August 7

SOʻNGGI YOʻL

By: Ayaka

3-epizod

Unutilgan saroy

— Xush kelibsan, malikamiz... — Bu so‘zlarni eshitganim zahoti qo‘llarim muzlab qoldi.

Malika? Men oddiy universitet talabasi bo‘lsam, nega begona inson meni shunday atayapti?

Avtobus eshigi ochiq turardi. Tashqaridagi ulkan bino qorong‘ilik ichida jim turar, devorlari esa vaqt o‘tishi bilan qorayib ketgandek ko‘rinardi. Bir qadam tashlashga jur’atim yetmadi.

Telefonim yana titradi. Ekranda yangi xabar paydo bo‘ldi: “Unga qarama.”

Men beixtiyor boshimni ko‘tardim. Qora soyabon ushlab turgan inson hanuz eshik oldida turardi. Yuzini ko‘rish qiyin, ammo uning nigohi menga qadalganini aniq his qilardim.

— Siz kimsiz?

Sukunat. Shamol binoning eski eshiklarini sekin qimirlatdi.

— Bu yer qayer?

Yana javob yo‘q. Orqamdan haydovchining og‘ir ovozi eshitildi:

— Tushishing kerak.

Men unga yuzlandim:

— Nega?

Haydovchi o‘rnidan turdi. Uning bo‘yi juda baland, kiyimlari esa qorong‘ilik bilan birlashib ketgandek edi.

— Chunki sen bu yerga qaytib kelding, — dedi u vazminlik bilan.

— Men bu yerga ilgari kelmaganman!

U bir necha soniya jim turdi:

— Xotiralaring boshqacha fikrda.

Ichimdan sovuq o‘tdi. Men hech narsani tushunmasdim. Telefonimdagi xabarlarga qaradim. Kimdir qizga ishonmaslikni aytyapti, keyin avtobusdan tushmaslikni buyurdi. Ammo haydovchi va noma’lum inson meni binoga olib kirmoqchi. Kim yolg‘on gapiryapti?

Deraza yonida o‘tirgan qiz o‘rnidan turdi. U qo‘lidagi kumush kalitni menga uzatdi:

— Buni ol.

Men kalitga qarab qoldim:

— Nima uchun?

— Chunki eshik seni kutyapti.

— Qaysi eshik?

Qiz jawab bermadi. Uning ortidagi oynada birdan yozuv paydo bo‘ldi: “UNUTGANINGNI ESLA.” Yozuv bir necha soniya turdi-da, so‘ng asta yo‘qoldi.

Men yana telefonimga qaradim. Batareya bir foiz. Oxirgi xabar kelgan edi: “Agar kalitni olsang, ortga qaytolmaysan.”

Qiz hali ham kalitni uzatib turardi. Men qo‘limni cho‘zdim.

Barmoqlarim kalitga tegishi bilan butun avtobus titrab ketdi. Ko‘zlarim oldida yorqin nur paydo bo‘ldi. Bir lahzaga atrof yo‘qoldi va men o‘zimni boshqa joyda ko‘rdim:

Katta bog‘. Oq gullar. Uzoqda baland saroy... Saroy oldida kichkina qiz yugurib yurardi. Uning qo‘lida xuddi shu kumush kalit bor edi. Qiz birdan to‘xtadi, so‘ng menga yuzlandi. Bu men edim! Ammo u meni ko‘rib qo‘rqmadi. Kulib, qo‘lini ko‘tardi:

— Men seni kutdim, — dedi u.

Atrof birdan qorong‘ilashdi. Bog‘dagi gullar birin-ketin qoraya boshladi. Saroy eshiklari qattiq yopildi. Keyin kimdir kichkina qizning qo‘lidan ushladi. Men uning yuzini ko‘ra olmadim, faqat qora kiyim va uzun sochlarni payqadim.

Kichkina qiz menga qarab qichqirdi:

— Meni tashlab ketma!

Ko‘zlarimni ochdim. Yana avtobus ichida turardim. Qo‘limdagi kalit muzdek edi. Nafasim tezlashib ketdi.

— Bu nima? — so‘radim arang.

Qiz menga tikildi:

— Sening birinchi xotirang.

— Men hech narsani eslamayman.

— Shuning uchun seni qaytarishdi.

Avtobus tashqarisidagi bino eshigi sekin ochildi. Ichkaridan uzun yo‘lak ko‘rindi, devorlarda eski suratlar osilib turardi. Men suratlarning biriga qaradim. Unda katta oila tasvirlangan edi. O‘rtada turgan yosh qizning qo‘lida o‘sha kumush kalit bor edi. Qizning yuzi menga juda o‘xshardi.

Suratning pastida bitta yozuv bor edi: “Sharq malikasi — yo‘qolgan voris.”

Yuragim qattiq ura boshladi:

— Bu men emas...

Shu payt bino oldidagi qora soyabonli inson yaqinlashdi. U soyabonini sekin yopdi. Yuzini ko‘rishim bilan nafasim ichimga tushib ketdi. Men uni tanirdim! Ammo bu mumkin emas... Chunki u odam bir necha yil oldin yo‘qolgan edi.

U menga qarab kulimsiradi:

— Nihoyat meni eslay boshlading. — U qo‘lini uzatdi: — Uyga qaytish vaqti keldi.

3-epizod ending