March 16, 2023

RESPUBLIKA IJRO ETUVCHI HOKIMIYAT ORGANLARI FAOLIYATINI SAMARALI YO‘LGA QO‘YISHGA DOIR BIRINCHI NAVBATDAGI TASHKILIY CHORA-TADBIRLARI HAQIDA NIMALARNI BILASIZ? 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga ko`ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-269-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil qilishga yo‘naltirilgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni belgilash maqsadida: Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar (keyingi o‘rinlarda — vazirlik va idoralar) hamda ular hududiy va tuman (shahar) bo‘linmalarining Davlat budjeti hamda budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan jami boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 1-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Vazirlik va idoralar tizimida jami 17 447 ta shtat birliklari qisqartirilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha boshqaruv shtat birliklarini kiritish qat’iyan taqiqlandi.

2. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalarning yagona ro‘yxati hamda ularning to‘liq (rasmiy) va qisqartma nomlari 2 va 2a-ilovalarga muvofiq tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 9-dekabrdagi “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-3358-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

3. Vazirlik va idoralar rahbarlari uch hafta muddatda har bir vazirlik va idora faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkillashtirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjati loyihasini kiritsin. Bunda, quyidagilar nazarda tutilsin:

vazirlik va idoralarning aniq asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilash, qabul qilingan rivojlantirish dasturlari, strategiyalar va konsepsiyalarni amalga oshirish;

sohalarda hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga yechim topishga yo‘naltirilgan tashkiliy-huquqiy va moliyaviy chora-tadbirlar, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolarning tizimli muammolarini hal etish;

budjet mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanish, davlat xaridlari shaffofligini oshirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun teng imkoniyatlar yaratish orqali davlat xaridlari jarayonida raqobatni rivojlantirish;

energiyani tejash, uning samaradorligini oshirish va sohaga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng jalb qilish;

tegishli sohalarda davlat-xususiy sheriklik va autsorsing mexanizmlarini keng joriy qilish, 2023-yildan boshlab vazirlik va idoralar hamda ularning tizim tashkilotlarining ayrim funksiyalarini bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish;

litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlash. Bunda, litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjat talab etiladigan faoliyat turi, ularni berish uchun talab etiladigan hujjatlar soni, xizmat ko‘rsatish vaqti hamda ularni berish uchun to‘lovlar (yig‘imlar) miqdorini kamaytirish;

tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish (ularga xizmat ko‘rsatish, davlat tomonidan subsidiya taqdim etish, imtiyoz berish va boshqacha tartibda qo‘llab-quvvatlash) hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish;

sohani rivojlantirish dasturlari uchun jalb qilinadigan grant va texnik ko‘mak mablag‘larining prognozi hamda uning aniq yo‘nalishlarini belgilash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish guruhlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish;

vazirlik va idoralar tizimidagi davlat unitar korxonalari (muassasalari), mas’uliyati cheklangan jamiyatlar hamda davlat ulushi bo‘yicha aksiyalar paketi boshqaruviga berilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, ulardagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha taklif tayyorlash;

vazirlik va idoralar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar tomonidan nazorat funksiyalarini “xavfni tahlil etish” tizimi natijalari asosida amalga oshirish tartibini takomillashtirish, shuningdek, ularni muvofiqlashtirish va nazorat funksiyalarini maqbullashtirish;

vazirlik va idoralar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari va aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning modelini takomillashtirish;

vazirlik va idoralarda hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar kesimida korrupsiya avj olgan sohalarda uning rivojlanish sabablari va shartlarini o‘rganish asosida ushbu sohalarning har biriga “tashxis qo‘yish” hamda korrupsiya omillarini bartaraf etish;

sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shu jumladan vazirlik va idoralarning ish jarayonini raqamlashtirish;

sohada faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning kasbiy mahorati va mas’uliyatini oshirish, tizim tashkilotlariga tashabbuskor, fidoyi, sadoqatli, o‘z ustida doimiy ishlaydigan kadrlarni jalb qilish hamda ularning salohiyatini doimiy ravishda oshirib borish;

vazirlik va idoralarning tashkiliy tuzilmalarini tasdiqlash, ular tarkibiga kiritilgan muassasalarning faoliyatini takomillashtirish;

qonunchilik hujjatlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir-biriga muvofiqlashtirish.

Jarqo`rg`on tumani Adliya bo`limi

YXKM bosh yuriskonsulti: Nazarov Ruzi Turayevich