Arlot
Qilich va sehr hukmronlik qilgan qadimiy davrda Arlot ismli 16 yoshli o‘smir yashardi. U sehrdan bebahra bo‘lsa-da, qilichbozlikda juda mohir edi. Uning suyukli 9 yoshli singlisi va mehribon oilasi bor edi.
Bir kuni ularning tinch qishlog‘iga shafqatsiz hujum uyushtirildi. Ko‘plab begunoh insonlar halok bo‘ldi. Arlot oilasini himoya qilish uchun qo‘liga qilich olib, jangga kirishdi. Biroq to‘qnashuv avjida Malgrath ismli nihoyatda qudratli sehrgar unga dahshatli la'nat yubordi.
Bu oddiy afsun emasdi — la'nat Arlotning ongini xiralashtirib, avvalo o‘zining eng yaqin insonlarini, keyinchalik esa yo‘lidan chiqqan barchani o‘z qo‘llari bilan mahv etishga majbur qilardi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Arlot o‘zini boshqara olmay qoldi. Oxir-oqibat, u singlisi va barcha yaqin insonlaridan ayrildi. Shu kundan boshlab uning hayoti butunlay o‘zgardi.
Oradan 1–2 yil o‘tdi. Arlot qishlog‘ini tark etgan, dunyo bo‘ylab yolg‘iz kezib yurardi. Uning hech kimi qolmagandi. U faqat bitta narsani istardi: Malgrathni topish va undan qasos olish.
Uning boshiga qidiruv e'lon qilingan edi, chunki la'nat xuruj qilgan paytlarda ko‘plab insonlar uning qilichi ostida halok bo‘lgandi. Ko‘chalarda odamlar uni ko‘rishi bilan bir-biriga pichirlashardi:
— Bu o‘sha bola emasmi?
— Ha, o‘z oilasini o‘ldirgan qilichboz...
— Undan uzoqroq yur, u xavfli.
Arlot esa yuzini niqob bilan berkitib yurardi. U odamlarning nigohlariga qarashni ham istamas, o‘zini oqlashga ham urinmasdi — axir, nima bo‘lganini baribir hech kim tushunmasdi.
Yana uch yil o‘tdi. Arlot nihoyat Malgrath haqida ma'lumot topdi. Sehrgar ulkan, qadimiy va xaroba qasrda yashar, umrining katta qismini insonlarni la'natlash va qorong‘u sehrlarni o‘rganishga sarflagan edi. Arlot uzoq yo‘l bosib, nihoyat o‘sha qasrga yetib keldi.
Qasr ichida og‘ir sukunat hukm surardi. Devorlar nuragan, atrof esa zim-ziyo edi. Arlot katta zalga kirganida, taxtga o‘xshash baland o‘rindiqda bir kishi o‘tirardi. Bu Malgrath edi.
Malgrath Arlotga qarab sovuqqonlik bilan kulimsiradi:
— O‘h-ho‘... Yana bir qurbonim o‘z oyog‘i bilan kelibdi-ku.
— SEN LA'NATI! — deya hayqirdi Arlot.
— Shoshilma, jahlingni tiy. Hali gaplashishga vaqtimiz yetarli, — dedi Malgrath xotirjamlik bilan.
— Sen... Sen mening hayotimni barbod qilding! Oilamni, singlimni, barcha yaqinlarimni mendan tortib olding!
— Menmi? Men senga faqat kichik bir la'nat bergandim, xolos. Qolganini esa o‘zing bajarding.
Arlot qilichining dastasini qattiq siqdi:
— Besh yil... Men besh yil davomida seni izladim. Faqat seni topish uchun yashadim!
— Demak, shuncha vaqt meni deb yashadingmi? Qanchalik achinarli... — deya kuldi sehrgar.
Arlot qilichini qinidan sug‘urdi:
— Bu qilichim bilan yuzlab insonlar halok bo‘ldi. Ularning orasida singlim ham, men sevgan barcha insonlar ham bor!
— Ha, eslayman, juda qiziqarli la'nat edi, — dedi Malgrath qo‘lini ko‘tarar ekan. — Xo‘sh, endi nima qilmoqchisan? Ularning hammasi allaqachon o‘lgan. Kel, seni ham ularning yoniga yuboraman!
Zal ichida kuchli qora sehr chaqnadi. Arlot bir zumda chetga sakrab, hujumdan omon qoldi.
— O‘lishimdan oldin yana bir odamni yo‘q qilaman. Bu safar... o‘sha odam sensan! — deya tashlandi u.
Shundan so‘ng shafqatsiz jang boshlandi. Arlot qilichbozlikda juda tajribali edi. U besh yil davomida jang qilib, ko‘plab raqiblarni yenggan, la'nat esa uni avvalgidan ham kuchliroq qilib qo‘ygandi. Ammo Malgrath oddiy sehrgar emasdi — uning afsunlari nihoyatda qudratli, harakatlari esa oldindan aytib bo‘lmas darajada edi.
Arlot bor mahoratini ishga soldi. U bir necha bor Malgrathga yaqinlashishga muvaffaq bo‘ldi, biroq har safar sehrgar uning hujumlarini osonlikcha qaytarardi. Jang uzoq davom etdi. Arlotning kuchi asta-sekin tugab borar, Malgrath esa hanuz o‘z qudratining katta qismini ishlatmagandi.
Nihoyat, Malgrathning dahshatli sehri Arlotni yerga qulatdi. Og‘ir jarohatlangan Arlot yerda yotar, qo‘lidagi qilich ham undan uzoqlashib ketgandi. U shiftga qarab, zo‘rg‘a pichirladi:
— Men... yutqazdimmi? Lekin... hali qasosimni ololmadim-ku...
Malgrath uning yoniga kelib, ustidan kuldi:
— Shuncha yil... Faqat meni o‘ldirish uchun yashadingmi? Qanday befoyda hayot.
Arlot javob bermadi.
— Sen o‘zingni qahramon deb o‘yladingmi? Yo‘q. Sen shunchaki mening la'natimning navbatdagi qurboni eding, — dedi sehrgar.
Arlot oxirgi bor nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo ovozi chiqmadi. Uning ko‘zlari asta yumildi. Shu tariqa Arlotning hayoti yakunlandi.
Malgrath uning jasadiga bir muddat befarq qarab turdi-da:
— Yana bittasi... — deya pichirladi.
U Arlotning tanasini qasrdan tashqariga olib chiqishni buyurdi. Keyinchalik uning jasadi yovvoyi hayvonlarga yem bo‘ldi. Malgrath esa hech narsa bo‘lmagandek yana o‘z taxtiga qaytdi.
U uchun bu shunchaki navbatdagi kun edi. Ammo Arlot uchun bu butun bir umr edi. U sehrgar bo‘la olmadi, qahramon ham bo‘la olmadi, hatto qasosini ham ololmadi. U shunchaki tinch yashashni istagan, ammo la'nat tufayli butun hayotidan ayrilgan bola edi.
Ba'zan insonning eng katta dushmani uni yomon ko‘radigan odam emas, balki o‘zi nazorat qila olmaydigan taqdirdir.
By: Senpai