April 8, 2020

BIZ KIM TEMUR AVLODLARI

Sohibqiron Amir Temur kim?

Bu shaxs to'liq ismi Amir Temur ibn Amir Tarag'ay ibn Amir Burkul bo'lib barlos urug'idan bo'lgan Amir Tarag'ayning o'g'lidir.

Qachon qayerda dunyoga kelgan?

Sohibqiron 1336-yil 9-aprel kuni Movarounnahrda (bu nom arablar bosqinidan keyin qo'yilgan bo'lib, ma'nosi "daryoning narigi tomoni" degan ma'noni beradi. Bu yerda asosan Amudaryo tushuniladi.) Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahri yaqinida Xo'jailg’or (hozirgi Yakkabog') qishlog'ida tug'ilgan.

Nima uchun ayrim yevropa adabiyotlarida "Temurlan" nomlari bilan ta'riflangan?

Amir Temur "Temurlan" nomi bilan ta'riflanishiga sabab 1362-yil Seistonda bo'lgan jangda o'ng kifti va o'ng oyog'idan jarohat olib bir umrga oqsoqlanib qolgan.

Sohibqiron yoshligi qanday siyosiy vaziyatlarga to'g'ri keldi?

Bu vaqtda Movarounnahr siyosiy tarqoqlikka kirib 10 ga yaqin mustaqil beklikarga bo'linib ketgan edi.

Sohibqiron qanday qilib siyosat maydoniga keldi?

Yoshligidan tirishqoq, aql-zakovatli va qo'rqmas jasur bo'lgan, Amir Temur yoshlik paytidan do'stlari bilan birga jang qilish turli tulporlarni choptirish kabi harbiy o'yinlar bilan voyaga yetadi va mohir sarkarda bo'lib yetishadi.

Nima uchun Amir Temurga buyuk davlat arbobo, mohir sarkarda, markazlashgan davlat asoschisi deb ta'rif berishadi?

Buyuk davlat arbobi deyilishiga sabab shundaki hukumronlik davri oralig'ida faqat harbiy yurishlar bilan chegaralanmasdan katta bunyodkorlik, qurilish ishlarini amalga oshirdi. Samarqandning markaz sifatidagi nufuzini oshirdi. Mo'g'ullar davrida vayronaga aylantirilgan shaharlarni qayta qurdi. Quruvchilik bilan bir qatorda ilmi toliblarni ilm olishlari uchun sharoitlar yaratib ilm-fanga homiylik qildi. Madrasalar, masjidlar qurdirdi. Islom diniga hurmati balandligi bois shariat qonun qoidalarining masjid-madrasalarda o'qitilishi uchun sharoitlar yaratib berdi.

Mohir sarkarda deyilishiga sabab qo'shinni o'ntalik harbiy qismlardan iborat bo'linmalarga bo'lib boshqargan. Qoshindagi tartib-intizomga qat'iy rioya qilingan. Eng asosiysi qo'shinni yetti qismga bo'lib joylashtirish tartibini birinchi bo'lib Sohibqiron Amir Temur joriy qilgan. Bu qismlar faqat Sohibqiron buyrug'iga bo'ysungan. Qo'shin tuzilishida birinchi xabarchilar, keyin ular orqasidan yasovul bo'linmasi, ya'ni soqchilar. Asosiy qism oldidan manglay (avangard) bo'linmasi va shu ikki qism orasida hukmdor qarorgohi bo'lgan. Asosiy jangovar qismlar markaz, o'ng (burong'or) va so'l (juvong'or) qanotlardan iborat bo'lgan. Har bir qanot oldida bittadan qo'shimcha manglay qismlar va yon tomonida bittadan qo'riqchi askariy (qanbullar) qo'shilmalar bo'lgan.

Markazlashgan davlat asoschisi deyilishiga sabab XIV asr 50-60 yillarida 10 ga yaqin bekliklarga bo'linib ketgan Movarounnahr va Xurosonni bir bayroq ostida birlashtirdi va 1370-yil 10-aprel kuni markazi Samarqand bo'lgan Temuriylar saltanatiga asos soldi.

Nima uchun Amir Temur yevropa xalqlari xaloskori?

Sohibqiron yevropa xalqlari oldidagi xizmatlari avvola rus xalqarini Oltin O'rda xoni To'xtamishxon tazyiqidan va g'arbiy yevropani Usmonli Turklar sultoni Boyazid Yildirim tazyiqidan saqlab qoldi.

"Temur tuzuklari"

Sohibqiron Amir Temurning hayotiy tajribalari asosida to'ldirib borilgan davlatni idora qilishga bag'ishlangan asardir. Bunda Amir Temur davlat tizimi, davlatdagi turli lavozimlarning vazifasi, undagi turli toifalar va ularga munosabat, davlatni boshqarishga asos bo'lgan qoidalar, qo'shinlarning tuzilishi, tartibi, uni boshqarish, ta'minlash, rag'batlantirish, qo'shin turlarining tutgan o'rni va o'zaro munosabati kabi masalalar bayon etiladi. Davlat ishlarini har doim islom va shariat hukmlari asosida olib borilganligi bir necha bor ta'kidlanadi. "Saltanatim martabasini, - deb ta'kidlaydi Amir Temur, - qonun-qoidalar asosida shunday saqladimki, saltanatim ishlariga aralashib, ziyon yetkazishga hech bir kimsaning qurbi yetmasdi".

Yakunida xulosa qilib aytish mumkinki bu buyuk insonni xalq, davlat manfaati yo'lida qilgan ezgu ishlarini yoritishga qalam ojiz. Chunki bu inson har tomonlama xalqni ongli, bilimli va tadbirkor bo'lishga, har bir insonning o'ziga ishonch hissini uyg'otishga va maqsad yo'lida o'z kuchi bilan insonni qanday ezgu amaliy ishlarni amalga oshira olishini isbotlab bera olgan shaxs deb atasak mubolag'a bo'lmas. Bugun biz yoshlar albatta bu buyuk ajdodimiz bilan faxrlansak arziydi, nafaqat faxrlanish bu kabi buyuk ajdodlarimizga yarasha tirishqoq, intiluvchan bo'lishimiz vatan, xalq va ushbu ajdodlarimiz oldidagi ma'suliyatni bajarish har birimiz uchun ham farz ham qarzdir.

"BIZ KIM TEMUR AVLODLARI" mavzusida blogpostlar tanlovi uchun.

Odilov Sanjarbek Omonboy o'g'li, kompyuter injiniringi fakulteti, 4-kurs, 973569700.