November 18, 2021

Nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda ayollarning moliyaviy va kompyuter savodxonligi oshirilmoqda

Ma’lumki, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, salomatligini mustahkamlash va eng muhimi, tadbirkorlik uchun bilimlarini mustahkamlash hozirgi kundagi muhim yo‘nalishlardandir. Ushbu yo'nalishda Andijon viloyat adliya boshqarmasi viloyat hududida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlik tadbirlarini amalga oshirmoqda.

Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan davlat ro'yxatidan o'tkazilgan O'zbekiston "Agrar soha ayollari" uyushmasi Andijon viloyat bo'linmasi "Andijon tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarning moliyaviy va kompyuter savodxonligiga ko'maklashish" loyihasini amalga oshirish uchun Markaziy Osiyo Yevraziya fondi tomonidan ajratilgan grant mablag'lari g'olibi bo'lgan.

Viloyat adliya boshqarmasi bilan pul mablag'larini qabul qilib olish yuzasidan belgilangan tartibda kelishilib, mazkur mablag'lar nodavlat notijorat tashkilotining hisob raqamiga kelib tushgan.

Ijtimoiy loyiha doirasida Andijon tuman, Oyjamol mahalla fuqarolar yig'inida istiqomat qiluvchi 20 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar tanlab olinib, ayollarning moliyaviy va kompyuter savodxonligini oshirish yuzasidan bepul o'quv kurslari tashkil qilindi.

Joriy yilning 17-noyabr kuni rejalashtirilgan o'quv kurslari o'z nihoyasiga yetkazilib, kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan ayollarga maxsus sertifikatlar topshirildi.

Yig‘ilishida so‘zga chiqqanlar ushbu loyiha ayollarga tadbirkorni yo'lga qo'yishi uchun juda foydali bo'lganligini hamda xotin-qizlar tadbirkorligini yanada rivojlantirish va bu boradagi qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solishga doir rejalarda samarali foydalanishni e’tirof etdilar.

Andijon viloyat adliya boshqarmasi