bandlik_maqola
October 18, 2021

Rahbarlar o‘zaro tajriba almashdi

Aholi bandligiga ko‘maklashishda ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yana-da yaxshilash maqsadida Narpay tumanida amaliy seminar o‘tkazildi. Seminarda Samarqand viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov, Bosh boshqarmaning bo‘lim boshliqlari hamda barcha tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari rahbarlari ishtirok etdi.

Narpay tumanida yil boshidan buyon aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga 2852 nafar fuqaro ish so‘rab murojaat qilgan. Ularning 1688 nafari ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 841 nafari jamoat ishiga jalb qilingan, 66 nafariga subsidiya ajratilgan, 577 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlangan.

Narpay tumani (ABKM) direktor E.Toshbotirov seminarni tuman(ABKM) binosi hamda xodimlarga yaratilgan mehnat sharoitlari bilan tanishtirishdan boshladi.

Markaz binosining tashqi ko'rinishi, markaz xodimlari hamda aholi uchun qulay sharoitlar yaratilganligini ko'zdan kechirgan rahbarlar yo'l qo'yilgan kamchiliklarni ham aytib o'tishdi

Narpay tumanida bugungi kunda 313 ta bo‘sh ish o‘rni bor. Markazlarga murojaat qilganlarga, avvalo ish taklif qilinadi. Agar murojaatchining mutaxassisligiga oid ish bo‘lmasa, kasb o‘rganishga yo‘naltiriladi. Murojaatchi kasbga o‘qishni istamasa, jamoat ishlariga jalb etiladi.

- Biz uchala holatda ham fuqaroga yordam berolmasak, unga ishsizlik nafaqasi tayinlaymiz, - deydi E.Toshbotirov. - Ishsizlik nafaqasi 560 mingdan 747 ming so‘mgacha bo‘lib, ishsiz fuqaroga 6 oygacha tayinlanadi. Olti oygacha u ishga joylashsa, ishsizlik nafaqasi to‘xtatiladi. Shuningdek, kasb-hunarga o‘qitish markazlarida tahsil olayotgan fuqarolarning ishsizlik maqomi berilganlariga nafaqa puli to‘xtatilib, stipendiya beriladi. Boshqa holatlar uchun, masalan, “Ayollar”, “Yoshlar”, “Temir” daftarda turganlarga stipendiya berilmasligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

Shu bilan birgalikda Bosh boshqarma bo‘lim boshliqlari sohada samarali hamda tizimli ishni yo‘lga qo‘yish va amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida taqdimotlari bilan ishtirok etishdi.

Seminarda ishtirok etgan viloyat bandlik bosh boshqarmasi bo‘lim boshliqlari, tumanlarning aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktorlari sohadagi kamchiliklar, muammolar o‘rtaga tashlandi.

Soha mutaxassislari va markaz rahbarlari tomonidan muammolarning yechimiga takliflar berildi.

Masalan, yosh onalarga bola uchun nafaqa tayinlashda ishsiz, degan maʼlumotnoma kerak ekan. Har bir yosh ona ishsiz deb bazaga kiritilsa, ishsizlik darajasi oshib ketar ekan. Shu kabi nozik va ayni paytda yechimini kutayotgan muammolar muhokama etildi.

Seminar so‘ngida tumanda joriy yilning mart oyida kooperativ asosida ish boshlagan tikuv sexi faoliyati bilan tanishtirildi.

- Bir kunda 45-50 ming so‘m pul topaman, - dedi sex tikuvchisi Latofat Salimova. - Uch nafar farzandim bor, ishimdan mamnunman. Ishimiz ertalab soat 9:00 dan kechki 17:00 gacha. Bizdan keyin kechki smena qizlari kelib ishlaydi. Buyurtmalarimiz rosa ko‘p. Ayni vaqtda qishki kurtkalar tikyapmiz.

Seminar yakunida tizimda bu kabi seminarlarni davomli tashkil etishga kelishib olindi.

Samarqand viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Sarvinoz Tursunova