August 1

SOʻNGGI YOʻL 🌙

2-epizod

By: Ayaka

Qaytish yo‘li yo‘q 🚍

Avtobus eshiklari ochilib, zulmatga yo‘l ochgandek lang ochiq turardi.

Tashqarida qorong‘u, go‘yo tirik mavjudotdek shivirlayotgan o‘rmon. Yo‘l chetida esa zang bosgan, vaqt hukmidan chirigan eski belgi ko‘zga tashlanardi:

“QAYTISH YO‘LI YO‘Q.”

O‘sha qonrang yozuvga uzoq, ko‘z uzolmay tikilib qoldim. Tomog‘imga achchiq bir narsa tiqildi. Balki ko‘zlarim meni aldayotgandir? Balki tun bo‘yi davom etgan charchoq sabab oddiy narsalarni ham dahshatli tushdek ko‘rayotgandirman?

Biroq muzdek sovuq shamol yuzimga urilib, terimni chimchilab olganda, bularning barchasi mudhish bir haqiqat ekanini angladim. Yuragim ko‘kragimga urilib, tezroq ura boshladi.

— Bu qayer?

Javob kutib, titrayotgan ovozim bilan haydovchi tomonga yuzlandim.

U hanuz rul oldida qotib o‘tirardi. Qo‘llari qimirlamas, nigohi esa o‘lik simobdek oldingi oynaga qadalgan. Undan tiriklik alomati sezilmasdi.

— Meni uyga olib boring... iltimos.

Vahimali sukunat. Avtobus ichidagi motor ovozi ham o‘chgandek edi.

— Eshityapsizmi?!

Haydovchi qora charm qo‘lqop kiygan barmoqlari bilan rul ustida sekin, g‘ijirlab harakatlandi.

— Uy? — u boshini burmadi, ammo ovozi xuddi qabrdan chiqayotgandek past va g‘o‘ldirab eshitildi. — Sen qaysi uyni nazarda tutyapsan?

Bu savol qonimni muzlatib yubordi. Nafas olishim qiyinlashdi.

— O‘zim yashaydigan uyni! Men 27-avtobusga chiqishim kerak edi... Bu yerda nima qilyapman?

Haydovchi bo‘ynini g‘alati bir burchakka egdi, suyaklarining qarsillashi qulog‘imga chalindi.

— 27-avtobus bu yo‘ldan yurmaydi. Bu yo‘lga adashganlar keladi.

— Unda ortga qaytaring! Men tushib qolaman!

— Qaytish... — u bir lahza jim qoldi, so‘ng chuqur xo‘rsindi: — Qaytish yo‘li yo‘q.

Shu lahzada avtobus eshiklari dahshatli qarsillash bilan yopildi. Shisha oynalar zirillav ketdi. Avtobus yana o‘sha sirli yo‘nalishda harakatga tushdi.

Men o‘rnimdan turib, oldinga, haydovchining yoqasidan bo‘g‘ish uchun yurmoqchi bo‘ldim. Ammo oyoqlarim xuddi yerga mixlangandek, qo‘rg‘oshindek og‘irlashib qoldi. Butun tanamga og‘riq kirdi. Zo‘rg‘a bir qadam tashladim. Keyin yana bir qadam...

Avtobus ichidagi havo soniyalar sayin sovuqlashib, og‘izdan chiqqan nafas oq bug‘ga aylanardi. Shunda deraza yonida, zulmat bag‘rida o‘tirgan qiz sekin boshini ko‘tardi.

Uning yuzini nihoyat chiroq nurlarida ko‘rdim. Tomirlarimda qon to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Oppoq, o‘likdek rangpar teri. Uzun, tungi zulmatdan ham qoraroq sochlar. Va ko‘zlari... Uning ko‘z oqi yoq edi, butunlay tim qora tubsizlik menga tikilib turardi.

— Siz... kimsiz? — orqaga tislanib, o‘rindiq suyanchig‘iga urildim.

Qiz menga qarab sirli qiyofada jilmaydi. Uning lablarida paydo bo‘lgan mayin tabassum odamni battar vahimaga solardi.

— Men seni kutdim, — uning ovozi xuddi miyamning ichida jaranglagandek bo‘ldi.

— Meni? Biz tanishmizmi?

— Juda uzoq kutdim. Asrlar davomida...

Uning ingichka, oppoq barmoqlari orasida kichkina kumush kalit bor edi. Kalitga vaqt o‘tishi bilan sarg‘aygan, chetlari kuygan eski qog‘oz bog‘langan. Qiz uni menga uzatdi.

Men unga yaqinlashishga botinolmadim.

— Bu nima? Meni tinch qo‘ying!

— Sening kaliting. Sen yo‘qotgan taqdir eshigi.

— Men buni ilgari hech qachon ko‘rmaganman! Aljirashni bas qiling!

Qizning yuzidagi o‘sha mayin tabassum birdan g‘oyib bo‘ldi. Nigohi sovuqlashdi.

— Sen shunchaki ko‘rganingni unutgansan. Xotirang seni sotib ketgan.

Avtobus ichidagi chiroqlar qisqa tutashuvdek miltillab, yana butunlay o‘chdi. Bir lahza hamma narsa mutloq va vahimali qorong‘ilikka singib ketdi. Faqat yuragimning dukillashi eshitilardi.

Keyin kutilmaganda qo‘limdagi telefon ekrani yorishib ketdi. Ekranda bitta noma’lum raqamdan xabar paydo bo‘ldi:

“QIZGA ISHONMA.”

Qo‘llarim muzlab, telefonni tushirib yuborishimga sal qoldi. Kim yozdi? Axir bu yerda, bu la’nati o‘rmonda tarmoq mutloq yo‘q edi-ku! Hech qanday signal bo‘lmagani holda xabar qanday kelishi mumkin?

Qiz telefonimning yorug‘ligiga qaradi. Uning yuzidagi o‘sha sokinlik va ulug‘vorlik birdan yo‘qolib, o‘rnini g‘azab va qo‘rquv egalladi.

— U... U ham seni topibdi, — pichirladi u vahima ichida.

— Kim? Kim haqida gapiryapsiz?!

Savolim javobsiz qoldi. Avtobus g‘ildiraklari faryod chekkandek g‘iyqillab, keskin burildi. Deraza ortida o‘rmon g‘oyib bo‘lib, ulkan, qadimiy bino ko‘rindi. Goti uslubidagi, qorong‘i va go‘yo asrlar davomida tashlab ketilgan qasrga o‘xshardi.

Bino oldidagi daraxtlar va maysalar ustida yuzlab, balki minglab qora qushlar to‘plangan, ular o‘likdek jim o‘tirishardi.

Avtobus silkinib to‘xtadi. Haydovchi safardan beri birinchi marta sekin ortiga o‘girilib, menga qaradi. Ammo uning yuzini baribir ko‘ra olmadim — qora, quyuq soyalar uning chehrasini niqobdek qoplab turardi.

— Tush, — buyurdi u qat’iy ohangda.

— Yo‘q! Men bu vahimali joyga tushmayman!

— Agar shu yerda qolsang, ular seni topadi. Va bu safar butunlay yo‘q qiladi.

— Kimlar ?! Menga tushuntiring!

Haydovchi uzun qo‘lini eshik tomon uzatdi. Eshik g‘iyqillab ochildi.

— Sen unutganlar. Sen xiyonat qilganlar.

Avtobus eshiklaridan ichkariga vahshiy sovuq shamol va chirigan xazon hidi urildi. Tashqaridagi qora qushlar xuddi buyruq olgandek, bir vaqtda qanot qoqib osmonga ko‘tarildi. Ularning minglab qanot ovozi butun borliqni dahshatli g‘o‘vullashga to‘ldirdi.

Men eshik oldida, arosatda qotib qoldim. Shunda cho‘ntagimda telefonim yana xavfli ohangda titradi.

Yangi xabar:

“Avtobusdan tushma.”

Miyam parchalangandek bo‘ldi. Birinchi xabar: “Qizga ishonma.” Ikkinchi xabar: “Avtobusdan tushma.”

Haydovchi esa qat’iy ohangda takrorlardi:

— Tush.

Qiz qo‘lidagi kumush kalitni bag‘riga mahkam bosgancha, ko‘zlaridan qora yosh oqib pichirladi:

— Agar hozir tushmasang, hamma narsa tugaydi. U seni zanjirlab qo‘yadi.

Men kimga ishonishni, qayerga qochishni bilmasdim. Telefonga qaradim... So‘ng ochilgan va zulmat aralash qushlar uchayotgan eshik tomon... Keyin esa o‘sha qora ko‘zli jonzotga...

Shu dahshatli lahzada avtobusning eng orqa tomonidan kimningdir past, ammo o‘ta sovuq kulgisi eshitildi. Bu kulgi misolida o'tmish xotiralari jonlanadi.

Dahshat ichida ortimga burildim. Avtobus ichi bo‘m-bo‘sh edi. Faqatgina eng oxirgi o‘rindiqda oppoq ko‘ylak kiygan kichkina qizcha o‘tirardi. Uning qo‘lida chetlari yirtilgan eski bir surat bor edi.

Qizcha sekin suratni menga uzatdi. Suratda men bor edim... Biroq yonimda jilmayib turgan insonning butun yuzi dahshatli tarzda qora siyoh bilan chizib tashlangan, o‘chirib yuborilgan edi.

Kichkina qizcha menga qarab g‘amgin pichirladi:

— Sen uni tashlab ketgansan. Uning yuzini xotirangdan o‘chirgansan.

Men suratga dahshat bilan tikilib qoldim. Boshi berk koachaga kirgandek edim.

— Men uni tanimayman! Bu men emasman!

Qizcha boshini sekin esizgandek chayqadi:

— Hali ham eslay olmaysan... Vaqt tugamoqda.

Shu payt avtobus ichidagi barcha chiroqlar bir vaqtda ko‘zni qamashtiradigan darajada yorqin yondi. Ko‘zlarimni qisib, derazadan tashqariga qaradim va dahshatdan qichqirib yuborishimga sal qoldi.

Tashqarida o‘rmon ham, yo‘l ham yo‘q edi! Avtobus o‘sha ulkan, qadimiy binoning ichida, gumbazli ulkan zalning markazida turardi.

Va zaldagi ulkan darvoza oldida kimdir bizni kutib turardi. Uning ustida qora plash, qo‘lida esa qora soyabon. Yuzini zulmat berkitib turgani uchun ko‘rib bo‘lmasdi.

Biroq u boshini sekin ko‘tardi va nigohini to‘g‘ri mening ko‘zlarimga qadadi. Butun zal bo‘ylab uning qadam tovushlari eshitildi. U qo‘lini asta ko‘ksiga qo‘ydi.

Va menga qarab ta’zim qilib, sekin egildi:

— Xush kelibsan, biz yillar davomida sog‘ingan malikamiz...

2-epizod tamom.