘zini rivojlantirish muhim. Kasb sohasida talabgir bo‘lib qolish uchun yangiliklarga qiziqishni saqlab qolish va yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish kerak. Jamoa bo‘lib ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish ham muhim ahamiyatga ega, chunki samarali hamkorlik va hamkasblar bilan o‘zaro ta’sir bizning sohamizda asosiy rol o‘ynaydi. Bizning dunyomiz tez o‘zgarmoqda va bu fazilatlar o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashishga yordam beradi.